O‘zbekiston | 17:39 / 08.01.2024
16454
16 daqiqa o‘qiladi

Vatikan hukumati SSSRda yaratilgan qaysi mahsulotga asosiy mijoz bo‘lgan? – “Zakovat”ning navbatdagi o‘yinidan reportaj

1928–1936-yillarda elchi bo‘lib ishlagan Nazir To‘raqulov o‘sha paytlarda xorijiy jurnalistlarning qaysi savoliga “Inglizlar Istanbul portidan bizning kemalarni o‘tkazmayapti” deya javob bergan? Yaponiyada keksalar Undan voz kechish orqali ko‘plab chegirma va imtiyozlarga ega bo‘lishi mumkin. Nimadan? – “Zakovat” teleo‘yini qishki mavsumining beshinchi o‘yinida Jobir Ahmedov jamoasi ishtirok etdi.

Jamoa a’zolari (suratda chapdan o‘ngga): \ Foto: Zakovat
  • Muhammad Ali Valixonov - INHA universiteti talabasi;
  • Azamat Qobilov - Tarixchi;
  • Jobir Ahmedov - Shifokor (jamoa sardori);
  • Xushnud Xudoyberdiyev - huquqshunos;
  • Rushana Rajabova - Filolog;
  • Hayotilla Rahmonov - Aloqachi;

O‘yinni suratga olish jarayonidan lavhalar

Jobir Ahmedov jamoasi 2023 yilning qishki mavsum beshinchi o‘yinida ishtirok etadi.

1-raundda Leonardo da Vinchi Mona Liza suratini chizib yakunlash arafasida yordamchilaridan 3-4 ta gul olib kelishlarini so‘ragani va gullarga qarab nimani chizgani haqida savol o‘ynaldi. 1-raunddanoq qiyinroq savol tushgani sababli hisob teletomoshabinlar foydasiga ochildi – 0:1.

2-raundda Qadimgi Rimda qaysi sohaning paydo bo‘lishiga haykallar sababchi bo‘lgani haqida savol o‘ynaldi. Muhokama davomida jamoadan to‘g‘ri javob chiqmadi va hisob 0:2 ko‘rinishini oldi.

Jamoa a’zosi Rushana Rajabova

3-raundda Yaponiyada 2016 yildan boshlab keksalar uchun o‘tkazilayotgan g‘aroyib aksiya haqidagi savol o‘ynaldi. Aksiya doirasida ko‘plab chegirma va imtiyozlarga ega bo‘lishi uchun keksalar nimadan voz kechishlari kerakligi so‘raldi. Ushbu savolga Azamat Qobilov muddatidan oldin to‘g‘ri javob berib jamoaga ilk ochkoni keltirdi. Hisob – 1:2.

Jamoa a’zosi Azamat Qobilov

4-raundda Janubiy Koreyadagi metrolarda tasvirlangan sog‘lom va semiz insonlar belgisi qanday ma’noni anglatishi so‘raldi. Ushbu savolda ham jamoa osonlik bilan to‘g‘ri javobni topa oldi va hisobni tenglashtirishga erishdi. Hisob – 2:2.

Jamoa sardori Jobir Ahmedov

5-raundda Abdulla Oripovning “Mutoyiba” she’riga asosan tuzilgan savol o‘ynaldi. She’rga ko‘ra, inson bu dunyoda kimlarni bozorsiz ham sotish mumkin, ammo sotib olish mumkin emasligi haqidagi savolga ham jamoa qiynalmasdan to‘g‘ri javob berdi va hisobda oldinga o‘tib oldi. Hisob – 3:2.

Jamoa a’zosi Muhammad Ali Valixonov

Keyingi raundda zamonaviy samolyotlarning orqa qismi xavfsiz bo‘lishiga qaramay, nega biznes-klass o‘rindiqlari samolyot old qismiga o‘rnatilgani haqidagi savol berildi. Muhokama o‘rtalarida Hayotilla Rahmonov to‘g‘ri variantni aytgan bo‘lsa-da, jamoa tomonidan bu variant e’tiborsiz qoldirildi. Hisob – 3:3.

Jamoa a’zosi Hayotilla Rahmonov

7-raundda islom ulamosi Abul Faraj: “Undan ko‘ra og‘irroq uyqu yo‘q” deganida nimani nazarda tutgani haqidagi savol o‘ynaldi. Ushbu savolga jamoa biroz boshqacha javob berdi va boshlovchi javobni noto‘g‘ri deb hisobladi. O‘yinda yuzaga kelgan bahsli vaziyatni hal qilish uchun Klub manfaatini himoya qiluvchi vakil Umid Narimovga murojaat qilindi. Umid Narimov ham jamoa javobni yetarlicha ochib bermaganini qayd etib, jamoaning javobini noto‘g‘ri deb topdi. Hisob – 3:4.

8-raundda o‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab, Vatikan hukumati SSSRda yaratilgan qaysi turdagi mahsulotlarning asosiy mijozi bo‘lgani so‘raldi. Afsuski, ketma-ket uchinchi raundda ham bilimdonlar jamoasi muhim ochkolarni boy berdi. Hisob – 3:5.

Keyingi raundda 1928-1936-yillarda elchi bo‘lib ishlagan Nazir To‘raqulov o‘sha paytlarda xorijiy jurnalistlarning qaysi savoliga “Inglizlar Istanbul portidan bizning kemalarni o‘tkazmayapti” deya javob bergani haqidagi savol o‘ynaldi. Ushbu raundda Azamat Qobilov yana bir marta jamoa joniga ora kirib, navbatdagi muhim ochkoni keltirdi. Hisob – 4:5.

Jamoa a’zosi Xushnud Xudoyberdiyev

10-raundda Ibn Sinoning “Tib qonunlari” kitobi asosida tuzilgan blits savollari tushdi. Afsuski, blitsning ilk savolidayoq jamoa muvaffaqiyatsizlikka uchradi va o‘yin shu yerda yakuniga yetdi.

Shunday qilib, mavsumning beshinchi o‘yini Jobir Ahmedov jamoasining 4:6 hisobidagi mag‘lubiyati bilan tugadi. Ushbu hisob jamoaning keyingi mavsumga o‘tishini ta’minlagan bo‘lsa-da, finalga chiqish imkoniyatidan mahrum qildi.

Qishki mavsum finali, ya’ni yil finalida mavsum boshidagi 6:4 hisobidagi g‘alabasi evaziga Farrux Rafiqov jamoasi o‘ynaydigan bo‘ldi.

O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin.

1-raund. Savol muallifi: Diyora Rahmatullayeva, Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani

Boshlovchi: Leonardo da Vinchi Mona Liza suratini chizib yakunlash arafasi, yordamchilaridan 3-4 ta gul olib kelishlarini so‘raydi. 2-3 kundan keyin buyurtmani yakunlaydi.

Diqqat savol: Gullarga qarab nimani chizgan?

Javobni Azamat Qobilov beradi: Bizning fikrimizcha, Leonardo da Vinchi kartinani tugatayotgandagi oxirgi ish ramka bo‘lishi mumkin. Ramkadagi gullarni chizgan deb o‘ylaymiz.

To‘g‘ri javob: Suratda tong mahali tasvirlangan. Tong mahali shabnamni chizish uchun gulga qarab chizgan. Ertalab tongda gulga shabnam tushgan, keyin uni chizgan. Uning orqa tomonida landshaftda shabnamni yaqinlashtirib ko‘rsa bo‘ladi.

Hisob: 0 - 1

Savol muallifi Diyora Rahmatullayeva 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

2-raund. Savol muallifi: Elbek Nabijonov, Farg‘ona shahri

Boshlovchi: Qadimgi Rimda u soha paydo bo‘lishiga haykallar sababchi bo‘lgan. Markaziy Osiyoda uning paydo bo‘lishi haqida yozilgan tarixiy kitoblarda, yozuv paydo bo‘lishi bilan bir vaqtda dunyoga kelgani haqida yozilgan.

Diqqat savol: Gap qaysi soha haqida ketmoqda?

Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: Qadimgi Rimdagi haykaltaroshlik va Markaziy Osiyodagi yozuvlarni bog‘laydigan narsa bu – tosh. Bu yerda gap sangtaroshlar haqida ketmoqda.

To‘g‘ri javob: Qadimgi Rimda haykallar juda ko‘p bo‘lgan. Hukmdorlar, senatorlarning haykallari va byustlari bir yerga to‘planib, ular avaylab-asralgan. Markaziy Osiyoda yozuv paydo bo‘lgach, u soha rivojlana boshlagan. Yozuv bilan birga hujjatlar, shartnomalar paydo bo‘lgan. Bu – arxiv sohasi edi.

Hisob: 0 - 2

Savol muallifi Elbek Nabijonov 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

3-raund. Savol muallifi: Jamshid Rahmonov, Namangan viloyati

Boshlovchi: Yaponiyada 2016 yildan boshlab keksalar uchun yoqimli aksiya o‘tkazilayotgan ekan. Ularga umrining oxirigacha restoranlarda ovqatlanishda, hammomga tushishda, taksi xizmatidan foydalanishda chegirma va imtiyozlar berilarkan. Hatto vafot etsa, dafn qilishda ham chegirmalar qo‘llanilar ekan. Evaziga ular nimadandir voz kechishlari shart bo‘ladi.

Diqqat savol: Bu kabi fuqarolar nimadan voz kechishlari shart bo‘lgan?

Jamoa muddatidan oldin javob beradi.

Javobni Azamat Qobilov beradi: Keksalar haydovchilik guvohnomasidan voz kechishi kerak.

To‘g‘ri javob: Hukumat agar katta yoshdagi kishilar o‘z xohishlari bilan avtomobil boshqarishdan bosh tortib, haydovchilik guvohnomasini davlatga topshirsa, ushbu nafaqadagi kishilarga yuqoridagi imtiyozlar umrbod berilarkan.

Hisob: 1 - 2

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

4-raund. Savol muallifi: Farrux Jo‘raboyev, Koreya

Boshlovchi: Ekranga qarang.

Bu kabi belgilarni Janubiy Koreyadagi metrolarda ko‘rish mumkin.

Diqqat savol: Bu belgilar nimani anglatadi?

Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: Bu belgilarning eskalatorga, biri zinaga ko‘rsatilgan. Eskalatorda yursang, sen harakat qilmaysan, semirib ketish xavfing bor, degan ogohlantirish bor. Zinadan tushsang, doimiy sport, badantarbiyaga o‘xshash narsa, sog‘liging uchun foydali degan targ‘ib bor.

To‘g‘ri javob: Bu sog‘lom turmushni targ‘ib qiluvchi belgi. Ozg‘in kishilar, ya’ni sog‘lom bo‘lishni istovchilar bu yoqqa yuring, ortiqcha vaznli ya’ni, nosog‘lom bo‘lishni istovchilar bu yoqqa yuring demoqda. Bu belgilarning biri zina tomonni, ikkinchisi lift tomonni ko‘rsatmoqda.

Hisob: 2 - 2

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

5-raund. Savol muallifi: Muxlisa Berdonova, Qashqadaryo viloyati, Nishon tumani

Boshlovchi: Muxlisa bu savolni Abdulla Oripovning “Mutoyiba” she’ridan ilhomlanib tuzganlar.

Dunyo haqiqatdan keng, unda shataloq ham otiladi, toshdek bir joyda ham qotib qolinadi. Aytishlaricha, inson bu dunyoda ularni topgani kelarmish. Ularni bozorsiz ham sotish mumkin, ammo sotib olish mumkin emas. Stokgolmda u nomdagi stadion bor, AQShda eng mashhur seriallardan biri U nom bilan ataladi.

Diqqat savol: Abdulla Oripov she’ri nima haqida?

Javobni Rushana Rajabova beradi: Fikrimizcha, do‘stlar haqida.

To‘g‘ri javob: Abdulla Oripov “Mutoyiba” she’rida yozganlar:

Dunyo keng, shatloq otish mumkindir,

Yoki xarsangtoshday yotish mumkindir,

Esirgap aytganday haqiqiy do‘stni

Sotib olib bo‘lmas, sotish mumkindur.

To‘g‘ri javob – Do‘st

Hisob: 3 - 2

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

6-raund. Savol muallifi: Doniyor Ochilov, Qashqadaryo viloyati, Qarshi tumani.

Boshlovchi: Zamonaviy samolyotlarning orqa qismi xavfsiz bo‘lishiga qaramay, biznes-klass o‘rindiqlari samolyot old qismiga o‘rnatilgan. Buning bir necha sabablari bor. Biznes-klass o‘rindiqlari nega oldinga o‘rnatilgani xususida gap ketmoqda. Samolyot juda kam halokatga uchraydigan transport vositasi hisoblanadi. Mabodo halokat ro‘y bersa, undan tirik qolishning butunlay iloji yo‘q. Ozgina umid bor, orqa o‘rindiqlarda o‘tirganlarda. Lekin baribir biznes-klassni oldinga joylashtirishgani qiziq.

Diqqat savol: Nega xavfliroq bo‘lsa ham, biznes-klass o‘rindiqlari baribir oldinda joylashtirilgan?

Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: Gap o‘ylashimcha, xavf haqida ketyapti. Balki, xavfli vaziyatda evakuatsiya qilish eng avvalo boshidan boshlanadi. Shunda ularda xavfli vaziyatda birinchi bo‘lib chiqish imkoniyati bo‘ladi.

To‘g‘ri javob: Biznes-klassning oldinga o‘rnatilishiga sabab, u yerga motor ovozi eshitilmaydi. Samolyot qanotlari bilan tashqi ko‘rish oynalari to‘sib qo‘yilmaydi.

Hisob: 3 - 3

Savol muallifi Doniyor Ochilov 3 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

7-raund. Savol muallifi: Xurshid O‘rinboyev, Toshkent shahri Yunusobod tumani

Boshlovchi: Islom ulamosi Abul Farajdan hikmat: “Shahvatdan molikroq qullik yo‘q, qarilikdan komilroq ogohlantiruvchi yo‘q, qalb o‘limidan ko‘ra yomonroq musibat yo‘q va biz so‘ramoqchi bo‘lgan holatdan og‘irroq uyqu yo‘q”.

Diqqat savol: U qanday uyqu?

Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: Bomdod vaqtidagi uyqu.

To‘g‘ri javob: U – g‘aflat uyqusi. Ko‘p uxlovchilarga nisbatan “g‘aflat bosib yotibsanmi7” deyiladi.

Hisob: 3 - 4

Savol muallifi Xurshid O‘rinboyev 4 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

8-raund. Savol muallifi: Alisher Qulmurodov, Jizzax viloyati

Boshlovchi: Sobiq ittifoqda ishlab chiqariladigan mahsulotlarni g‘arb kapitalistik mamlakatlari uncha xush ko‘rishmagan. Ittifoqda ishlab chiqarilgan mahsulotlar xoh sanoat, xoh ilmiy, xoh badiiy mahsulotlari bo‘lsin, ularning standartiga ham, g‘oya mafkurasiga ham to‘g‘ri kelmagan. Ammo rasmiy ma’lumotlarga ishonadigan bo‘lsak, o‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab, eng ortodoksal deb hisoblangan Vatikan hukumati SSSRda yaratilgan bir mahsulotning eng asosiy mijozi bo‘lgan.

Diqqat savol: Yaratilgan so‘ziga e’tibor berib ayting-chi, Vatikan SSSRdan aynan qanday mahsulotni sotib olgan?

Jamoa klub yordamidan foydalandi.

Javobni Hayotilla Rahmonov beradi: Balki, qo‘ng‘iroq quyish masalasida Vatikan SSSRga murojaat qilgan bo‘lishi mumkin.

To‘g‘ri javob: Vatikan o‘sib kelayotgan yosh avlodning tarbiyasiga katta ahamiyat bergan. Shuning uchun, g‘oyaviy jihatdan eng mos mahsulot deb ittifoqda ishlab chiqarilgan multfilmlarni sotib olgan. Javob sovet multfilmlari. G‘arbda ishlab chiqarilgan multfilmlar tarbiyaga zid, bolalarga xos bo‘lmagan g‘oyalarni targ‘ib qilgan bo‘lgan.

Hisob: 3 - 5

Savol muallifi Alisher Qulmurodov 5 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

9-raund. Savol muallifi: Xurshid Tursunov, Namangan viloyati Norin tumani

Boshlovchi: 1928–1936-yillarda elchi bo‘lib ishlagan Nazir To‘raqulovdan o‘sha paytlarda xorijiy jurnalistlar bir masalada undan so‘rashadi. Sovet elchisi To‘raqulov bu savolga “Inglizlar Istanbul portidan bizning kemalarni o‘tkazmayapti” deya javob beradi.

Diqqat savol: Muxbirning nima deb bergan savoliga, elchimiz shu taxlit javob bergan?

Javobni Azamat Qobilov beradi: Nazir To‘raqulov u paytda SSSRning Saudiya Arabistonidagi elchisi bo‘lgan. Jurnalist bergan savol: “Nima uchun Sobiq Ittifoqdan Hajga odamlar kelmayapti?”

To‘g‘ri javob: Savol quyidagicha bo‘lgan: “Nega sovet musulmonlari orasida Hajga boruvchilar kam?” - deb so‘ralgan. Nazir To‘raqulov o‘sha yillari sovet ittifoqining Saudiya Arabistonidagi elchisi bo‘lgan. Bu XX asrning 30-yillaridagi gap. O‘sha vaqtlarda Hajga asosan kemalar orqali borilgan.

Hisob: 4 - 5

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

10-raund. Blits savollari.

1-savol muallifi: Sherzod Kattaboboyev

Mavzu: Ibn Sino Tib qonunlari.

Boshlovchi: Sigir sutini ko‘proq iching, unda quvvat va barokat bor, deyiladi “Tib qonunlarida”.

Diqqat savol: Falsafiy fikrlab ayting-chi, sigir sutiga quvvat va barokat qayerdan keladi, 2 ta so‘z bilan ta’rif bering.

Jamoa qo‘shimcha vaqtdan foydalanadi.

Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: Ona mehri va oqlikdan.

To‘g‘ri javob: Yer va osmondan. Yeydigan giyohlaridan javobini ham qabul qilsa bo‘ladi. Sigir suti yer va osmon barokatidan hosil bo‘ladi.

Hisob: 4 - 6

Savol muallifi Sherzod Kattaboboyev 6 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Eng yaxshi savol muallifi – Sherzod Kattaboboyev, sigir suti haqidagi blitsning birinchi savoli bilan

Sherzod Kattaboboyev 10 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

O‘yinning eng faol bilimdoni – Azamat Qobilov

Azamat Qobilov 10 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

O‘yinning to‘liq videosini ushbu havolada tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid