Jahon | 16:03 / 18.01.2024
25884
9 daqiqa o‘qiladi

Boshqirdistonda «qora xalq» namoyishi. Olomon politsiyani qorbo‘ron qildi

Mahalliy faol Fail Alsinovga nisbatan hukm e’lon qilingan 17 yanvar kuni Boshqirdistonning Baymaq shahar sudi binosi oldida minglab odamlar to‘plandi. Alsinov millatlararo nafrat qo‘zg‘atish ishi bo‘yicha ayblanayotgan va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingandi. 4 yilga ozodlikdan mahrum qilingan faol olib ketilishi kerak bo‘lgan avtozak uzoq vaqt sud binosini tark eta olmadi. Chunki namoyishchilar yo‘llarni to‘sib qo‘yib, politsiya bilan to‘qnashuvlar kuzatildi.

SOTA / AFP / Scanpix / LETA

Alsinov 2020 yilda Boshqirdistondagi Kushtau tepaligi buzib tashlanishiga qarshi chiqqani bilan tanilgan. U hududda oltin qazib olishlariga qarshi mitingda chiqish qilgani uchun ham hukm qilingan.

«Meni qo‘llagani kelgan barchaga rahmat, buni aslo unutmayman. Aybimga iqror bo‘lmayman, doim adolat uchun, xalqim va respublikam uchun kurashib kelganman. Bunaqa bo‘lishini ochig‘i kutmagandim, hali ko‘rishamiz. Meni to‘rt yil umumiy tartibdagi koloniyaga qamash bo‘yicha hukm chiqarishdi. Biz e’tiroz arizasi kiritamiz», dedi Alsinov RusNews e’lon qilgan bayonotida.

Alsinov ustidan o‘tkazilgan avvalgi sud majlisida ham yuzlab boshqirdlar sud binosi oldida to‘plangandi. Ammo chorshanba kuni uni qo‘llash uchun yanada ko‘p odam yig‘ildi. Politsiyachilar qarshiligiga qaramay, namoyishchilar tarqalishni istamadi va «Pozor» (sharmandalik) deb baqirdi hamda «Biz qora xalqmiz» degan shiorni takrorladi.

Vaziyat jiddiylashgach, omonchilar qalqon va charm tayoq (dubinka) bilan odamlarni avtozak chiqishi kerak bo‘lgan darvozadan nari haydadi, o‘nlab kishilar qo‘lga olindi. Politsiya namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz ishlatdi, bunga javoban odamlar ularni qorbo‘ron qildi. Jabrlanganlar bo‘lgani uchun voqea joyiga tez yordam mashinalari ham yetib keldi.

Bu vaqtda Boshqirdistonda WhatsApp messenjeri faoliyatida uzilishlar kuzatildi. Rossiyalik Pavel Durovga tegishli Telegram messenjeri Alsinovni qo‘llovchi «Kushtau Bayram» va RusNews kanallarini blokladi. «VKontakte» esa boshqirdistonlik faollarning «Irandiksiy sabantuy» guruhini blokladi.

Alsinovning otasi kuch ishlatar tuzilmalar bilan muzokaralar o‘tkazganidan keyingina, bir necha soat o‘tib namoyishchilar tarqala boshladi. Mahalliy vaqt bilan soat 17:00 da ichida Alsinov bo‘lgan avtozak sud binosini uning atrofida qolgan namoyishchilar olqishlari ostida tark etdi.

Ba’zi manbalarga ko‘ra, politsiya namoyishchilar tarqalishi evaziga qo‘lga olinganlarning bir qismi qo‘yib yuborilishini taklif qilgan. Namoyishlar davomida 20 nafar atrofida odam qo‘lga olingan.

Tergov qo‘mitasi holat yuzasidan ommaviy tartibsizlik moddasi bo‘yicha ish ochgan. «Ommaviy tartibsizliklar davomida zo‘ravonlik va qurol sifatida ishlatiladigan predmetlardan foydalanish holatlari kuzatildi. Oqibatda bir necha kishi, xususan, organ xodimlari jarohat oldi», deyiladi boshqarma bayonotida.

Alsinov ishi

Ekofaol Fail Alsinovga qarshi 2023 yil avgust oyida ish ochilgandi. Unga qarshi shaxsan Boshqirdiston rahbari Radiy Xabirov arznoma kiritgan. O‘tgan yil aprel oyida Alsinov noqonuniy oltin qazib olishga qarshi namoyishda ishtirok etgandi. Mahalliy faollar bu hududda oltin qazib olish qishloq xo‘jaligi yerlarini yaroqsiz qilib, suvni ifloslantiradi deb hisoblashadi.

Tergov xulosasiga ko‘ra, namoyish vaqtida Alsinov boshqird tilida Kavkaz, Markaziy Osiyo xalqlari va armanlarni kamsitadigan so‘zlardan foydalangan. Bu haqda Rossiyada chet el agenti deb topilgan «Idel.Realii» nashri yozgan. Alsinov namoyishda gapirgan eng jiddiy va katta ehtimol uni qamoqqa tiqishlariga sabab bo‘lgan asosiy gap urush haqida bo‘lgan. «Boshqirdlar Ukrainada urushayotgan bir vaqtda Boshqirdistonda ularning yerlari tortib olinyapti», degan u.

Alsinov Boshqirdistondagi oltin qazib olishda qatnashganlar uyiga qaytib ketishi, oltin qazib olinishining salbiy zararini esa mahalliy aholi sezishini aytgan.

Kulgili sabab

Alsinov ustida sudda aytilgan asosiy ayblov esa har qanday turkiy xalqlar uchun kulgili hisoblanadi. Ekofaol o‘tgan yil aprel oyidagi namoyishda shunday degan: «Armanlar – vataniga, ruslar – Ryazaniga ketadi, tatarlar – Tataristoniga ketadi, qora xalq esa qoladi. Biz ko‘chib yura olmaymiz, boshqa uyimiz yo‘q, bizning uyimiz shu yer», deya Alsinovning so‘zlarini keltirgan «Idel.Realii» nashri.

Alsinovni aynan «qora xalq» degan gapi uchun millatlar o‘rtasida nafrat qo‘zg‘ashda ayblashmoqda. Tergovchilar Alsinov «qora xalq» deb kavkazliklar, markaziy osiyoliklar va armanlarni kamsitgan deb topgan. Ammo turkiy tildan xabari bo‘lganlar «qora xalq» iborasi bilan shunchaki oddiy xalq, oddiy odamlar ifoda etilishini biladi.

Ish bo‘yicha arizachi hisoblangan Boshqirdiston gubernatori Xabirov arizada Alsinov bu gapi orqali boshqird xalqini rus, tatar va arman millatlariga qarshi qo‘ymoqchi bo‘lganini iddao qiladi.

Gubernatorning arizasidan keyin o‘tkazilgan ekspertiza xulosasiga ko‘ra, Alsinovning chiqishidagi «armanlar» so‘zi bir guruh insonlarga nisbatan salbiy baho berish deb hisoblangan. Ish bo‘yicha o‘tkazilgan navbatdagi ekspertizada esa Alsinov endi kavkazliklar, markaziy osiyoliklar va armanlarga nisbatan negativ gapirgan deb topilgan.

Alsinovning o‘zi bu ayblovlarni quyidagicha izohlagan: «Masalan, armanlar o‘zining qadrdon makoniga qaytib ketishi mumkin, tatarlar va ruslarni ham tilga oldim, lekin men ular Boshqirdistonda yashashi yoki ishlashi mumkin emas deganim yo‘q... Bu millat vakillarini kamsitganim yo‘q, ularning manziliga yomon gap ham aytmadim».

Ayblanuvchining advokati Ilnur Suyundukov BBC bilan suhbatda aytishicha, Alsinov bejiz o‘z chiqishida armanlar haqida gapirmagan, hududda oltin qazib olish ishlarini boshlamoqchi bo‘lgan kompaniya benefitsiarlari armancha familiyadagi odamlar bo‘lgan.

«Kushtau uchun qasos»

«Idel.Realii» nashriga ko‘ra, ekofaolning tarafdorlari unga qarshi jinoiy ishni «Kushtau uchun qasos» deb bilishadi. Alsinov chindan Kushtau tog‘ida soda ishlab chiqarishga qarshi bo‘lganlardan biri.

2019-2020 yillarda Kushtau sabab Boshqirdistondagi soda kompaniyasi, mahalliy hokimlik va odamlar o‘rtasida jiddiy mojaro kelib chiqqandi. Tog‘ etagidagi palatkalar lageri buzib tashlangan, u yerni politsiya o‘rab olib, o‘nlab faollar ushlangandi.

Gubernator Xabirov avvaliga tepalikni himoya qilib o‘tkazilgan miting uyushtirilgan ekanini aytadi, ammo keyinchalik tog‘da ishlar to‘xtatilib, Kushtau maxsus qo‘riqlanadigan tabiat obekti statusini oladi.

Alsinovning advokati Ilnur Suyundukov mijozini respublikada yaxshigina taniqli odam deb atagan. 2020 yilgacha u hududda taqiqlangan «Bashkort» tashkiloti vakillaridan bo‘lgan. «U boshqird tilini himoya qilish bo‘yicha turli tadbirlar tashkil qilgan. Turli karerlarni qazishlariga faol qarshilik qilgan. Mahalliy aholi huquqlarini himoya qilgan. Mubolag‘a bo‘lmasa, Boshqirdistondagi barcha ekologik namoyishlarda qatnashgan», deydi advokat.

Alsinov respublikadagi Kushtau tepaligini himoya qilgani uchun mahalliy hukumat ta’qibiga uchragan birinchi faol emas. 2023 yil dekabr oyida Ufa sudi Boshqirdistondan safarbar qilinganlarni Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida ishtirok etmaslikka chaqirgan aktivist Ramilya Saitovani 5 yil qamoq jazosiga hukm qilgandi.

«Siz bir kishi uchun kurashayotgan bir vaqtda...»

Sud binosi oldidagi norozilik namoyishlarining bir qarashda urushga aloqasi bo‘lmasa ham, bu voqealar fonida urushga qarshi gaplar ham paydo bo‘ldi. Tarmoqda boshqirdistonlik ayol Ukrainada urushayotgan millatdoshlarini ortga qaytib o‘z yerlarini himoya qilishga chaqirgan video faol muhokama qilindi.

«Ukrainada urushayotgan barcha Boshqirdiston jangchilarini ortga qaytib o‘z yerlari, o‘z xalqini himoya qilishga chaqiraman. Siz birgina odamning maqsadlari uchun urushayotgan bir vaqtda xalqingizni OMON va Rosgvardiya dubinka bilan savalamoqda», degan ayol.

Bu videoni birinchilardan bo‘lib boshqird millatiga mansub siyosatchi Abbas Galyamov e’lon qildi. «Birinchi kundan aytaman, milliy respublikalar bu urushni o‘z urushi deb qabul qilmaydi», deb yozgan Galyamov bu videoga ilova qilingan matnda.

Mavzuga oid