O‘zbekiston | 16:44 / 13.01.2024
11553
7 daqiqa o‘qiladi

Ekologiya vazirligi: “Butun dunyo ko‘mirga o‘tayotgani uchun O‘zbekiston ham ko‘mirga o‘tmoqda”

“Yevropa davlatlari ham energetik resurslar kamaygani hisobiga ko‘mirga o‘tishni boshladi. Bu tendensiya faqat O‘zbekistonda emas, hamma joyda bo‘lyapti. Xitoydagi ko‘mir stansiyalari 1-2 yil oldin yopilgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib yana ochilyapti. O‘zbekistonda ham ko‘mir sifatini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar berilmoqda”, deydi mas’ullar.

Ekologiya vazirligi e’lon qilgan tahlillarda Toshkent shahri havosining qish oylarida ifloslanishiga ayrim tashkilot va korxonalarning ko‘mir va mazut bilan ishlayotgani asosiy sabab qilib ko‘rsatilgandi. 2023 yil qish oyidagi energetik kollaps sabab elektr energiyasini tejash uchun 5 mingdan ortiq muassasalar ko‘mirga o‘tkazilishi haqida qaror chiqqan edi.

Kun.uz muxbiri Ekologiya vazirligida o‘tgan matbuot anjumanida shu qaror qabul qilinganda vazirlik qanday munosabat bildirganini so‘radi.

O‘shanda nega Ekologiya vazirligi bu qarorga qarshi chiqmadi? Agar taklifni Energetika vazirligi bergan bo‘lsa, vazirlik sizlardan xulosa olganmi?” – degan savol berildi.

Ekologiya vazirligi ekologik siyosat boshqarmasi boshlig‘i Farrux Sattorov buni o‘tgan yildan boshlab dunyoda energetik krizis kuzatilgani, rivojlangan davlatlar ham ko‘mirga o‘tgani bilan izohladi.

Yevropa davlatlari ham energetik resurslar kamaygani hisobiga ko‘mirga o‘tishni boshladi. Va bu tendensiya faqat O‘zbekistonda emas, hamma joyda bo‘lyapti. Misol uchun Xitoyni gapirayotgan bo‘lsangiz, ko‘mir stansiyalari 1-2 yil oldin yopilgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib yana ochilyapti. Iqtisodiyot ham rivojlanyapti, ko‘mir masalasiga keladigan bo‘lsak, vazirlik sifatida biz “O‘zbekko‘mir” bilan ishlayapmiz, ko‘p takliflarni ko‘mir sifatini yaxshilash bo‘yicha Energetika vazirligiga beryapmiz. Chunki ko‘mirning sifati yaxshi emas edi, ma’lum bir standartlar, tavsiyalar berilyapti”, – dedi Sattorov 12 yanvar kuni o‘tgan matbuot anjumanida.

Savolga javobni davlat Ekologik nazorat inspeksiyasi vakili Xurshid Pirov to‘ldirdi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, vazirlik ochiqcha qarshilik ko‘rsatmagan bo‘lsa ham, ko‘mir tashlamalari nazoratini olib boryapti va yirik zavod, fabrikalarga ko‘mirdan foydalanish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bergan.

Xurshid Pirov

Ya’ni ular ko‘mirda ishlasa ham, ekspertiza xulosasida belgilangan talabni bajaradi. Filtrlarni o‘z vaqtida yangilab tursa yoki ifloslantiruvchi modda tashlaydigan manbalariga filtrlar o‘rnatsa, yangi filtrlar qo‘ysa, o‘sha ko‘mirda ishlaydigan zavod ham atmosferaga zahar tashlamasligi mumkin”, – dedi Pirov.

Kun.uz muxbiri mutaxassisdan korxona va fabrikalarga qo‘yilgan talab nazoratini kim olib borishini so‘radi.

Ta’kidlanishicha, nazoratni Ekoinspeksiya qiladi. 2023 yilda 109 ta korxona tekshirilgan. Ko‘p miqdorda atmosferaga ifloslantiruvchi modda tashlagan yoki oqova suvlarini tashlagan, aynan aholidan ko‘p murojaatlar kelib tushgan korxonalarga ogohlantirishlar berilgan.

Bundan tashqari bizda doimiy har oyda 2,5 ming korxona monitoring qilib boriladi. Bizda laboratoriya bor. U 2,3 mingta 1- va 2-toifali korxonalar oqova suvlari va atmosferaga tashlamalarini har oyda bir marta monitoring qilib boradi. Monitoring deganda bunga laboratoriyamiz kiradi, o‘sha joydan tahlillar oladi va belgilangan me’yorlarga mosligini solishtiradi. 10-15 foiz holatlarda korxonalardagi tashlamalarning me’yordan oshgani kuzatiladi. Shunday holatda 1-martasiga ogohlantirish beriladi, 2- va 3-martasiga Biznes ombudsmandan ruxsat olgan holatda o‘sha korxonaga kirib, tegishli choralarni ko‘ramiz”, – dedi vazirlik mutaxassisi.

Jurnalistlar 2023 yil hisobida respublika va Toshkent kesimida qancha korxonada zaharli tashlamalar me’yordan ortiq tashlanishi aniqlangani va unga jarima qo‘llangani haqidagi savol bilan murojaat qildi. Vazirlik vakili qo‘lida aniq raqamlar yo‘qligi va batafsil ma’lumotni OAVga taqdim qilishini bildirdi.

Respublikada 70 mingdan ortiq korxona bor. 2022 yilda 300 tacha korxonani tekshirganmiz. Bularga rudani qayta ishlaydigan metallurgiya korxonalari, qurilish mahsulotlari, g‘isht, ohak ishlab chiqaradigan, atrof-muhitga eng ko‘p ta’sir ko‘rsatadigan korxonalar kiradi. 2023 yilda “Bekobod sement” degan korxonani tekshirdik, “Ohangaron sement” korxonasi bo‘yicha shikoyat tushganda, u yerga ham borib, ko‘rsatmalar berib kelganmiz. Toshkent viloyati va shahrida aniq nechta korxona ko‘proq zahar tarqatishi va qanchasiga chora ko‘rilganining aniq raqamlari qo‘limda yo‘q”, – dedi Pirov.

 Shuningdek, vazirlik vakillariga O‘zbekistonning COP26 iqlim konferensiyasida olgan majburiyati eslatilib, hozirgacha berilgan va’daning qancha qismi bajarilgani so‘raldi.

COP26dagi ishtirokida O‘zbekiston tomoni issiqxona gazlarini 2030 yilgacha 2010 yildagi darajadan 35 foizga kamaytirish vazifasini olgan. Hozir shu va’daning necha foizi bajarildi, keyingi yil qanchasi bajariladi? Shu haqda aniq tahlillaringiz bormi?” – degan savol bilan Kun.uz muxbiri mas’ullarga yuzlandi.

Farrux Sattorov ma’lumotiga ko‘ra, issiqxona gazlarining 76 foizi energetika sohasiga to‘g‘ri keladi. Buni qisqartirish uchun Energetika vazirligi va hukumat tomonidan juda katta ishlar amalga oshirilyapti. Hozirgacha, 20 dan ziyod loyihalar aynan o‘sha qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishga qaratilgan. 2026 yilga borib, 8 ming megavatt elektr energiya yashil energetika hisobiga hosil bo‘ladi.

Bundan tashqari, yana bir yaxshi loyiha haqida gapirib o‘taman. Chiqindilarni boshqarish loyihasi alamga oshirilyapti. Metan issiqxona gazi hisoblanadi. Oxirgi yillarda bo‘layotgan sa’y-harakatlar natijasida Koreya kompaniyasi bilan hozirgi kunda loyiha ishga tushgan, qurilish ishlari amalga oshirilyapti. Ya’ni chiqindidan hosil bo‘lgan metanni yig‘ib olib, elektr energiyasi hosil qilishni yo‘lga qo‘yyapmiz va bu tajribani boshqa poligonlarda ham qo‘llash niyatimiz bor”, – dedi Sattorov.

Mavzuga oid