O‘zbekiston | 16:28 / 10.01.2024
12802
7 daqiqa o‘qiladi

“Dok-1 Maks” ishi. Qurbonlar soni – 68 nafar, yana ikki shaxsga ayblov qo‘yildi

O‘zbekistonda “Dok-1 Maks” siropidan 68 nafar bola vafot etgan, deb ma’lum qildi bugun, 10 yanvar kungi sud majlisida davlat ayblovchisi. Prokuror, shuningdek, tergov organining yana ikki kishiga nisbatan ayblov xulosasini o‘qib eshittirdi.

Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi ishlab chiqargan “Dok-1 Maks” siropi O‘zbekistonda 68 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan. Bu haqda ushbu ish bo‘yicha 10 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida davlat ayblovchisi ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

O‘tgan yil davomida ayblanuvchilar soni 65 nafar ekani aytib kelinayotgan edi. Yana 3 nafar qurbon borligi haqida bu holat bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ikkinchi jinoyat ishining tergov xulosasidan ma’lum bo‘ldi. Ikkinchi ish doirasida 3 bolaning o‘limidan tashqari, kamida 16 bola nogiron bo‘lib qolgani, 2 bola yengil jarohat olgani holatlari tergov qilingan.

Birinchi jinoyat ishi doirasida ayblov e’lon qilingan 21 nafar shaxsdan 17 nafari ikkinchi jinoyat ishi doirasida ham figurantlar sanaladi. 5 yanvar kungi sud majlisida bu ikkita ish bo‘yicha sud jarayoni birlashtirilgan edi.

5 yanvar kuni, shuningdek, sudlanuvchilar soni 21 nafardan 23 nafarga yetgani ma’lum bo‘ldi. Dekabr oyida sud JPKning 416-417-moddalariga asosan qo‘shimcha tergov o‘tkazish bo‘yicha ajrim chiqargandi. Shunga ko‘ra, tergov organlari yana 2 nafar shaxsga nisbatan ayb e’lon qilgan.

Toshkent shahar sudining bugun, 10 yanvar kungi majlisida prokuror bu ikki shaxsga nisbatan ayblov xulosasini o‘qib eshittirdi.

Ulardan biri – Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazining Farmakologiya qo‘mitasida bosh mutaxassis lavozimida ishlagan Tolipov Farrux Ma’murovichdir.

Farrux Tolipov yuqorida ko‘rsatilgan lavozimda ishlab, ya’ni davlat xizmatchisi bo‘la turib takroran pora olish, bir guruh shaxslar bilan oldindan til biriktirib muayyan huquq beradigan rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish, bu hujjatlar qalbaki ekanini bila turib ulardan foydalanish bilan shug‘ullanib kelganlikda ayblanyapti.

O‘zbekistonda o‘rnatilgan tartibga asosan, dori vositasi ishlab chiqaruvchi davlatdan tashqari yana kamida bitta davlatda ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, ushbu dori vositasi klinik tadqiqotlarsiz, klinikoldi tadqiqotlar materiallari va ularning ekspertizasi asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Tergov xulosasiga ko‘ra, “Quramax Medical” MChJ direktori Singh Ragvendra Pratar davlat xizmatchisi bo‘lmish Farrux Tolipov bilan oldindan til biriktirib, Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Tarareks 200” va “Tarareks 400” (keyinroq nomi “Kuraraks 200” va “Kuraraks 400”ga o‘zgargan) dori vositasini klinik tadqiqotlarsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun bu dorining Hindistondan tashqari go‘yoki Tojikistonda ham davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risida soxta guvohnoma tayyorlatishni rejalashtirgan.

Ayblovga ko‘ra, Tolipov 2022 yil taxminan aprel oyida Singh bilan til biriktirib, moddiy manfaat evaziga, yuqorida ko‘rsatilgan dorining Tojikistonda ham davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi soxta guvohnomani tayyorlab berish uchun o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan Nazarov Farhod Ahmedovichga murojaat qilgan. Bu shaxs xorijda ishlab chiqarilgan dori vositalarini O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha konsalting xizmatini ko‘rsatish bilan shug‘ullanib kelgan.

Prokurorning aytishicha, Nazarov Tolipovning iltimosiga rozi bo‘lib, o‘zi rahbarlik qilib kelgan “Origin Solutions” MChJning (2015 yilda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, yagona ta’sischisi ham o‘zi) Toshkent shahar Mirobod tumani Nukus ko‘chasi 85/1-uy manzilida joylashgan ofisida so‘ralgan dorining go‘yoki Tojikistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqida 2021 yil 10 dekabr sanasi bilan, 11544 seriya raqamli soxta guvohnoma tayyorlagan. Bunga qo‘shimcha ravishda bu guvohnomaning go‘yoki Hindistonda notarial tartibda tasdiqlanganini ko‘rsatuvchi qizil rangli stikerni yelimlab, Tolipovga taqdim etgan.

“O‘z navbatida Tolipov mazkur guvohnomani qo‘lga kiritib, uni Singhga yetkazib bergan. Shunda Singh Tolipovning mazkur xizmatlari uchun pora tariqasida 1100 AQSh dollari bergan. Shu tariqa Singh ushbu qalbakilashtirilgan guvohnomani “Quramax Medical” MChJning ro‘yxatga olish bo‘yicha menejyeri Mirzaahmedov Nuriya Muhiddin qizi orqali “Tarareks 200” va “Tarareks 400” dori vositasining yig‘ma hujjatlariga qo‘shimcha qilib, davlat markaziga topshirgan va mazkur qalbaki guvohnoma asosida dori vositasining klinik tadqiqotlarsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkazish mumkinligi haqidagi Farmakologiya qo‘mitasining ijobiy qarori qabul qilinishiga erishgan”, – deya davlat ayblovchisining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Farrux Tolipov va Farhod Nazarovga nisbatan Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi “b” bandi hamda 228-modda 3-qismi bilan ayblov e’lon qilingan.

Tergov hujjatlariga ko‘ra, Singh 2022 yil taxminan iyun-iyul oyida yana Tolipovga murojaat qilib, bu safar “Tarareks orni” (keyingi nomi “Kuraraks orni”) dori vositasini klinik tadqiqotlarsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ushbu dori vositasi go‘yoki Hindistondan tashqari Tojikistonda ham davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani haqidagi soxta guvohnomani tayyorlab berishni so‘ragan. Bu safar ham pora miqdori 1100 dollar bo‘lishiga kelishilgan.

Prokurorning ma’lum qilishicha, Tolipov bu holatda ham jinoiy sherigi Nazarovga murojaat qilgan, Nazarov yana soxta guvohnoma tayyorlab bergan, Tolipov bu guvohnomani Singhga topshirish orqali kelishilganidek 1100 dollar olgan va yakunda bu dori ham klinik sinovlarsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishiga erishilgan.

Bu ikkinchi holat bo‘yicha Tolipov Jinoyat kodeksining 214-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan, Nazarov esa 228-modda 2-qismi “a, b” bandlari va 228-modda 3-qismi bilan ayblanmoqda.

Davlat ayblovchisi o‘z nutqida Farhod Nazarovning bu ishdagi moddiy manfaatdorligi masalasiga aniqlik kiritmadi.

Mavzuga oid