Jahon | 14:58 / 15.01.2024
3982
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh husiychilar tomonidan uchirilgan raketani urib tushirdi

Husiychilar Qizil dengiz janubidagi AQShning USS Laboon esminetsiga Yamandan qanotli raketa uchirdi. Raketa urib tushirildi.

Foto: Muhammed Gencebay Gur/picture alliance/AA

AQSh qiruvchi samolyoti Yamanning husiychilar nazorati ostidagi hududidan AQSh harbiy-dengiz kuchlari esminetsiga otilgan kemalarga qarshi qanotli raketani urib tushirdi, deb xabar berdi 15 yanvar, dushanba kuni AQSh QK Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM).

«14 yanvar kuni soat taxminan 16:45 da (Yaman poytaxti Sano vaqti) Yamanning Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan husiychilari hududlaridan Qizil dengiz janubida harakat qilayotgan USS Laboon (DDG58) esminetsiga kemalarga qarshi qanotli raketa uchirildi. Raketa Hodayda qirg‘oqlari yaqinida urib tushirildi», deyiladi X ijtimoiy tarmog‘idagi Amerika qo‘mondonligi xabarida. 

Hech qanday vayronagarchilik va jabrlanganlar haqida xabar berilmagan, deya qo‘shimcha qilib o‘tdi CENTCOM. 

Yaman atrofidagi vaziyatning keskinlashishi

Yamanning Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan husiychilari 2023 yil noyabridan beri Qizil dengizdagi tijorat kemalariga uchuvchisiz uchoqlar va raketalar bilan muntazam ravishda hujum qilib kelmoqda. Guruh o‘z harakatlarini Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlariga norozilik deb atadi va Isroil bilan bog‘liq barcha kemalarga hujum qilishga va’da berdi. Ayni paytda, nafaqat harbiy kemalar, balki turli davlatlarning savdo kemalari ham husiychilarning nishoniga aylanmoqda. 

12 yanvarga o‘tar kechasi AQSh va Britaniya Niderlandiya, Kanada, Avstraliya va Bahrayn ko‘magida Yamandagi husiychilar obektlariga yirik zarbalar berdi. Qo‘shma Shtatlar Mudofaa vazirligi radar qurilmalari, omborlar, uchuvchisiz uchoqlar va raketalar uchun uchirish maydonchalari hamda husiychilar qo‘mondonlik markazlari nishonga olinganini bildirdi.

Bir kun o‘tib, Yamandagi husiychilar pozitsiyalari AQShning yangi hujumi nishoniga aylandi. Pentagon aniqlik kiritishicha, husiychilar tomonidan foydalanilgan radar qurilmasiga zarba berilgan. U Tomahawk qanotli raketalari tomonidan amalga oshirilgan va «husiychilarning dengiz kemalariga hujum qilish qobiliyatini zaiflashtirishi kerak», deya ta’kidlab o‘tdi AQSh mudofaa vazirligi.

AQSh prezidenti Jo Bayden agar husiychilar Qizil dengizdagi kemalarga hujumlarini to‘xtatmasa, yana zarbalar berishni buyurishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. 

Mavzuga oid