Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tug‘ilishlar statistikasidagi qarama qarshilik: Adliya vazirligi va statagentlik raqamlari nega farq qilmoqda?
Adliya vazirligi tayyorlagan infografikada O‘zbekistondagi tug‘ilishlar soni 2023 yilda 2022 yilga qaraganda kamaygani, Statistika agentligi ma’lumotida esa ko‘paygani aytilmoqda. Umuman olganda, ikki davlat idorasining raqamlari bir-biriga mos kelmayapti. Oradagi farq ham kichkina emas. Xo‘sh, raqamlarning qay biri to‘g‘ri?
Bundan bir necha kun oldin Adliya vazirligining “Adliya yangiliklari” Telegram-kanalida 2023 yilda O‘zbekistonda qayd etilgan tug‘ilish holatlari haqida infografika va ma’lumotlar e’lon qilindi. Ushbu xabar vazirlikning “Huquqiy axborot” kanaliga ham joylashtirildi.
Unda 2023 yilda respublika bo‘yicha FHDY organlari tomonidan 968 140 ta tug‘ilish holatlari qayd etilgani aytiladi.
Infografikada keltirilishicha, 2023 yilda tug‘ilish 2022 yilga qaraganda 28 360 taga kamaygan. Bu ma’lumot biroz shubhali ko‘rindi. Chunki uzoq yillardan buyon O‘zbekistonda tug‘ilish ko‘rsatkichi muntazam oshib bormoqda.
Bu yil ham yil boshidan buyon har oylik ko‘rsatkichlar e’lon qilingan va ularda tug‘ilish o‘tgan yilning mos davriga qaraganda oshiqroq ekanini ko‘rish mumkin.
11 oy davomida tug‘ilish ko‘rsatkichi baland bo‘lib, bir oyda pastlab ketganiga va 2022 yildagidan kam bo‘lganiga ishonish qiyin edi. Shundan so‘ng 2023 yilga tegishli ma’lumotlarni 2022 yilning ko‘rsatkichlari bilan solishtirib ko‘rdik.
Bir yil avval (2023 yil 9 yanvar kuni) aynan “Adliya yangiliklari” kanalida berilgan ma’lumotda 2022 yilda O‘zbekistonda 939 046 ta tug‘ilish qayd etilgani yozilgan. Bu yil 968 140 ta bo‘lgani aytilyapti.
Demak, 2023 yilda tug‘ilish 28 360 taga kamaymagan. Aksincha, 29 094 taga ko‘paygan. Lekin unda nega “Adliya yangiliklari” kanalida 2023 yilda tug‘ilish 2022 yilga qaraganda 28 360 taga kamaygani yozilgan?
Bu haqda javob olish uchun Adliya vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘lanib infografikadagi ma’lumot nechog‘lik to‘g‘ri ekanini so‘radik. U savolni tegishli mas’ullarga yo‘naltirganini aytdi. Keyingi so‘rovimizda “o‘rganib javobini aytamiz, deyishgandi” degan javob bilan cheklandi.
2023 yilda tug‘ilish 2022 yildagiga qaraganda oshganini Statistika agentligi ham tasdiqlayapti. Agentlikning bir yil avval e’lon qilgan ma’lumotida 2022 yilda O‘zbekistonda tirik tug‘ilish soni 932 192 nafar bo‘lgani keltirilgan.
Agentlik matbuot xizmati so‘rovimizga ko‘ra 2023 yildagi ma’lumotlarni taqdim etdi. Unga ko‘ra, 2023 yilda O‘zbekistonda 961 962 nafar tirik tug‘ilish qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yil bilan solishtirganda 29,8 ming nafarga oshgan.


E’tiborlisi, Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan infografika e’lon qilingandan so‘ng bir nechta saytlar va bloglarda 2023 yilda O‘zbekistonda tug‘ilish kamaygani haqida xabarlar e’lon qilindi.
Bu ma’lumotni hatto qo‘shni davlat sayti ham e’lon qildi.

Umuman olganda ijtimoiy tarmoqlar faollariga, blogerlar va saytlarga goh-gohida ma’lumotlar haqqoniyligi uchun javobgarlikni eslatib turadigan Adliya vazirligi xodimlari o‘zlari e’lon qilayotgan ma’lumotlarning to‘g‘ri ekaniga e’tibor qaratsalar nur ustiga a’lo nur bo‘lardi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
10:40 / 28.05.2025
Oliy ta’lim tashkilotlarida qancha talaba tahsil olayotgani aytildi
11:13 / 27.05.2025
Qaysi hududda eng ko‘p nikoh qayd etilgani aytildi
13:07 / 26.05.2025
34 yilda umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni qanchaga oshgani aytildi
11:21 / 23.05.2025