Jahon | 13:32 / 12.01.2024
3988
5 daqiqa o‘qiladi

HRW inson huquqlari buzilishini tanqid qilishdagi ikki xil standartlarni qoraladi

Huquq himoyachilarining aytishicha, hokimiyat qonunbuzarliklarga e’tibor bermasa, inson huquqlari xavf ostida qoladi. Rossiya haqida gapirar ekan, ular hokimiyatni o‘zgacha fikrlovchilarga qarshi repressiyalari, ommaviy axborot vositalariga bosimlari, jurnalistlarning hibsga olinishini qoralaydi.

Foto: AP

Dunyo bo‘ylab ko‘plab mamlakatlarning rasmiylari kuchli bosim ostida qolgan fundamental huquqlarni himoya qila olmadi. Bu haqda Human Righs Watch (HRW) inson huquqlari tashkilotining 11 yanvar, payshanba kuni chop etilgan 2023 yilgi hisobotida aytiladi. Tashkilot, shuningdek, ayrim hukumatlarning inson huquqlari buzilishini qoralashdagi «ikki tomonlama standartlar»ini tanqid qildi.

Rossiya: urushga qarshi pozitsiya uchun qattiq jazo

Hisobotning Rossiyaga bag‘ishlangan qismida mamlakat rasmiylari 2023 yilda o‘zgacha fikrlovchilarga qarshi repressiyalarni yanada kuchaytirgani aytiladi. Xususan, tashkilot Ukrainadagi urushga qarshi chiqqanlik uchun qattiqroq jazo berila boshlanganiga ishora qilmoqda. Buning uchun Rossiya hukumati uzoq muddatli qamoq jazosi nazarda tutilgan rus armiyasini «obro‘sizlantirish» va «feyklar» deb atalgan ayblovlardan foydalangan.

Hisobotda armiya haqidagi «feyklar» moddasi bilan sakkiz yarim yillik qamoq jazosiga hukm qilingan muxolifatchi Ilya Yashin hamda davlatga xiyonatda ayblanib 25 yilga qamalgan Vladimir Kara-Murza tilga olingan.

HRW, shuningdek, Haagadagi xalqaro jinoiy sud tomonidan 2023 yil mart oyida bolalar masalalari bo‘yicha vakil Lvova-Belovani hibsga olish uchun order berilganini eslatdi. U Ukrainaning Rossiya qo‘shinlari tomonidan egallab olingan viloyatlaridan ukrainalik bolalarni noqonuniy olib chiqishda gumon qilinmoqda.

Bundan tashqari, o‘tgan yili Kreml mustaqil matbuotga bosim o‘tkazgan. «Dojd» telekanali, «Meduza», «Proyekt» va «Novaya Gazeta Yevropa» nashrlari «nomaqbul» tashkilotlar deb e’lon qilindi, deyiladi xabarda.

Rossiyada jurnalistlar ham ta’qibga uchragan. Xususan, mart oyida Amerikaning The Wall Street Journal nashri xodimi Evan Gershkovich qo‘lga olinib, josuslikda ayblandi va «Lefortovo» tergov izolyatoriga joylashtirildi. Kuzda jurnalist Alsa Kurmasheva avvaliga «chet el agentlari» haqidagi qonunchilikka rioya qilmaganlikda, keyinroq esa Rossiya armiyasi haqida «feyklar» tarqatganlikda ayblanib, qo‘lga olingan.

Bir qator jiddiy inqirozlar

Hukumatlar qonunbuzarliklarni bartaraf qilmasa, inson huquqlari tizimi xavf ostida qoladi, dedi HRW ijrochi direktori Tirana Hassan. Har safar buning uchun narx to‘lashga to‘g‘ri kelyapti, «ba’zida bu narx - inson hayotidir».

O‘tgan yil yangi tarixdagi bir qator og‘ir inqirozlar, xususan, Ukraina hamda Isroil va HAMAS guruhi o‘rtasidagi urushlar, Birma va Sahel mintaqasidagi mojarolar bilan esda qoldi, deb ta’kidladi HRW. Hisobot dunyoning 100 ga yaqin davlatidagi inson huquqlari ahvolini aks ettiradi.

HRW ikki xil standartlarni qoraladi

HRW ma’lum qilgan muammolardan biri shundaki, hukumatlar buni faqat alohida holatlarda talab qilganda, huquqni himoya qiluvchi institutlarga ishonch pasayadi. Shu tariqa, ikki tomonlama standartlar jahon hamjamiyati Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlarini qoralab, Xitoy harakatlarini e’tiborsiz qoldirganida namoyon bo‘lyapti, deya qayd etadi tashkilot. Shu bilan birga, HRW ko‘plab davlatlar rasmiylari HAMASni qoralayotgani, biroq Isroilni tanqid qilishda vazminlik ko‘rsatayotganini qoraladi.

Germaniyaga bag‘ishlangan bo‘limda inson huquqlarini himoya qilish tashqi siyosatning asosiy tamoyillaridan biri ekanligi ta’kidlangan. Biroq huquq himoyachilariga ko‘ra, bu tamoyil ko‘pincha boshqa manfaatlarga bo‘ysundiriladi. Misol tariqasida HRW Isroilga harbiy yordam va Fors ko‘rfazi monarxiyalari bilan hamkorlik kuchaytirilganini keltiradi. Hisobotda Germaniya boshqa davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirishda inson huquqlari masalalariga juda kam e’tibor qaratayotgani ta’kidlanadi. Shu tariqa, kansler Olaf Shols Hindistonga tashrifi chog‘ida bu mamlakatda inson huquqlari buzilishiga urg‘u bermadi, deya tanqid qilgan tashkilot.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid