O‘zbekiston | 12:33 / 11.01.2024
33764
8 daqiqa o‘qiladi

«Eng yuqoriga noto‘g‘ri «spravka» kiritilgan» - Dok-1 Maks ishida sudlanayotgan Sardor Kariyev asossiz ayblanayotgani va uning sabablari haqida gapirdi

Farmagentlikning 68 bola o‘limi bilan bog‘liq ishda ayblanayotgan sobiq rahbari Sardor Kariyev sudda ko‘rsatma berdi. U barcha ishlar ortida o‘zining o‘sha vaqtdagi birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Egamov turganini, tergov va sudda barcha dalillar uni ayblashga qarab ketgan bo‘lsa ham javobgarlikka tortilmayotganini aytdi.

10 yanvar kuni Dok-1 Maks ishi bo‘yicha sud jarayoni davom etdi. Unda Farmatsevtika agentligi sobiq rahbari Sardor Kariyev ko‘rsatma berdi.

Bu sud jarayonlari qariyb 5 oydan buyon davom etyapti. Shu paytgacha bergan barcha ko‘rsatmalarimni tasdiqlayman.

Oldin ham sudda so‘z berilganida gapirgandim. Menga nisbatan tergov tomonidan aybim bo‘lmasa ham, ayblov xulosasi menga nisbatan bo‘ldi. Sud davomida men va advokatlarim tomonidan barcha ayblovlarga nisbatan bandma-band dalillar va isbotlar bilan oydinlik kiritildi. O‘zi rahbarlik qilishi kerak bo‘lgan ekspertlar kengashida chiqarilgan hujjatlarga imzo chekkan, degan ayblovga nisbatan ham dalil keltirildi. Ya’ni Sog‘liqni saqlash vazirining 104-sonli qarorida rahbar bo‘lmasa ham, ekspertlar kengashi rahbar o‘rnini bosuvchi shaxs bilan o‘tishi mumkin, degan band bor. Tergovda ham buni aytganman, ammo buni inobatga olishmagan. O‘sha paytda davlat delegatsiyasi tarkibida AQShda bo‘lganim ham aytilmagan. Tergov tomonidan menga nisbatan qasddan ayblov qo‘yish deb bilaman.

O‘zim ham huquqshunosman. Shu nuqtai nazardan aytolamanki, ayblov xulosasi bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan epizodlar bilan bo‘rttirib yozilgan. Dori vositasining litsenziya sertifikat muddati o‘tib ketgan, degan ayblov qo‘yilyapti. Lekin sud-tergov jarayonida ko‘rinyaptiki, shartnoma bo‘yicha pul tushmasdan turib korxonasi tomonidan sertifikat taqdim etilyapti, ammo tergov hujjatlarida keltirilmayapti bu. Sirop bo‘yicha barcha hujjatlar topshirilgan, sud tergovida har bandi bo‘yicha aniqlik kiritildi.

Bu dorining O‘zbekistonga kirib kelishini to‘xtatish iloji yo‘q edi deb o‘ylayman. Chunki xalqaro qonunchilikda, Britaniya farmakopeyasida dori vositalaridagi propilenglikol moddasi ichidagi yot modda etilenglikolni tekshirish ko‘zda tutilmagan, O‘zbekiston qonunchiligida sirop dori vositalaridagi yot moddalarni tekshirish ko‘rsatilmagan. Shu nuqtai nazardan xodimlarim tomonidan olib borilgan ishlar qonun doirasida amalga oshirilgan.

Yuqorida aytganimdek, Britaniya farmakopeyasida propilenglikol moddasi ichida etilenglikol va dietilenglikol borligini tekshirish yo‘q. Shuning uchun ham ishlab chiqaruvchi Hindiston kompaniyasi ham o‘zining tekshiruvlarida bu narsani tekshirib ko‘rmagan. Agar bu holatda mendan boshqa rahbarlar bo‘lganda ham xuddi shu mexanizmda voqea takrorlanar edi, chunki farmakopeyada bu ko‘rsatilmagan, qonunchilikda ham siroplarni yot moddalarga tekshirish aytilishi kerak edi. Siropning O‘zbekistonga kirib kelishi jarayonida hech kimda jinoyat holati bo‘lmagan, bu narsaning oldini olish imkoni yo‘q edi.

Quramax dori vositasining inspeksiyadan yechilishi masalasi. Bu yerda ham katta adolatsizlik bo‘lyapti. Ulug‘bek degan vallamat sudga kelganda so‘roq qilindi. Ko‘rsatma berayotgan paytda savollarga javob berolmay qoldi. Inspeksiyadan yechilishiga, boshqa dorilarning ham yechilishiga aloqasi bo‘lgan deb o‘ylayman. Tergov esa buni yashiryapti. Tergov jarayonida ko‘rsatmalarning barchasi Egamovga qarab ketayotganini ko‘rib, u epizoddan chiqarib tashlandi deb hisoblayman. Bu yerda mening umuman aybim yo‘q, hamma narsa mening orqamdan qilingan. Men tomonimdan qaysidir dori vositasini inspeksiyasidan yechish bo‘yicha noqonuniy topshiriqlar berilmagan. Barchasi menga nisbatan qasddan qilinayotgan ko‘rsatmalar.

