O‘zbekiston | 17:06 / 04.01.2024
14985
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda chiqindilarni olib chiqib ketish tariflari o‘zgardi  

Toshkent shahar hokimining qarori bilan qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun yangi to‘lov tarifi tasdiqlandi. Yangi tarifga ko‘ra, endilikda poytaxt aholisi chiqindi uchun kishi boshiga bir oyda 7500 so‘mdan to‘laydi.

“Maxsustrans ishlab chiqarish boshqarmasi” DUK tomonidan Toshkent shahrida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun yangi tarif narxlari belgilandi. Yangi narxlar poytaxt hokimining 2024 yil 4 yanvardagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan.

Qarorda keltirilishicha, endilikda Toshkent shahrida kishi boshiga bir oyda 7500 so‘m “chiqindi puli” undiriladi. Budjet, yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlarga 1 metr kub chiqindi uchun to‘lov miqdori 89 977 so‘mni tashkil qiladi. 1 tonna suyuq va qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun budjet, yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlardan 188 808 so‘m undiriladi.

Hozirgi kungacha amal qilgan tarifda aholi uchun kishi boshiga bir oyda 4500 so‘m, budjet tashkilotlari va korxonalarga 53 986 so‘m, suyuq va qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun budjet hamda xo‘jalik korxonalariga 20 174 so‘m narx belgilangandi.

Mavzuga oid