O‘zbekiston | 12:29 / 03.01.2024
14483
17 daqiqa o‘qiladi

O‘tgan asr 60–70-yillarida AQShda ko‘p uylar nega past va yer ichiga kirgizib qurilgan? – “Zakovat” o‘yinidan reportaj

Alisher Navoiy: “Bir bo‘l-u, bir ko‘r, bir de, bir tila, Mayl qilma bunda ikkilik bila” – deya odamlarni nimadan qaytargan? Rumiy kibrlilarga: “Ey inson, agar Kahf tog‘idek katta bo‘lsang ham, U uchun sen kichiksan” deganda nimani nazarda tutgan? “Zakovat” teleo‘yini qishki mavsumining to‘rtinchi o‘yinida Bobur Yoqubov jamoasi ishtirok etdi.

Foto: Zakovat intellektual klubi

Jamoa a’zolari (suratda chapdan o‘ngga):

Eldar Asanov - filolog;

Orif Tolipov - sport sharhlovchisi;

Bobur Yoqubov - shifokor (jamoa sardori);

Furqat Qurbonov - iqtisodchi;

Shahnoza Soatova - Adliya vazirligi xodimi;

Nurbek Alimov - xalqaro munosabatlar eksperti.

O‘yinni suratga olish jarayonidan lavhalar

Bobur Yoqubov jamoasi 2023 yilning qishki mavsum to‘rtinchi o‘yinida ishtirok etadi.

1-raundda XX asr 80-yillari Toyota kompaniyasi Lexus LS 400 avtomobil modelini Yevropaga sota boshlaganida modelning ovozi bilan muammo paydo bo‘lgani, bu muammoni hal qilishda qaysi kompaniya yordam bergani haqida savol o‘ynaldi. Jamoa muhokamani to‘g‘ri yo‘nalishda olib borganiga qaramay, to‘g‘ri javobga yetib bora olmadi. Hisob – 0:1.

2-raundda Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” asarida: “Bir bo‘l-u, bir ko‘r, bir de, bir tila, Mayl qilma bunda ikkilik bila” – deya odamlar nimadan qaytarilgani haqidagi savol o‘ynaldi. Muhokama so‘ngiga borib Eldar Asanov va Shahnoza Soatova to‘g‘ri javobni aytgan bo‘lsa-da, yakunda boshqa variant berib yuborildi. Hisob – 0:2.

Jamoa a’zosi Eldar Asanov

3-raundda Moskva metrosida metro bekatlari kunning ma’lum vaqtlarida audioyozuv bo‘lsa ham, nega metro haydovchilari o‘zlari mikrofon olib o‘z ovozlari bilan e’lon qilishlari haqida savol o‘ynaldi. Furqat Qurbonov ushbu savolga to‘g‘ri javobni aytgan bo‘lsa-da, javobni butunlay boshqacha izohlab berdi va oqibatda bu raundga ham ochko berilmadi. Hisob – 0:3.

Jamoa a’zosi Furqat Qurbonov

4-raundda futbol bo‘yicha Argentinadagi jahon chempionatida chiptalar narxining oshib ketishiga qarshi kurash doirasida mamlakat bo‘yicha har yili amalga oshiriladigan qaysi jarayonni bir oy oldin amalga oshirishgani so‘raldi. Ushbu savolda jamoa javobga juda yaqin kelgan bo‘lsa-da, oxirgi nuqtani qo‘yadigan topilmadi. Natijada hisobni yanada qaltislashtirmaslik uchun klub yordamida foydalanildi. Shu tariqa jamoa ilk ochkosini qo‘lga kiritdi. Hisob – 1:3.

Jamoa sardori Bobur Yoqubov

5-raundda XIX asr o‘rtalarida yaratilgan nimaning qadog‘ida avval qiziqarli suratlar aks ettirilgani, ammo omma noroziligi bilan keyinchalik bu suratlardan voz kechilgani haqidagi savol o‘ynaldi. Ushbu savolda Shahnoza Soatova faollik ko‘rsatib, jamoaga ikkinchi ochkoni keltirdi. Hisob – 2:3.