Ulug‘bek (Egamov) sudga kelganda so‘roqlarga qay darajada javob berganini hamma ko‘rdi, OAVda yoritildi. Unga qarshi ko‘rsatmalar qo‘yib berildi. Unga nisbatan chora bo‘ladi deb o‘ylagan edim, ammo bunday bo‘lmadi. Bu e’tirozimni tergovga ham aytdim. Tergovchilar aytdiki, biz ko‘rsatmalar bilan hech kimni qamay olmaymiz, dedi. Boshqalarni ko‘rsatmalar bilan qamasa bo‘lar ekan-ku, nega endi uni javobgarlikka tortib bo‘lmaydi.

Tergov xohlagan odamni aybdor qilib ko‘rsatgan. Bir narsaga e’tibor qilishni so‘rardim. Tadbirkor kelib, 200 dollar berganini aytyapti, ya’ni pora berish, boshqa narsa deb bo‘lmaydi. Ammo tergov uni pora berishga majbur bo‘lgan jabrlanuvchi sifatida ko‘rsatyapti.

Temirov Umid  yolg‘on ko‘rsatmalar beryapti. AQShdan qaytganimdan so‘ng unga ishonganim uchun olib kirgan hujjatiga qo‘l qo‘yib berganman. Ammo ko‘rsam boshqa hujjat turibdi, nega bunaqa bo‘lgan, desam, uzr, boshqa hujjatga qo‘l qo‘ydirib olibman, adashibman, dedi. Shuning uchun tergovda onlayn qatnashganman, deng deb aytdi. Ko‘rsatmalarga ko‘ra menga ayblov qo‘yilyapti, ammo unga ayblov yo‘q. Agar unga ayblov qo‘yilib, u tan olsa, men aybsiz bo‘lib qolib, shuncha tergov yo‘q bo‘lib qoladi.

Ish ochilgandan so‘ng ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinguncha 1 oy vaqt o‘tdi, agar o‘zimni aybdor deb bilganimda qochib ketgan bo‘lardim. Ammo unday qilmadim, chunki aybdor emasligimga ishonaman. Agar tergov to‘g‘ri qilinganda, men ayblanuvchi emas, balki guvoh sifatida turgan bo‘lardim.

Yana bir narsa. Menga guvoh sifatida kelish to‘g‘risida chaqiruv qog‘ozi kelgan edi. Ammo 2023 yil 24 yanvar kuni meni omma oldida hibsga olib ketishdi aa buni OAVlarda ko‘rsatishdi. Tomosha qilib qamashdi.

Afsuski, tergovda adolat bo‘lmadi. Prokuraturaga ayblov xulosasi berilgach, noto‘g‘ri yozilgan, epizodlar boshqa-boshqa, xato bu, 186-modda yo‘q, desam ham, baribir o‘tkazib yuborishdi. 186-modda ishlab chiqargan, sotgan, saqlagan, tashigan odamga nisbatan qo‘yildi. Ayblov xulosasida 186-modda ifodalangan harakatlarga deb qo‘yilgan. Bu nima degani? Ifodalangan harakat desak, ota-onamizni ham bizni dunyoga keltirgani uchun qamab qo‘yish mumkin bo‘ladi. Yuridik tomondan aniq harakatlar, obektiv, sub’yektiv sabablar ko‘rsatilishi kerak.

Tergovchilarga nega meni aybdor qilyapsiz, aybim yo‘q-ku, desam, sening aybing — rahbarliging, xalqning ko‘zi qonga to‘lgan, biz rahbar odamni qamashimiz kerak, shunda xalq tinchiydi, degan gaplarni aytishdi.

Korrupsiyaga aloqam yo‘q, halol ishladim. To‘ydan oldin nog‘ora chalib, ommaga meni yomonlab qo‘yishdi. Temirov kelib menga qarshi ko‘rsatma beryapti, o‘zi aybdor bo‘lib turib. Orqamdan ish qilib turib u jabrlanuvchi bo‘lib, men aybdor bo‘lib qolyapman, g‘alati holat.

Oxirgi umidim shu suddan, huquqiy davlatda yashayapmiz deb o‘ylayman. Aytganimdek, asossiz ayblovlar bilan qamalib turibman. Shu sud oxirgi umidim, dedi o‘z ko‘rsatmasida Sardor Kariyev.

Sud ishi 12 yanvarga qadar tanaffus e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda “Dok-1 Maks” siropidan vafot etgan bolalar soni 68 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda 10 yanvar, kunning birinchi yarmida o‘tgan sud majlisida davlat ayblovchisi (prokuror) ma’lum qilgan. Shuningdek, sud majlisida yana ikki kishiga nisbatan tergov organining ayblov xulosasi o‘qib eshittirilgan.

Mavzuga oid