O‘zbekiston | 11:04 / 18.01.2024
20728
4 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayevning lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqiladi

Prezident raisligidagi videoselektorda investitsiyalar sohasida chorak yakunigacha o‘zgarish qilmasa, kompleks uchun mas’ul bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayevning lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi.

Foto: Jamshid Xodjayev

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayevning lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024 yilda investitsiya, eksport va xalqaro hamkorlik sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Davlat rahbari tizimdagi muammolarni sanab o‘tdi. Kompleks rahbariyati so‘nggi olti yilda chetdan qariyb 50 milliard dollar investitsiya kirgani haqida ma’lumot berayotgani, lekin ushbu investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotga, qo‘shilgan qiymatga, eksportga ta’siri qanday bo‘lgani bo‘yicha tahlillar yetarli emasligi qayd etildi.

Masalan, o‘tgan yili yalpi ichki mahsulot ham, sanoat ham 6 foizga o‘sdi. Biroq, tovarlar eksportida kutilganidek o‘sish bo‘lmagani aytildi. Hududlarda esa moliyalashtirish to‘liq yakunlangan 8 trillion so‘mlik 1 mingta loyiha haligacha ishga tushmagan.

Mamlakat sertifikatlarini tan olish bo‘yicha haligacha birorta davlat bilan kelishuvga erishilmagan. Xalqaro moliya tashkilotlari bilan qiymati 480 million dollarlik 5 ta loyiha bo‘yicha kelishuv imzolanganiga 1−2 yil bo‘lgan bo‘lsada, o‘zlashtirish boshlanmagan. Yoki, ikki yil oldin tashkil qilingan To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasiga 1 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelish bo‘yicha rejalar to‘liq amalga oshirilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu munosabat bilan kompleks uchun mas’ul bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev chorak yakunigacha o‘zgarish qilmasa, lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

O‘z tizimidagi kamchiliklar va sustkashlik uchun Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidov va Texnik tartibga solish agentligi rahbari Dilshod Sattarov lavozimidan ozod qilindi.

Badriddin Abidov

Investitsiya kompleksiga kiruvchi vazir va hokimlarning rejalari va natijalari sust bo‘lgan o‘rinbosarlari ishdan bo‘shatilib, ularga aniq KPI belgilanishi va shundan keyin bir yil muddatga shartnoma asosida ishga olinishi belgilandi. Natijaga qarab shartnoma uzaytiriladi yoki bekor qilinadi.

Dilshod Sattorov
  • Ma’lumot uchun, Jamshid Xodjayev 2017-2019 yillarda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga (hozirgi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi) rahbarlik qilgan. 2019 yildan qishloq xo‘jaligi vaziri bo‘lgan, 2022 yil iyulida O‘zbekiston bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimiga tayinlangan, 2022 yil dekabrida vazirlik rahbarligidan ketgan, hukumatda investitsiyalar va tashqi savdo majmuasi rahbari bo‘lib qolgandi.
  • Badriddin Abidov 2018-2019 yillarda tashqi savdo vaziri o‘rinbosari, 2019-2022 yillarda investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari, 2023 yildan hozirgi vaqtgacha investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi
  • Dilshod Sattorov 2016-2018 yillarda Moliya vazirligi G‘aznachilik boshlig‘i – vazir o‘rinbosari bo‘lgan, 2018 yildan Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktori sifatida ishlagan, 2021 yil iyulida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bosh direktori etib tayinlangandi.

Mavzuga oid