Jamoa a’zosi Shahnoza Soatova

Keyingi raundda Jaloliddin Rumiyning kibri baland insonlarga qarata: “Ey inson, agar Kahf tog‘idek katta bo‘lsang ham, U uchun sen kichiksan” deganda nimani nazarda tutgani haqidagi savol berildi. To‘g‘ri olib borilgan muhokama natijasida jamoa hisobni tenglashtirishga erishdi. Hisob – 3:3.

7-raundda adabiyotga oid savollardan iborat blits savollarida jamoa yaxshi ishladi, biroq blitsning uchinchi savoliga noto‘g‘ri javob berilishi oqibatida ochkoni boy berdi. Hisob – 3:4.

8-raundda tungus oilalarida ovqatlanish vaqtida dasturxonga avval erkaklar o‘tirib to‘yib ovqatlangani, ayollar esa qorinlari to‘yib ovqat yeyishmagani oqibatida ozg‘in va chaqqon bo‘lishgani, bunday ovqatlanish tartibi ularda nega joriy etilgani so‘raldi. O‘yinni tiklab olgan jamoa bu savolga ham adashmay javob berdi. Savolning olinishiga sport sharhlovchisi Orif Tolipov alohida jonbozlik ko‘rsatdi. Hisob – 4:4.

Jamoa a’zosi Orif Tolipov

Keyingi raundda AQShda 60–70-yillarda nega ko‘p uylar past qilib qurilgani haqidagi savol o‘ynaldi. Nurbek Alimov bu raundda yaxshi mantiq yuritgan bo‘lsa-da, javob biroz boshqacha bo‘lib chiqdi. Hisob – 4:5.

Jamoa a’zosi Nurbek Alimov

10-raundda qadimgi Misrdagi qurilish jarayoni haqida qiziqarli savol o‘ynaldi. Afsuski, jamoaning bu raunddagi javobi ham noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi va bu o‘yin ham bilimdonlarning mag‘lubiyati bilan yakunlandi.

Shunday qilib, mavsumning to‘rtinchi o‘yini Bobur Yoqubov jamoasining 4:6 hisobidagi mag‘lubiyati bilan tugadi. Ushbu hisob jamoaning keyingi mavsumga o‘tishini ta’minlagan bo‘lsa-da, finalga chiqish imkoniyatidan mahrum qildi.

O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin.

1-raund. Savol muallifi: Diyora Rahmatullayeva, Toshkent, Mirzo Ulug‘bek tumani

Boshlovchi: XX asrning 80-yillari Toyota kompaniyasi Lexus LS 400 avtomobil modelini Yevropaga sota boshlaydi. Ammo yevropaliklarda modelning ovozi, shovqinli bo‘lgani uchun Lexus’ga talab past bo‘ladi. Muammoni tushungan Toyota rahbariyati tezlik bilan buni bartaraf etadi. Kompaniyaga muammoni bartaraf etishda 1887 yilda Torokuso ismli inson tashkil etgan firma yordam beradi.

Diqqat savol: U qaysi firma edi?

Javobni Nurbek Alimov beradi: Lexus LS 400 mashinasiga birinchi marta Pioner kompaniyasining magnitofonlari qo‘yilishni boshlagan.

To‘g‘ri javob: Vikipediyada u firma haqida shunday yozilgan: Musiqa asboblari ishlab chiqaruvchi, ovoz kuchaytirgich va akustika sistemasi bilan shug‘ullanadi. Bu firma Yamaha edi. Yamaha yaxshi pul evaziga Toyota’ga yordam bergan.

Hisob: 0 - 1

Savol muallifi Diyora Rahmatullayeva 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

2-raund. Savol muallifi: Shavkat Abdullayev, Chust tumani, Namangan

Boshlovchi: Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” asaridan parcha:

– Bir bo‘l-u, bir ko‘r, bir de, bir tila,

– Mayl qilma bunda ikkilik bila.

