Sport | 18:08 / 08.01.2024
12492
7 daqiqa o‘qiladi

Shatskixning Xitoyga bormagani, Qosimov va Geynrixdan supergol va Bahrayndan alamli mag‘lubiyat. Osiyo kubogi-2004ni qanday eslaymiz?

Foto: Getty images

Livanda o‘tgan Osiyo kubogi-2000dagi sharmandalikdan so‘ng Yuriy Sarkisyan iste’foga chiqarilib, «Paxtakor» klubi negizida shakllantirilgan O‘zbekiston milliy jamoasi tarkibida avlodlar almashinuvi kuzatiladi. Xitoydagi turnir oldidan bu mamlakatda parranda grippi tarqalgani sababli hujumdagi yetakchi Maksim Shatskix chin yurtiga bormaydi, shunga qaramay, yangilangan tarkib o‘zbek futboli tarixida yangi sahifa ochadi.

Saralashdagi g‘alabalar va qo‘shnimiz o‘rniga Tailand

2004 yilgi Osiyo kubogi saralash bahslari oldidan turnirning final bosqichiga ilk marta 16 jamoa ishtirok etishi ma’lum qilindi va endi guruhdan faqat 1-o‘rinlar emas, 2-o‘rindagi jamoa ham qit’a birinchiligiga yo‘llanma olardi.

O‘zbekiston saralashni «A» guruhida boshlab, Tailand, Tojikiston va Honkongga qarshi Toshkent va Bangkokda o‘tgan o‘yinlarda 5-turgacha 4 g‘alaba va 1 durang qayd etib, 13 ochko bilan 1-o‘rinni naqd qilgandi. So‘nggi turda esa guruhda 2-o‘rinni kim qo‘lga kiritishi O‘zbekistonga bog‘liq edi. Tailandni 1-davrada yirik hisobda mag‘lub etgan jamoamiz Bangkokda yirik mag‘lubiyatga uchradi – 1:4. Natijada, 8 ochkoga ega Tojikiston guruhda qolib ketdi, Tailand esa 9 ochko evaziga 2-o‘rin bilan Osiyo kubogi-2004ga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.  

Foto: Tribuna.uz

Yurgen Gyode va yangi nomlar

2000 yil Livandagi sharmandali natija milliy jamoada avlodlar almashinuviga sabab bo‘lgandi. O‘zbek futbolida tizim ham o‘zgarib, klub egalari aka-uka Baxtiyor va Botir Rahimovlar tomonidan «Paxtakor»ning yakkahokimlik davriga tamal toshi qo‘yilgandi. Endi milliy jamoalar «Paxtakor» klubi negizida shakllantirila boshlangandi. Osiyo kubogi-2004dan oldin Ravshan Haydarov va Yurgen Gyode murabbiyligidagi milliy jamoaga Server Jeparov, Temur Kapadze, Ignatiy Nesterov, Islom Inomov, Anvar Soliyev, Asror Aliqulov, Marat Bikmayev, Leonid Koshelev, Aleksandr Geynrix, Eldor Magdiyev singari yangi avlod kirib kelgandi.

Foto: Tribuna.uz

Shatskixning Xitoyga borishdan bosh tortishi

Turnir oldidan Xitoyda parranda grippi tarqalishi haqidagi xabarlar ortidan O‘zbekiston milliy jamoasining asosiy goleadori Maksim Shatskix bu mamlakatga bormaydigan bo‘ldi. O‘shanda «O‘zbekiston futboli» gazetasida milliy jamoa murabbiylari Shatskixning Xitoyga bormasligi sababini Kiyevning «Dinamo» klubi uni qo‘yib yubormagani bilan izohlagan bo‘lsa, Ukraina nashrlari Maksim Xitoydagi parranda grippi epidemiyasidan xavotirlanib, tavakkal qilmaslikka qaror qilgani haqida yozgandi. Yaqinda esa Shatskixning o‘zi Tribuna.uz saytiga bergan intervyusida buning sababini eslay olmasligini aytgandi.

Foto: Getty images

«Oradan ko‘p vaqt o‘tdi... Balki men turnirdan oldin kasal bo‘lgandirman... To‘g‘risi, eslolmayapman. Bu savolga javob berishga tayyor emasman. Milliy jamoa Xitoyga yo‘l olyapti va faqat bir o‘zim kasallikdan qo‘rqib bormay qolishim mumkin emas…», - deya javob qaytargandi.

