Jahon | 22:14 / 04.01.2024
15064
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoydagi ishsizlik: Talabalar diplomning qadri tushib ketganidan shikoyat qilmoqda

Iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi sabab Xitoyda rekord miqdordagi yoshlarning ishsizligi kuzatilmoqda. O‘n minglab talabalar mehnat bozoridan yaxshi ish topolmasligidan xavotirda. Bitiruv onlari ayrim studentlar uchun bayram emas, stressga aylangan. Buni ular ishtirokida olingan istehzoli suratlarda ham ko‘rish mumkin.

Foto: Xiaohongshu

2023 yil yozida Xitoyda 11,6 million talaba kollejlarni tamomlab, mehnat bozoriga kirishi kutilayotgandi. Ammo so‘nggi 3 yilda mamlakatning iqtisodiy o‘sishidagi sekinlashuv sabab rekord darajada ishsizlik yuzaga kelgan. Xususan, shaharlarda 16 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lganlarning ishsizligi 21,3 foizga yetgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirga kelib bu ko‘rsatkich yanada oshgan bo‘lishi mumkin, chunki Xitoy milliy statistika byurosi xalqaro reytinglardan tushib ketmaslik uchun ishsizlik darajasini e’lon qilmay qo‘ygan. Ammo amaldagi holatda bu raqamlar oshganini va hatto talabalarga salbiy ta’sir qilganini kuzatish mumkin.

Masalan, o‘tgan o‘quv yili bitiruvchilari uchun diplom olish jarayoni bayram shukuhi bilan o‘tmagan, oliy ma’lumotli, diplomli kadrlarning mehnat bozoridan ish topolmayotgani ularning kayfiyatini ancha tushirgan. Internetga bunga dalolat qiluvchi qator suratlar tarqalgan.

Foto: Xiaohongshu
Foto: Xiaohongshu

UNICEF'ning ogohlantirishlariga ko‘ra, Xitoyda kuzatilayotgan yoshlar ishsizligi hal etilmasa, vaqt o‘tgan sari mamlakatda tartibsizliklar kelib chiqishiga zamin yaratishi mumkin. Dunyodagi ikkinchi eng yirik iqtisodiyotda bunday bo‘lishi nafaqat ichki, balki xalqaro darajada, ayniqsa Xitoy bilan eng qalin savdo aloqalariga ega mamlakatlarda ham o‘z ta’sirlariga ega bo‘ladi.

Ishsizlik ayniqsa koronavirus pandemiyasi oqibatida avj olgan edi. Hukumat xususiy va davlat korxonalari ko‘proq xodimlarni ishga olish uchun subsidiyalar ajratish, kollejlar va universitetlar zimmasiga bitiruvchilarni ishga joylash bo‘yicha ko‘proq majburiyatlar yuklash hamda boshqa choralarni ko‘ryapti, lekin shaharlar aholisining 80 foizini ish bilan ta’minlayotgan xususiy kompaniyalarga bu choralar yetarli bo‘lmayapti – ular qattiq karantin oqibatlaridan hamon o‘ziga kela olmagan.

The Conversation'ning yozishicha, bu jarayonda boshqa mamlakatlardagi muvaffaqiyatli tashabbuslar, masalan, Germaniyaning ikki tomonlama kasbiy ta’lim tizimini implementatsiya qilish samara berishi mumkin. Bu tizim talabalarning ham akademik tayyorgarligini, ham amaliy malakaga ega bo‘lishini, ta’limning mehnat bozori talablariga mos kelishini ta’minlaydi.

Shahar va qishloq mehnat bozorlaridagi tafovutni kamaytirish ham muhim ekani aytilyapti. Turli rag‘batlantiruvchi shart-sharoitlarni yaratish orqali Xitoy qishloq joylarida ham ish o‘rinlarini ko‘paytirish mumkin. Avstraliya va AQSh sog‘liqni saqlash xodimlarini aholi kam yashaydigan hududlarga jalb qilish uchun shunga o‘xshash modellarni qabul qilgan.

1.jpg
2.jpg
3.jpg

Mavzuga oid