Hazrat bu misralar orqali odamlarni nimadandir qaytarmoqchi bo‘lganlar.

Diqqat savol: she’rda nima haqida so‘z ketgan? Odamlarni nimadan qaytarganlar?

Javobni Eldor Asanov beradi: Xudoning birligiga qarshi shirk keltirish, uning birligiga qarshi fikr aytish xavfidan ogohlantirilyapti.

To‘g‘ri javob: Ikkiyuzlamachilik qilmaslikni so‘raganlar.

Hisob: 0 - 2

Savol muallifi Shavkat Abdullayev 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

3-raund. Savol muallifi: Ulug‘bek Ismoilov, Farg‘ona viloyati, Rishton tumani

Boshlovchi: Eng uzun metropolitenlardan biri Moskva metrosi hisoblanadi. Butun dunyoda metro bekatlari e’loni audioga yozib olinib, har bekatda qo‘yib boriladi. Moskva yerusti metrolarda ham bu odat amal qiladi. Ammo kunning ma’lum vaqtlarida audioyozuv bo‘lsa ham, metro haydovchilari o‘zlari mikrofon olib o‘z ovozlari bilan ya’ni jonli tarzda e’lon qilishadi.

Diqqat savol: Kunning qaysi vaqtlarida va nega mashinistlar o‘zlari e’lon qilishadi?

Javobni Furqat Qurbonov beradi: Kunning ikki paytida, ya’ni ertalab va kechki vaqtda, odam tig‘iz paytda audio eshittiriladi.

To‘g‘ri javob: Ertalab va kechki vaqtlarda ko‘pchilik uxlab kelib, uxlab ketadi. Qattiq-qattiq gapirib ularni uyg‘otish uchun.

Hisob: 0 - 3

Savol muallifi Ulug‘bek Ismoilov 3 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

4-raund. Savol muallifi: Akmal Oripov, Toshkent shahri, Shayxontohur tumani

Boshlovchi: 1978 yildagi futbol bo‘yicha jahon mundiali Argentinadagi 5 ta shaharda bo‘lib o‘tgan. Barcha chempionatlarda doimo bitta muammoga duch kelinadi. Chiptalar narxi oshib ketish muammosi. Bu holatni o‘rgangan chempionat tashkilotchilari chiptalar oshib ketmasligi uchun chiptalarni tijorat kioskalarida emas, Argentina Milliy banki bosh ofislarida va filillarida sotuvini amalga oshirgan. Chiptalar narxining oshib ketishiga bir sabab bo‘lgan. Aynan shu sababli ham mamlakat bo‘yicha har yili amalga oshiriladigan bir jarayonni bir oy oldin amalga oshirishgan.

Diqqat savol: U qanday jarayon?

Jamoa klub yordamidan foydalandi.

Javobni Bobur Yoqubov beradi: O‘ylashimizcha, talabalarning sessiyasini bir oy oldin tugatib uylariga jo‘natvorishgan, ular yo‘lda olibsotarlik qilmasligi uchun.

To‘g‘ri javob: Doimgidek hamma kioskalarda emas, markaziy bank ofislarida sotila boshlangan. Bu o‘z-o‘zidan kattagina navbat tashkil etgan. Ilgaridan bunday hollarda talabalar asosiy figura bo‘lishgan. Soatlab bo‘lsa ham qayta-qayta turib, chiptalarni sotib olishib, keyin bir necha bor qimmatiga sotishadi. Hukumat bilet sotuvigacha ularni uylariga jo‘natib yuborgan.

Hisob: 1 - 3

Savol muallifi Akmal Oripov 3 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

5-raund. Savol muallifi: Zilola Komilova, Toshkent viloyati Angren shahri

Boshlovchi: Marhamat “Zakovat” sandiqchasi olib chiqilsin!

Endi ekranga qarang.