O‘zbekistonning Osiyo kubogi-2004 uchun tarkibi:

Darvozabonlar: 1.Aleksandr Polyakov («Krilya Sovetov», Rossiya), 12.Ignatiy Nesterov («Paxtakor»), 21.Yevgeniy Safonov («Shinnik», Rossiya).

Himoyachilar: 2.Baxtiyor Ashurmatov («Paxtakor»), 3.Andrey Fyodorov («Rubin», Rossiya), 13.Shavkat Raimqulov («Traktor»), 22.Nikolay Shirshov («Rostov», Rossiya), 24.Asror Aliqulov («Paxtakor»), 25.Islom Inomov («Paxtakor»), 28.Aleksey Nikolayev («Paxtakor»).

Yarimhimoyachilar: 4.Mirjalol Qosimov («Alaniya», Rossiya), 6.Leonid Koshelev («Paxtakor»), 7.Andrey Akopyans («Rostov», Rossiya), 8.Server Jeparov («Paxtakor»), 9.Anvar Soliyev («Paxtakor»), 11.Vladimir Shishelov («Paxtakor»),18.Temur Kapadze («Paxtakor»), 20.Eldor Magdiyev («Paxtakor»), Ilyos Zeytullayev («Yuventus»).

Hujumchilar: 15.Aleksandr Geynrix (TsSKA, Rossiya), 17.Zafar Xolmurodov («Nasaf»), 26.Marat Bikmayev («Paxtakor»).

Qosimov va Geynrixdan supergollar, Bahrayndan uchralgan alamli mag‘lubiyat

Xitoyda O‘zbekiston milliy jamoasi «S» guruhida Iroq, Saudiya Arabistoni va Turkmaniston bilan bir guruhdan o‘rin olib, o‘z tarixida ilk marta guruhdan peshqadam sifatida chorakfinalga yo‘llanma olgandi.

Ravshan Haydarov va germaniyalik Yurgen Gyode murabbiylar tandemidagi milliy jamoamiz 1-turda Mirjalol Qosimovning Iroq darvozasiga jarima zarbasidan kiritgan supergoli evaziga dastalbki 3 ochkoni qo‘lga kiritgan edi.

Foto: Getty images

2-turda Saudiya Arabistoniga qarshi bahsda Aleksandr Geynrixning superzarbasi turnirning amaldagi finalchisi ustidan muhim g‘alabani keltirgan – 1:0.

Foto: Getty images

3-turda ham Qosimovning Turkmaniston darvozasiga yo‘llagan ajoyib goli vakillarimizga minimal g‘alaba va 9 ochko bilan pley-off yo‘llanmasini taqdim etdi. Iroq esa 2-o‘rin bilan keyingi bosqichga chiqadi.

Foto: Getty images

Chorakfinalda turnir kashfiyoti deya ta’riflangan Bahraynga qarshi maydonga tushgan hamyurtlarimiz alamli mag‘lubiyatga uchragandi. Uchrashuvda bahraynliklar yetakchisi A’lo Hubaylning dubliga Geynrix va Shishelov o‘z gollari bilan javob qaytargan bo‘lsa-da, penaltilar seriyasida Marat Bikmayev va Leonid Koshelevning o‘z imkoniyatidan foydalana olmagani jamoamizning turnirni alamli tarzda tark etishiga sabab bo‘lgandi. Shunga qaramay, bu milliy jamoa Osiyo kubogida yangi sahifa ochib qaytgandi. Bahraynni yarimfinalda mag‘lub (3:4) etgan Yaponiya finalda mezbon Xitoydan ustun (3:1) kelib, Osiyoda tengsiz ekanini yana bir marta ko‘rsatgandi.

Foto: Getty images

Osiyo kubogi-2004. «C» guruhi
1-tur. 2004 yil, 18 iyul
Iroq – O‘zbekiston – 0:1
Gol: Mirjalol Qosimov (21).

2-tur. 2004 yil, 22 iyul
O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni 1:0
Gol: Aleksandr Geynrix (13).

3-tur. 2004 yil, 26 iyul
Turkmaniston – O‘zbekiston – 0:1
Gol: Mirjalol Qosimov (58).

Chorakfinal. 2004 yil, 30 iyul
O‘zbekiston – Bahrayn – 2:2. Penaltilar bo‘yicha – 3:4

Gollar: Aleksandr Geynrix (60), Vladimir Shishelov (86) – A’lo Hubayl (71, 76).

Foto: Getty images

Usmon Ibodov

Mavzuga oid