O‘zbekiston | 09:42 / 13.01.2024
3198
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda besh yilda attraksionlar bilan bog‘liq 11 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan 

2019-2023 yilning birinchi yarim yilligi mobaynida attraksionlar bilan bog‘liq jami 11 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan va buning oqibatida to‘rt nafar inson hayotdan ko‘z yumgan.

Foto: Getty Images

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining “Attraksionlarni o‘rnatish va ulardan xavfsiz foydalanish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i loyihasi e’lon qilindi.

Hujjatda aytilishicha, hozirgi vaqtda respublikadagi mavjud 148 ta madaniyat va istirohat bog‘larida, shuningdek boshqa ko‘ngilochar maskanlarda jami 1 993 ta attraksion faoliyat ko‘rsatmoqda.

Biroq, faoliyat ko‘rsatayotgan aksariyat attraksionlar xavfsizlik va texnik talablarga javob bermasligi natijasida turli avariya va baxtsiz hodisalar sodir bo‘lishiga olib kelmoqda.

2019-2023 yilning birinchi yarim yilligi mobaynida attraksionlar bilan bog‘liq jami 11 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan va buning oqibatida to‘rt nafar inson hayotdan bevaqt ko‘z yumgan.

Hozirgi kunda respublikadagi mavjud attraksionlardan foydalanish va ularga texnik xizmat ko‘rsatishni tartibga soluvchi amaldagi  2 ta texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar mavjud.

Biroq, ushbu hujjatlarda respublikadagi mavjud attraksionlarning markazlashtirilgan reyestrini yuritish tartibi, shuningdek, suv attraksionlari hamda havo bilan dam berib shishirilgan attraksionlardan foydalanish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish talablari sohasida huquqiy bo‘shliqlar mavjud, bu esa, o‘z navbatida, mazkur yo‘nalishda davlat siyosatini aniq belgilashda muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Buyruq loyihasi bilan “Attraksionlarni o‘rnatish va ulardan xavfsiz foydalanish qoidalari”ni tasdiqlash ko‘zda tutilgan.

Qoidalar barcha turdagi attraksionlar, shuningdek, yordamchi qurilmalar uchun texnik talablarni qo‘llash va amalga oshirishda yuzaga keladigan munosabatlarni hamda ushbu talablar bilan bog‘liq montaj qilish, sozlash va foydalanish jarayonlarini, respublikadagi mavjud attraksionlar markazlashtirilgan reyestrini yuritish tartibini belgilaydi.

Mavzuga oid