Sandiqchadagi XIX asr o‘rtalarida yaratilgan. Ekrandagi suratlar almashuvchi deyiladi. Dastlab sandiqchadagi va bu suratlar uyg‘un bo‘lgan. Tez orada bu uyg‘unlikdan voz kechiladi. Ommaning noroziligi sababli voz kechiladi.

Diqqat savol: Angrenlik Zilola Komilova so‘rayaptilar, ayting-chi sandiqchada nima bor?

Javobni Shahnoza Soatova beradi: Sandiqchada gugurt bor.

To‘g‘ri javob: Voz kechilishiga sabab, bu chiroyli suratlar sandiqchadagilarning ustida bo‘lgan. Bu esa bolalarni qiziqtirib qo‘ygan. Anchayin xavfli bo‘lgan sandiqchadagiga bunaqa qiziqarli suratlar yopishtirishdan voz kechilgan. Endi sandiqchani ochamiz – unda gugurt bor. Bir paytlar gugurt qutisi tepasiga shu kabi qiziq-qiziq suratlar yopishtirilgan.

Hisob: 2 - 3

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

6-raund. Savol muallifi: Mirzatilla Shonazarov, Toshkent shahri

Boshlovchi: Azaldan inson martabaga intilgan. Ammo dunyoni zabt etsa-da, uyida rayhon tagini chopib yashagan xokisor zotlar ham bo‘lgan. Bu savolning prologi hisoblanadi. Endi savolga o‘tamiz.

Jaloliddin Rumiy kibri baland insonlarga aytadi: “Ey inson, agar Kahf tog‘idek katta bo‘lsang ham, U uchun sen kichiksan”.

Diqqat savol: Rumiy nazarda tutgan Uni toping.

Javobni Furqat Qurbonov beradi: Qabrdan kichiksan.

To‘g‘ri javob:" Ey inson, agar Kahf tog‘idek katta bo‘lsang ham, tobutingga kafaningga kichiksan" – degan.

Unutma, qilgan har bir yaxshi-yomon amaling, o‘zingga ziyodasi bilan qaytgay degan.

Hisob: 3 - 3

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

7-raund. Blits savollari.

1-savol muallifi: Zarina Boltayeva, Buxoro shahri

Mavzu: Adabiyotdan topganlarim.

Boshlovchi: Yavdat Ilyosovning bu romani bosh qahramoni g‘aroyib fe’li bilan ajralib turadi. U bo‘lg‘usi suyukli xotini Zarani ertalab ko‘rib, kechqurun to‘y qilib uylangan.

Diqqat savol: Qaysi tarixiy shaxs?

Javobni Eldor Asanov beradi: Spitamen

To‘g‘ri javob: Spitamen.

2-savol muallifi: Zarina Boltayeva, Buxoro shahri

Mavzu: Adabiyotdan topganlarim.

Boshlovchi: “Kapitan Grant bolalari” asarini o‘qib chiqqanimdan keyin deydi savol muallifi, o‘zim sig‘adigan kema yasab olganman. Har gal xuddi asar qahramoni singari bir jarayon boshlanishi bilan kemaga kirib olardim”, – deb yozadi.

Diqqat savol: Qanday jarayondan keyin kemasiga kirib olgan?

Javobni Shahnoza Soatova beradi: Momaqaldiroq chaqib, yomg‘ir yog‘gandan keyin.

To‘g‘ri javob: Yomg‘ir yog‘gandan keyin.

3-savol muallifi: Zarina Boltayeva, Buxoro shahri

Mavzu: Adabiyotdan topganlarim.

Boshlovchi: “Shoir Matnazar Abdulhakim she’riyatini yoqtiraman”, – deydi savol muallifi: Bir she’rlaridan parcha:

Olisdagi qoplon sezar bu o‘limni,

Faryodi uning-da boshiga yetar.

So‘nggi qoplon o‘ldi. Endi bu motamdan

U battar qizarib ketar.

Diqqat savol: Uning nima ekanligini 2 ta so‘zda toping.

