Jahon | 19:11 / 12.01.2024
16893
7 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Britaniyaning husiychilarga hujumi. Hozirgacha nimalar ma’lum?

Rossiya buni BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasini «bulg‘ash» deb atagan.

Foto: Reuters

AQSh va Buyuk Britaniya Yamandagi isyonchi husiychilar Qizil dengizdagi kemalarga hujumlarni bas qilishi uchun ularning pozitsiyalariga zarbalar yo‘lladi. Vashington va Londonning harakatlarini Qizil dengiz koalitsiyasi a’zolari ham qo‘llab-quvvatladi.

Zarbalar natijasida husiychilarning o‘nlab nishonlari yo‘q qilingan, ammo operatsiya qurbonlarsiz o‘tmagan. Husiychilar bu zarbalar ularni to‘xtatmasligi, Isroilga yuk olib ketayotgan kemalarga hujumlar davom ettirilishini ma’lum qilgan. AQSh tomoni esa aviazarbalar natijasida isyonchilarning harbiy imkoniyatlari sezilarli darajada kuchsizlanganini bildirgan.

Sano chekkasidagi hududga berilgan zarbadan keyingi portlash, 2024 yil 12 yanvar
Wang Shang / Xinhua / ZUMA Press / Scanpix / LETA

Qanday nishonlarga zarba berilgan?

AQSh harbiylari husiychilarning 16 ta nuqtadagi 60 ta nishoniga aniq zarba berilganini ma’lum qildi. Bu haqdagi bayonotda husiychilar Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi yana bir bor ta’kidlangan.

Pentagon zarba berilgan nishonlar orasida radar tuzilmalari, qurol-yarog‘ omborlari, uchuvchisiz qurilma va raketa uchirish maydonlari, shuningdek, husiychilar boshqaruv punkti bo‘lganini sanab o‘tdi. Zarbalar husiychilar nazoratidagi asosiy shahar Sanoga, Hudayda port shahriga va yana boshqa shaharlarga qaratilgan.

Britaniya razvedkasi esa Asdasdagi aerodromga zarba berilgani, bu yerdan raketa va dronlarni uchirishda foydalanishganini bildirgan. Shuningdek, Baniydagi ingliz razvedkasi uchuvchisiz qurilmalar uchirish maydoni deb hisoblagan hududga ham zarba berilgan.

Qurbonlar bormi?

Husiychilar tun davomida umumiy 72 ta zarba berilgani haqida bayonot berdi. Ularning vakiliga ko‘ra, zarbalar oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan. Pentagon esa zarbalar yuqori aniqlikdagi qurollar yordamida faqat harbiy nishonlarga qaratilganini ta’kidlagan.

Siyohrang bilan Yamanning husiychilar nazoratidagi qismi belgilangan

Britaniya va AQSh qanday quroldan foydalangan?

Asosiy zarbalar AQShning Qizil dengizdagi aviatashuvchi kemasidan va mamlakatning mintaqadagi aviabazalaridan turib yo‘llangan. Amerikaliklar harbiy kemalardan berilgan zarbalarda GPS-boshqaruvga ega va havo hujumidan mudofaa tizimlariga chap beradigan Tomahawk qanotli raketalaridan foydalangan. AQSh tomoni raqamlarga aniqlik kiritmagan, lekin nishonlar tomon turli xildagi 100 dan ortiq o‘q-dorilar otilgani haqida hisobot berdi.

Britaniya tomonidan zarbalarda birdaniga bir necha nishonlarga zarba bera oladigan 4 ta Typhoon qiruvchi samolyotlari ishtirok etgan. Ular Kiprdagi aviabazadan havoga ko‘tarilgan. Inglizlar qancha bomba tashlangani haqida ma’lumot bermagan. Qizil dengizda Britaniya harbiy-dengiz kuchlarining ikkita kemasi bo‘lsa ham, ularning hech biri quruqlikdagi nishonlarga zarba berishga moslashmagan. Shu sababli ular operatsiyada ishtirok etmagan.

Husiychilar so‘nggi oylarda Bob-al-Mandib bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnoviga xavf solib kelmoqda

Husiychilar qanday reaksiya bildirdi?

Yaman husiychilari Isroil G‘azodagi harbiy harakatlarni to‘xtatmaguniga qadar Qizil dengizdagi kemalarga hujum qilishini aytib keladi. Ular Isroilga borayotgan yoki unga aloqasi bo‘lgan har qanday kemani qonuniy nishon deb hisoblaydi. Ammo ular ko‘p marta Isroilga aloaqasi bo‘lmagan kemalarga ham hujum qilgan.

Husiychilar yetakchisi Muhammad al-Buhayti Yamanga berilgan zarbalardan keyin AQSh va Britaniya tez orada o‘z tarixidagi eng katta xatoga yo‘l qo‘yganini anglab yetishini ma’lum qildi.

«AQSh va Britaniya Yaman bilan urush boshlab katta xato qildi. Chunki ular o‘tmishdan xulosa qilishni bilishmaydi», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. Shuningdek, dunyo ahlida yo qatliom qurbonlari bo‘lgan mazlumlar yoki qatliomga rozi bo‘lganlar tomonida turishdek ikki yo‘l borligini qo‘shimcha qildi.

Husiychilarning yana bir vakili ham shu yo‘sinda gapirib, AQSh va Britaniya bu ishi orqali Yaman Falastinni qo‘llashni bas qiladi deb o‘ylasa, adashishini aytdi. Yamandagi husiychilarni qo‘llovchi Eron bu zarbalarni Yaman hududiy yaxlitligiga tahdid va xalqaro huquqning buzilishi deb atadi.

Suvaysh kanalidan yiliga 17 ming kema o‘tadi. Ular 1 trln dollarlik mahsulotlarni tashiydi. Ya’ni jahon savdosining 12 foizlik qismi Qizil dengiz orqali olib o‘tiladi.

Bayden va Sunak zarbalarni qanday oqlamoqda?

AQSh prezidenti zarbalarni husiychilarning Qizil dengizdagi kemalarga hujumiga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob deb atagan. «Bu hujumlar amerikalik harbiylar, oddiy dengizchilar, ittifoqchilarimiz hayotini xavf ostiga qo‘yadi, savdo erkinligiga zarar yetkazadi», degan Bayden.

Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak esa dunyo yuk tashishi uchun koalitsiyaning harakatlari muhim bo‘lganini ta’kidladi. «Ko‘p marta ogohlantirishlarga qaramay, husiychilar Qizil dengizdagi kemalarga hujum qilishni to‘xtatishmadi. Xususan, ushbu haftada AQSh va Britaniya harbiy kemalariga hujum qilishdi», dedi Sunak va ortiq bunday davom etishi mumkin bo‘lmaganini qo‘shimcha qildi.

AQSh va Britaniyaning harakatlarini Qizil dengiz koalitsiyasiga a’zo bo‘lgan Avstraliya, Bahrayn, Kanada, Daniya, Germaniya, Niderlandiya, Yangi Zelandiya va Janubiy Koreya kabi davlatlar qo‘llab-quvvatlagan.

Qizil dengizga kirish xavfli bo‘lib qolgani tufayli ko‘plab kompaniyalar yuk tashishda Afrikani aylanib o‘tuvchi uzoq va juda qimmatga tushuvchi marshrutdan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.

Moskva nima dedi?

«AQShning Yamanga bergan zarbalari anglosakslarning BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasini bulg‘ashining navbatdagi misolidir. Bu zarbalardan maqsad o‘zlarining vayronkor g‘oyalarini amalga oshirish va mintaqadagi eskalatsiyani kuchaytirish bo‘lgan», deb yozdi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova.

Avvalroq Rossiya AQSh va Britaniyaning Yamanga zarbalaridan keyin BMT Xavfsizlik kengashining tezkor yig‘ilishi o‘tkazishni so‘ragani ma’lum bo‘lgandi.

Ma’lumot uchun, bu AQShning Yamanga 2016 yildan buyon ilk zarbasi bo‘ldi. Yamanga zarbalardan keyin AQShda o‘nlab odamlar ishtirokida norozilik namoyishlari o‘tkazilgan. Namoyishchilar Nyu-Yorkdagi Tayms-skver va Vashingondagi Oq uy binosi oldida to‘planib, zarbalarni qoralagan, shuningdek, Falastinni qo‘llagan.

Mavzuga oid