O‘zbekiston | 07:50 / 13.01.2024
6147
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda dekabr oyida uy-joy ijara narxlari pasaydi

2023 yilning so‘nggi oyida xonadonlar uchun taklif etilgan ijara narxlari noyabr oyiga nisbatan o‘rtacha 0,3 foizga pasaydi.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahrida 2023 yil dekabr oyida uy-joy ijara narxlarida pasayish kuzatildi.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari ijara narxlari to‘g‘risida noyabr va dekabr oylari uchun 40 mingdan ortiq ma’lumotlarni tahlil qilgan holda shunday xulosaga keldi. Unga ko‘ra, 2023 yilning so‘nggi oyida ta’mirlangan xonadonlar uchun taklif etilgan ijara narxlari noyabr oyiga nisbatan o‘rtacha 0,3 foizga pasaydi.

Ushbu guruhda bir xonali xonadonlar uchun taklif etilgan ijara narxlari noyabr oyiga nisbatan o‘rtacha 0,2 foizga pasayib, 400 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, ikki xonali xonadonlar uchun o‘rtacha ijara narxlari (443 dollar) 1 foizga, uch xonali uylarning ijara narxlari (515 dollar) 0,7 foizga arzonlagan.

To‘rt xonali uylarning o‘rtacha ijara narxlari (594 dollar) esa 0,7 foizga oshgan.

To‘liq ta’mirlangan guruhdagi uylar uchun taklif etilgan o‘rtacha ijara narxlarida 0,4 foizga tushish kuzatildi. Shahar bo‘yicha bir xonali uylar uchun o‘rtacha ijara narxlari (476 dollar) 2 foizga arzonlagan bo‘lsa, ikki xonali (653 dollar) va uch xonali (782 dollar) uylar uchun ushbu ko‘rsatkich mos ravishda 0,3 foiz va 0,4 foizni tashkil etgan.

To‘rt xonali uylar uchun o‘rtacha ijara narxlari 0,9 foizga qimmatlab, 915 dollarga yetgan.

Mavzuga oid