Javobni Bobur Yoqubov beradi: Botayotgan quyosh

To‘g‘ri javob: Qizil kitob

Hisob: 3 - 4

Savol muallifi Zarina Boltaboyeva 4 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

8-raund. Savol muallifi: Abdulaziz Do‘stmuhammad

Boshlovchi: XX asr o‘rtalarida Sibirning sovuq hududlarida yashovchi Tungus xalqini o‘rganishga borgan tadqiqotchilar ularning qiziq bir odatiga duch kelishgan. Tungus oilalarida ovqatlanish vaqtida dasturxonga avval erkaklar o‘tirib to‘yib ovqatlanishgan. So‘ngra qolgan qutgan ovqatlarni ayollar yeyishgan. Ko‘pchilik ayollar qorinlari to‘yib ovqat yeyishmagan. Shundanmi, ayollar ozg‘in va chaqqon bo‘lishgan.

Diqqat savol: Nima uchun ularda bunday ovqatlanish tartibi joriy etilgan?

Javobni Orif Tolipov beradi: Qandaydir xavf tug‘ilganda, ayollar qochishi oson bo‘lishi uchun chaqqon va ozg‘in holatda saqlanishi kerak bo‘lgan.

To‘g‘ri javob: Sibirda nima ko‘p yirtqich jonzotlar ko‘p. Erkaklarni hammasi bug‘u boquvchi cho‘pon va ovchi. Ularni qo‘lida albatta miltiq bo‘lgan. O‘zlarini himoya qila olishgan. Ayollar bu holatdaga tushib qolsa tez qochib berkinmog‘i kerak. Buning uchun ayollar ozg‘in va chaqqon bo‘lishlari talab etiladi. Shundan ataylab ko‘p ovqat yeyishlmagan, tabiiy sharoit majbur qilgan.

Hisob: 4 - 4

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

9-raund. Savol muallifi: Muhammadin Ismoil, Toshkent shahri Yashnobod tumani

Boshlovchi: Bu kabi uylar AQShda XX asrning 60–70-yillarida ko‘plab quriladi.

Diqqat savol: Nima maqsadda bunday uylar qurilgan? Nega 80-yillardan keyin bunday uylar qurilmay qo‘ygan?

Javobni Nurbek Alimov beradi: Bunaqa uylarni sovuq urush davrida, ayniqsa, Karib inqirozidan keyin yadro urushidan qo‘rqqan odamlar bunker sifatida qurishgan.

To‘g‘ri javob: O‘sha paytlarda AQShda energiya inqirozi yuzaga kelgan. Uyning bunday chuqur qurilishi isitish va sovitish harajatlarini tejash uchun edi.

Hisob: 4 - 5

Savol muallifi Muhammadin Ismoil 5 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

10-raund. Savol muallifi: Qahramon Aslanov, Qo‘qon

Boshlovchi: Ekranga qarang!

Suratda Misrdagi hukmdorlardan birining 60 tonnalik haykalini 172 kishi tomonidan sudrab borishi aks etgan. 172 kishi tortayotgan bu suratda bir kishini suratini oq rang bilan berkitib qo‘yilgan, uning bu jarayonda alohida xizmati bor.

Diqqat savol: U bu jarayonda qanday vazifani bajaryapti, deb o‘ylaysiz?

Javobni Furqat Qurbonov beradi: Yashirib qo‘yilgan inson qolgan pastdagi 172 nafar odamni qamchilab turgan.

To‘g‘ri javob: Haykal juda og‘ir u kishi harakatga yordam berayapti. Marhamat, ikkinchi suratni ko‘raylik.

U kishining vazifasi haykalni tagiga suv quyish. Nam yerda haykalni sudrash oson.

Hisob: 4 - 6

Savol muallifi Qahramon Aslanov 6 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Eng yaxshi savol muallifi - Qahramon Aslanov, Misr hukmdorlari haqidagi savol

Qahramon Aslanov 10 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

O‘yinning eng faol bilimdoni – Shahnoza Soatova 

Shahnoza Soatova 10 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

O‘yinning to‘liq videosini ushbu havolada tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid