O‘zbekiston | 16:49 / 14.01.2024
12133
2 daqiqa o‘qiladi

«Zarafshon» milliy tabiat bog‘idagi yong‘in bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida tabiatga 120,7 mln zarar yetkazilgan.

Foto: Bosh prokuratura

Samarqand viloyatida joylashgan «Zarafshon» milliy tabiat bog‘ida sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yong‘in 2024 yil 13 yanvar kuni tabiat bog‘ining Olmazor mahallasi hududida joylashgan qismida kelib chiqqan.

Holat bo‘yicha yong‘in-qutqaruv ekipajlari jalb etilib, yong‘in to‘liq bartaraf etilgan. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar aniqlanmagan.

Qayd etilishicha, viloyat prokuraturasi mas’ullari hodisa joyiga chiqqan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 120,7 mln so‘mni tashkil etgan.

«Mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlariga kirishildi. Tergov jarayoni Bosh prokuratura tomonidan tomonidan nazoratga olingan», deyiladi xabarda.

«Zarafshon» milliy tabiat bog‘ida 2021 va 2022 yillarda ham ikki martadan yong‘inlar sodir bo‘lgan va tabiatga ko‘p miqdorda zarar yetgandi.

  • Ma’lumot uchun, Zarafshon milliy tabiat bog‘i O‘zbekistondagi 10 qo‘riqxona va milliy bog‘lardan biri bo‘lib, 1975 yilda qo‘riqxona sifatida tashkil qilingan, keyinchalik milliy tabiat bog‘iga aylantirilgan. Bog‘ maydoni 2352 gektarni tashkil qiladi va u Zarafshon daryosi bo‘ylab 47 kilometrga cho‘zilgan. Bog‘ning asosiy maqsadi – respublikada yo‘qolib borayotgan jonzotlar populyatsiyasini tiklash va saqlash, boshqa qush va hayvonlar turlarini muhofaza qilishdan iborat. Bu yerda 1995 yildan Buxoro bug‘usini ko‘paytirish ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid