2023 yil tarixdagi eng issiq yil sifatida rasman tan olindi
O‘rtacha global harorat 2016 yilda o‘rnatilgan avvalgi rekorddan 0,17 daraja yuqori bo‘ldi.
Olimlar o‘tgan 2023 yildagi iqlim natijalarini sarhisob qilishdi va bu kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yil bo‘lganini rasman tasdiqladi. Qayd qilinishicha, o‘rtacha global harorat Tselsiy bo‘yicha 14,98 darajani tashkil etdi, bu 2016 yilda o‘rnatilgan avvalgi rekorddan 0,17 darajaga yuqori.
Mutaxassislarning ogohlantirishicha, dunyo allaqachon iqlim bo‘yicha Parij kelishuvida belgilab qo‘yilgan isish chegarasiga yaqinlashmoqda - sanoatdan oldingi darajadan 1,5 daraja yuqori. Buning asosiy sababi sifatida issiqxona gazlari chiqindilarining ortib borayotgani aytilmoqda.
2023 yilda tabiiy ofatlardan kelib chiqqan moddiy zararning rekord darajasi ham kuzatildi. Yer sharining turli burchaklarida qurg‘oqchilik, suv toshqinlari, o‘rmon yong‘inlari va issiqlik to‘lqinlari bo‘lgan.
«2023 yil «ajoyib» yil bo‘ldi, iqlim rekordlari domino toshlari kabi quladi», dedi Yevropa iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Copernicus dasturi ekspertlari.
Yil davomida sayyoradagi global harorat sanoatgacha bo‘lgan davrdan (1850-1900 yillar uchun o‘rtacha qiymat) 1 daraja yuqori ko‘rsatkichda saqlanib turdi. 365 kunning deyarli yarmida harorat me’yordan 1,5 daraja yuqori bo‘ldi. Noyabr oyida esa birinchi marta 2 darajadan oshib ketdi.
Rekord harorat nafaqat quruqlikda, balki okeanda ham kuzatildi. Dengiz yuzasida qayd etilgan eng yuqori global o‘rtacha harorat avgust oyida 20,98 darajani tashkil qildi.
Olimlar, shuningdek, 2024 yilda o‘tgan yildagi ko‘plab harorat rekordlari yangilanishini taxmin qilmoqda. Copernicus dasturi veb-saytiga ko‘ra, energiya ishlab chiqarish uchun qazib olinadigan yoqilg‘iga qaramlik va Tinch okeanidagi El-Ninyo iqlim fenomenining ta’siri davom etadi.
Mavzuga oid
15:22 / 21.11.2024
Bokudagi COP29: iqlim o‘zgarishiga moslashish xarajatlarini kim to‘laydi?
20:03 / 27.08.2024
BMT rahbari global isish Tinch okeanidagi orol davlatlarga xavf solayotganini ma’lum qildi
17:58 / 30.06.2024
Jizzaxdagi bog‘da qo‘yib yuborilishi rejalashtirilgan 5 mingta shar yo‘q qilindi
11:05 / 30.06.2024