Jahon | 11:15 / 12.01.2024
2717
4 daqiqa o‘qiladi

Novosibirskda avariya tufayli yuzlab uylar issiqliksiz qoldi

Novosibirsk hokimiyati ma’lumotlariga ko‘ra, 400 ga yaqin uy issiqlik ta’minoti tizimiga qayta ulangan. 124 ta uy va 10 ta ijtimoiy obekt issiqlik va issiq suvsiz qolmoqda. 13 ta maktab masofaviy ta’limga o‘tdi.

Foto: RIA Novosti

Novosibirskda isitish tizimidagi avariya natijasida bir necha yuzta uy issiqlik va issiq suvsiz qoldi. «Butun chap qirg‘oq bo‘ylab issiqlik ta’minoti parametrlari pasaytirildi, hozir ular qayta tiklanmoqda, qayta ishga tushirish va turar joy binolarini issiqlik bilan ta’minlash jarayoni davom etmoqda. Ayni paytda 400 ga yaqin uy qayta ulandi», — dedi shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Oleg Klemeshov payshanba, 11 yanvar kuni.

Avariya zonasida - 64 ta maktab va 70 ta bolalar bog‘chasi

Shahar hokimiyati ma’lumotlariga ko‘ra, Lenin tumanidagi quvurda avariya tufayli 124 ta turar joy binosi va 10 ta ijtimoiy obekt hamon issiqlik va issiq suvsiz qolmoqda. Hokimlik Lenin va Kirov tumanlarida 13 ta maktab masofaviy ta’limga o‘tkazilganini ma’lum qildi. Yana 9 ta maktabda birinchi smenada darslar qisqartirilgan.

Avvalroq «Sibirskaya generiruyushchaya kompaniya» biroz kichikroq uzilishlar haqida xabar bergan edi. «Uzilish konturida - 104 ta uy va 13 ta ijtimoiy muassasa. Nosozlikni aniqlash davrida Lenin va Kirov tumanlaridagi bir qator uylarga issiqlik ta’minoti ham cheklangan», - deya ma’lum qildi u. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin vaqtda avariya oqibatlarini bartaraf etish rejalashtirilgan. Payshanba kuni Novosibirskda havo harorati kunduzi taxminan -15 daraja, kechasi esa -20 darajadan pastga tushadi.

«Sibirskiy ekspress» Telegram-kanali ta’kidlaganidek, Novosibirskning Lenin tumanida magistral issiqlik tarmog‘ida avariya sodir bo‘lgan, natijada turar joy binolari va boshqa binolarda issiqlik va issiq suv ta’minoti uzilib qolgan, ko‘chalar suv ostida qolgan. Viloyat hukumati «vaziyat Uy-joy kommunal xo‘jaligi va energetika vazirligi nazoratida» ekanini ta’kidladi.

Jinoiy ish qo‘zg‘atilgan

Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi iste’molchilar hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. «Tuman prokurorlariga issiqlik ta’minoti tarmoqlari faoliyatining qonuniyligini, resurslar bilan ta’minlovchi tashkilotlar, boshqaruvchi korxonalar va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini qo‘shimcha tekshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi», — deyiladi viloyat prokuraturasi matbuot xizmati xabarida.

So‘nggi haftalarda Rossiyaning bir qancha viloyatlarida shunga o‘xshash hodisalar sodir bo‘ldi. Yanvar oyi boshida Moskva viloyatidagi issiqlik trassasida sodir bo‘lgan avariya eng katta rezonansga sabab bo‘ldi, buning natijasida Podolskda 20 mingga yaqin odam issiqliksiz qoldi. Aholining so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Yevropa qismidagi sovuqlar vaqtida xonadonlarda havo harorati +10 darajagacha tushib ketgan. Shu kuni Podolsk hokimiyati muammoni bartaraf etish uchun qo‘shimcha kuch va vositalarni qo‘llash maqsadida mahalliy favqulodda holat joriy qildi. Podolskning Klimovsk mikrorayonida issiqlik ta’minotidagi uzilishlar bo‘yicha jinoiy ish 7 yanvar kuni qo‘zg‘atildi, keyinroq esa Podolsk vitse-meri qo‘lga olindi.

Mavzuga oid