O‘zbekiston | 07:35 / 09.01.2024
9708
2 daqiqa o‘qiladi

Senator dam olish kunlari pirotexnika vositalaridan keng foydalanilgani yuzasidan Bojxona qo‘mitasiga so‘rov yubordi

Senator Bojxona qo‘mitasi kontrabandani aniqlash bo‘yicha ko‘plab tadbirlar o‘tkazilgani haqida xabar bergan bo‘lishiga qaramay, dam olish kunlari aholi tomonidan pirotexnika vositalarining keng qo‘llangani yuzasidan qo‘mitaga so‘rov yubordi.

Foto: Senat.uz

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi raisiga yangi yil kunlari pirotexnika vositalaridan keng ko‘lamda foydalanilgani yuzasidan senator so‘rovini yubordi.

Unda pirotexnika vositalari bilan bog‘liq holatlardan, ayniqsa, keksalar, bemorlar, yosh bolalar va boshqa toifadagi fuqarolarning bayram kunlari tinchligi buzilgani, bu holat ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p muhokama etilib, foydalanuvchilarning bojxona organlariga e’tirozlari bayon qilingani aytib o‘tilgan.

Shuningdek, so‘rovda bojxona organlari tomonidan pirotexnika vositalari bilan bog‘liq ko‘plab qonunbuzarliklar bartaraf etilgani haqida OAV orqali chiqishlar qilingani, yangi yilda esa bunday choralar kutilgan samarani bermagani qayd etildi.

Shulardan kelib chiqib, senator Bojxona qo‘mitasi raisidan pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda mamlakatga olib kirish va olib chiqish yoki o‘tkazish bilan bog‘liq salbiy holatlar nima sababdan to‘liq bartaraf etilmayotgani, mazkur vositalarning noqonuniy aylanishiga qanday omillar sabab bo‘layotgani yuzasidan ma’lumot taqdim etishini so‘ragan.

Shu bilan birga, qonunchilikda bu borada qanday bo‘shliqlar mavjudligi, qayd etilgan qonunbuzarliklarni to‘liq bartaraf etish bo‘yicha bojxona organlari tomonidan tezkor ravishda amalga oshiriladigan choralar haqida ma’lumotlar, shuningdek, Oliy Majlis Senatiga tegishli takliflar taqdim etish so‘raldi.

O‘zbekistonda pirotexnika vositalarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, respublika hududiga olib kirish, tashish, saqlash va sotish taqiqlangan.

Mavzuga oid