Sport | 10:55 / 13.01.2024
7707
5 daqiqa o‘qiladi

Sardorning Saudiyani mag‘lub etishidan Sonning dubligacha. Osiyo kubogi-2015ni qanday eslaymiz?

Foto: EPA

Osiyo kubogi-2011da O‘zbekiston turnirdagi eng yaxshi natijasini qayd etgan bo‘lsa-da, Vadim Abramovning iste’fosidan so‘ng Mirjalol Qosimov boshqaruvida alamli tarzda JCh-2014ga yo‘llanma ololmagandi. Osiyo kubogi-2015 oldidan tarkibga Sardor Rashidov, Igor Sergeyev va Jamshid Iskanderov singari yoshlar jalb etilgan, Avstraliyadagi turnir hayajonli voqealarga boy o‘tgan, ammo bu safar ham Qosimov shogirdlariga muhim pallada omad yetishmagandi.

Qosimov iste’fo so‘ragan edi, ammo...

Omadsiz yakunlangan JCh-2014 saralashidan so‘ng Mirjalol Qosimov O‘FF tomonidan milliy jamoada qoldirilishi ma’lum qilingach, murabbiyning o‘zi bosh jamoa rulidan iste’foga chiqishni so‘raydi, ammo o‘sha paytdagi futbolimiz rahbari Mirabror Usmonov o‘zbek futboli afsonasiga ishonch bildirib, jamoani Osiyo kubogiga olib borishni tayinlaydi. Shu sabab muxlislar Qosimovning milliy jamoada qolganidan norozi bo‘lishgandi.

Osiyo kubogi-2011da jamoamiz yetakchilari safida bo‘lgan Maksim Shatskix, Ulug‘bek Baqoyev, Viktor Karpenko singari tajribali o‘yinchilar milliy jamoadagi faoliyatini yakunlagan edi. Bu safargi turnirda ularning o‘rnini milliy jamoada tobora o‘rnini topayotgan Sardor Rashidov, Igor Sergeyev, Jamshid Iskanderov, Farrux Sayfiyev singari yoshlar egallagandi.

O‘zbekistonning Osiyo kubogi-2015 uchun tarkibi:

Musobaqani «V» guruhida boshlagan vakillarimiz Shimoliy Koreya, Xitoy va Saudiya Arabistoniga qarshi maydonga tushdi.

1-turda Shimoliy Koreyaga qarshi bahsda Igor Sergeyevning yagona goli milliy jamoamizga turnirni g‘alaba bilan boshlash imkoniyatini bergandi – 1:0.

Ikkinchi o‘yinda Xitoyga qarshi o‘ynagan vakillarimiz tengma-teng o‘yinda mag‘lubiyatga uchragandi. Odil Ahmedov hisobni ochgan bo‘lsa-da, xitoyliklar so‘nggi daqiqalarda kambek uyushtirgandi – 1:2.

Guruhdan keyingi bosqichga chiqish uchun Saudiya Arabistoni bilan bahsda faqat g‘alaba qozonish talab etilardi. Muhim pallada Sardor Rashidov katta sahnaga chiqdi. Hujumkor yarimhimoyachi shu kuni musobaqadagi eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatib, dublga erishgandi. Ungacha bosh hakam Vitaliy Denisov va saudiyalik futbolchining to‘p uchun kurashgan oddiy vaziyatida Nesterov darvozasi tomon penalti belgilagan va arablar hisobni tenglashtirgandi. O‘yindagi ikkinchi golga Vohid Shodiyev mualliflik qilgan – 3:1.

Saudiyani guruhda qoldirib, Xitoydan keyingi 2-o‘rin bilan pley-offga yo‘llanma olgan milliy jamoamizni Janubiy Koreya kutib turgandi.

120 daqiqalik o‘yin va Son Hyon Mindan dubl

Osiyo kubogi-2011ning 3-o‘rin uchun bahsida koreyslardan uchralgan mag‘lubiyatdan (2:3) so‘ng bu safar Mirjalol Qosimov shogirdlarida revansh olish imkoniyati bor edi. O‘yindan oldin Odil Ahmedov 4 yil avvalgi mag‘lubiyatni eslagan va Janubiy Koreyani mag‘lub etish mumkinligi haqida gapirgan edi.

Qiziqarli o‘tgan 120 daqiqalik o‘yin davomida milliy jamoamizda hisobni ochish uchun bir qancha imkoniyatlar paydo bo‘lgandi. Sardor Rashidov raqib darvozasi oldida bir necha marta xavfli vaziyat yaratgan bo‘lsa, asosiy vaqtning so‘nggi daqiqalarida Lutfulla To‘rayev bosh bilan deyarli bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol eta olmagan edi.

Qo‘shimcha bo‘limning 104-daqiqasiga kelib Son Hyon Min Nesterov darvozasini nishonga olgan bo‘lsa, 120-daqiqada faxriy himoyachi Cha Du Rining Jamshid Iskanderovni ortda qoldirib, uyushtirgan reydi Sonning dubli bilan yakunlangandi – 2:0. Shu tariqa, milliy jamoamizning Avstraliyadagi missiyasi chorakfinalda to‘xtagan edi.

O‘sha turnirda Janubiy Koreya finalgacha yetib borgan va Son Hyon Min yana so‘nggi daqiqalarda gol urganiga qaramay, Avstraliya 105-daqiqadagi gol evaziga Osiyo chempioniga aylangandi – 2:1.

Osiyo kubogi-2015. «B» guruhi
1-tur. 2015 yil, 10 yanvar
O‘zbekiston – Shimoliy Koreya 1:0
Gol: Igor Sergeyev (62).

2-tur. 2015 yil, 14 yanvar
Xitoy – O‘zbekiston – 2:1
Gollar: Vu Xi (54), Sun Ke (86) – Odil Ahmedov (25).
 

3-tur. 2015 yil, 18 yanvar
O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni – 3:1
Gollar: Sardor Rashidov (2, 78), Vohid Shodiyev (71) – Muhammad al-Sahlavi (60, penalti)

 Chorakfinal. 22 yanvar
Janubiy Koreya – O‘zbekiston – 2:0
Gollar: Son Hyon Min (104, 120).

Usmon Ibodov

Mavzuga oid