O‘zbekiston | 15:33 / 06.01.2024
12382
3 daqiqa o‘qiladi

“Hattoki, ovqatlanish xonasi yo‘q!” – Ombudsman Qoraqalpog‘istondagi narkologiya shifoxonasini o‘rgandi

75 kishiga mo‘ljallangan muassasada 157 nafar bemor davolanayotgani ma’lum bo‘lgan. Ombudsman SSVni zudlik bilan holatga chora ko‘rishga chaqirdi.

Foto: Ombudsman

Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Taxiatosh tumani filiali qator kamchiliklar bilan faoliyat yuritmoqda. Bu haqda Ombudsman axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, oldinroq Ombudsmanning Qoraqalpog‘istondagi mintaqaviy vakili tomonidan shifoxonada monitoring o‘tkazilgan hamda u yerda saqlanayotgan bemorlarga yaratilgan sharoitlar belgilangan talablarga javob bermasligi aniqlangan. Ushbu holatlarni bartaraf etish yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga 2 marta taqdimnoma kiritilgan.

Vazirlik javob xatida Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 3 oktyabrdagi tegishli qaroriga muvofiq muassasani rekonstruksiya qilish ishlari uchun 10 mlrd so‘m mablag‘ ajratish belgilanganini, uni boshqa binoga ko‘chirish bo‘yicha choralar amalga oshirilayotganini bildirgan.

2023 yil oxirida Ombudsmanning Qoraqalpog‘istondagi mintaqaviy vakili muassasada qayta monitoring o‘tkazgan. Tashrifda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, “Yuksalish” umummilliy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi va vakillari ishtirok etgan.

Tashrif davomida tibbiyot markazida bemorlarga yaratilgan sharoitlar bartaraf etilmagani ma’lum bo‘lgan. Xususan, 75 kishiga mo‘ljallangan muassasada 157 nafar bemor davolanayotgani aniqlangan. 

Muassasa binosi to‘liq kapital ta’mirtalab holda bo‘lib, hududda obodonlashtirish ishlari olib borilmagan va bemorlarning ochiq havoda sayr qilish maydoni ham talab darajasida emas. Filialning barcha qavatlaridagi yuvinish xonalarida issiq suv yo‘q. Davolanish xonalarida krovatlar zich joylashtirilgan, asbob-uskunalar yaroqsiz holatda. Hattoki, ovqatlanish xonasi tashkil etilmagan, maxsus idishlarning yo‘qligi sababli bemorlar ovqatlanishi uchun o‘zlari olib kelgan idishlardan foydalanayotgani ma’lum bo‘ldi”, deyiladi Ombudsman xabarida.

Ombudsman SSVni zudlik bilan holatga chora ko‘rishga chaqirgan hamda muassasaga ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanganlik holatini o‘rganish lozim, deb hisoblashini ma’lum qilgan.  

Mavzuga oid