Jahon | 11:50 / 03.01.2024
10790
2 daqiqa o‘qiladi

Putin tomonidan bir yilda imzolangan farmonlarning yarmi maxfiy bo‘lgan

2023 yilda Putin imzolagan 997 ta farmonning 49,5 foiziga maxfiylik maqomi berilgan, bu - rekord ko‘rsatkich.

Foto: kremlin.ru

Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan 2023 yilda imzolangan farmonlarning yarmi maxfiy bo‘lgan, deb yozadi «Mediazona» 2 yanvar, seshanba kuni normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy saytidagi ma’lumotlarga tayanib.

Prezident farmonlari ketma-ket raqamlanadi, «hisoblagich» esa har yil boshida nolga tenglashtiriladi. Shu tariqa, o‘tkazib yuborilgan raqamlarni sanab, qancha farmon maxfiy bo‘lganini tushunish mumkin, deb yozadi «Mediazona». 2022 yilda Ukrainaga hujum davrida bunday maxfiy farmonlarning ulushi 45 foizgacha oshgan. 2023 yilda bu ko‘rsatkich rekord darajadagi 49,5 foizga yetdi. Yashirin farmonlar harbiy xizmatchilarni mukofotlash va urushga jalb qilingan mahkumlarni afv etish uchun ham qo‘llanadi. 

Shu bilan birga, harbiy harakatlarning ikkinchi yilida Putin tomonidan imzolangan farmonlar umumiy soni deyarli o‘zgarishsiz qoldi. 2022 yilda - 996 ta, 2023 yilda - 997 ta farmon imzolangan. Putin maxfiy farmonlar bo‘yicha avvalgi rekordni 2001 yilda o‘rnatgan edi – o‘shanda, Ikkinchi chechen urushi avjida bu ko‘rsatkich 47 foizni tashkil etgan, deb hisoblaydi «Mediazona».

Mavzuga oid