Boeing 737 MAX 9 parvozlari butun dunyo bo‘ylab to‘xtatilyapti
AQShda samolyot fyuzelyajining bir qismi uzilib ketgani sababli aviakompaniyalar Boeing modellaridagi reyslarini to‘xtatmoqda.
Amerika Qo‘shma Shtatlarida Alaska Airlines kompaniyasining 1282-reysi parvozi paytida fyuzelyajning bir qismi uzilib ketgani bilan bog‘liq voqeadan so‘ng, tobora ko‘proq aviakompaniyalar Boeing 737 MAX 9 samolyotlaridan foydalanishni to‘xtatmoqda. 7 yanvar, yakshanba kuni Turkish Airlines aviakompaniyasi o‘ziga tegishli bo‘lgan shu rusumdagi beshta «boinglar» xavfsizlik tekshiruvi uchun chaqirib olinganini ma’lum qildi, deb yozadi AFP.
Turk aviatashuvchisi - Boeing 737 MAX 9 samolyotlaridan foydalanishni to‘xtatgan kompaniyalar ro‘yxatida birinchi emas. Aeromexico va Panamaning Copa Airlines aviakompaniyasi ham havo kemasidan foydalanishni vaqtincha to‘xtatdi.
1282-reysdagi voqeadan so‘ng AQSh Federal aviatsiya boshqarmasi darhol Boeing 737 MAX 9 modifikatsiyasidagi samolyotlarni tekshirishni talab qildi - gap 171 ta samolyot haqida bormoqda. Shu fonda United Airlines o‘z «boinglar»ini foydalanishdan vaqtincha olib qo‘ydi - Qo‘shma Shtatlarda faqat ikkita kompaniya Boeing 737 MAX 9’dan foydalanadi. Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligi (EASA) ham ushbu «boinglar» modelidan YeI osmonida foydalanishga ruxsat berishni vaqtincha to‘xtatdi.
Shu bilan birga, 7 yanvar kuni United Airlines aviakompaniyasi 45 ta «yerga qo‘ndirilgan» kemalardan 33 tasi zarur tekshiruvlardan o‘tib, o‘z faoliyatini davom ettira boshlaganini ma’lum qildi, deb xabar berdi Reuters. Alaska Airlines’ning ayrim samolyotlari ham foydalanishga qaytarildi. Tekshiruv tafsilotlari, shuningdek, 1282-reysda sodir bo‘lgan hodisaning ehtimoliy sabablari aniqlashtirilmagan - faqat tekshiruv tadbirlari sakkiz soatgacha vaqtni olishi ta’kidlangan.
Parvoz paytida samolyot fyuzelyajining bir qismi uzilib ketgan
Boeing 737 samolyotini navbatdagi marotaba tekshirishga sabab bo‘lgan voqea mahalliy vaqt bilan 5 yanvar kuni kechqurun AQShning Oregon shtati osmonida sodir bo‘lgan. Portlenddan Kaliforniyaga uchgan samolyotda parvoz boshlanganidan 20 daqiqa o‘tgach, fyuzelyaj elementlaridan biri illyuminator bilan birga uzilib tushdi.
New York Times xabariga ko‘ra, gap «eshik tayanchi» deb ataladigan narsa haqida ketmoqda - ishlab chiqaruvchi favqulodda chiqish uchun mo‘ljallangan joyga o‘rnatishi kerak bo‘lgan samolyot fyuzelyajining bir qismi, undan samolyotning yakuniy konfiguratsiyasida voz kechildi.
Samolyot Portlend aeroportiga qaytib, favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi. Kabinada havo bosimi pasayib ketganligi sababli, uzilib ketgan fyuzelyaj yonidagi o‘rindiqlardan birida o‘tirgan o‘smir yengil jarohatlar oldi, boshqa jabrlanuvchilar haqida xabar berilmagan.
Boeing avval ham 737 MAX 8 bilan bog‘liq muammolarni tan olgan
Boeing 737 MAX 8 va 9 - eng yangi Boeing 737 MAX modellari qatoriga kiradi, ularning dastlabkisidan 2017 yilda foydalanish boshlangan. Biroq 2018 yil oktyabr oyida Boeing 737 MAX 8 samolyotlaridan biri Yava orollari yaqinida halokatga uchradi va avariya holati aviatsiya nazorati organlarining e’tiborini tortdi. Bir necha oy o‘tgach, 2019 yilning mart oyida Efiopiyada yana bir Boeing 737 MAX 8 halokatga uchradi.
Ikkala holatda ham fojia sabablaridan biri avtomatlashtirilgan manyovr qilish xarakteristikalarini kuchaytirish tizimi (MCAS) ishidagi nuqson bo‘lgan. U parvoz paytida samolyot burnining xavfli tarzda yuqoriga ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak, ammo favqulodda vaziyat yuzaga kelganda, kema burnini sezilarli darajada pastga tushirib yuboradi va bu samolyotning sho‘ng‘ib ketishiga olib kelishi mumkin, deya ma’lum qildi Amerika regulyatorlari surishtiruv natijalariga ko‘ra.
Aviakonsern ushbu nuqson mavjudligini tan oldi va 2021 yilda AQSh Adliya vazirligi bilan jinoiy ish bo‘yicha kelishuv doirasida 2,51 milliard dollar to‘ladi. Kompaniya aviahalokat qurbonlarining oilalariga 1,45 million dollardan to‘lab bergan.
Mavzuga oid
00:51 / 06.11.2024
Boeing xodimlari ish tashlashni to‘xtatdi va korporatsiyaning yangi shartlarini qabul qildi
21:56 / 23.10.2024
Boeing sun’iy yo‘ldoshi kosmosda parchalanib ketdi
10:20 / 21.10.2024
Boeing ish tashlagan xodimlariga maoshni 35 foizga oshirishni taklif qilmoqda
13:29 / 19.10.2024