Jahon | 15:56 / 18.01.2024
2943
3 daqiqa o‘qiladi

Moskva sudi Amazon’ni 200 mln rubl miqdorida jarimaga tortdi

Amazon Web Services Rossiyada filial yoki vakolatxonasiz ishlaganlikda aybdor deb topildi. Sud qarorida qayd etilishicha, kompaniya Roskomnadzorning tegishli ogohlantirishlariga e’tibor bermagan.

Foto: Reuters

Amazon shu’ba korxonasi - Amazon Web Services - Rossiyada filial yoki vakolatxonasiz ishlagani uchun 200 million rubldan ortiq jarimaga tortildi. «Amazon Web Services Inc. 200 million 469 ming 997 rubl 13 tiyin miqdorida ma’muriy jarimaga tortildi», deyiladi Moskvaning Tagansk tumanidagi 422-sonli sud okrugi sudyasining chorshanba, 17 yanvar kuni e’lon qilingan qarorida.

Kompaniya Rossiya Federatsiyasi hududida xorijiy shaxslarning internet tarmog‘idagi faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmaganlikda aybdor deb topildi (RF Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 13.49-moddasi 2-qismi). Bunday huquqbuzarlik uchun yuridik shaxslar barcha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotishdan ma’muriy huquqbuzarlik aniqlangandan oldingi kalendar yilida olingan daromadlari umumiy miqdorining 1/15 dan 1/10 qismigacha jarima shaklida jazolanadi.

Ma’muriy huquqbuzarlik bayonnomasiga ko‘ra, kompaniya Rossiyada filial yoki vakolatxonasiz faoliyat yuritadi va Roskomnadzorning tegishli ogohlantirishlariga e’tibor bermagan. 

Bu - Rossiyada Amazon’ga qarshi birinchi da’vo emas 

Amazon Web Services - 2006 yilda Amazon tomonidan ishga tushirilgan dunyodagi eng mashhur bulutli platformalaridan biri. U ma’lumotlarni saqlash va turli ilovalar o‘rtasidagi o‘zaro aloqani ta’minlash uchun pulli xizmatlarni taqdim etadi. 

Amazon Rossiyada taqiqlangan ma’lumotlarni o‘chirishdan bosh tortgani uchun bir necha bor ma’muriy javobgarlikka tortilgan. 2022 yil oktyabr oyida kompaniya dori vositalarini ishlab chiqarish va sotish haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan Rossiya Federatsiyasida taqiqlangan Hydra saytidan o‘zi bilan bog‘liq ijtimoiy tarmoqlardan biriga qilingan repostni olib tashlashdan bosh tortgani uchun 3 million rubl miqdorida jarimaga tortildi. 

Bundan tashqari, Amazon resurslarida o‘z joniga qasd qilishni targ‘ib qiluvchi materiallarni nashr etgani uchun 1 million rubl miqdorida jarimaga tortildi. 

Rossiya hukumatining boshqa xorijiy kompaniyalarga da’volari 

Sentyabr oyida Roskomnadzor Hetzner Online GmbH, Network Solutions, WPEngine, HostGator.com, Ionos, DreamHost, FastComet, Amazon Web Services, GoDaddy.com, Bluehost, Kamatera va DigitalOcean kompaniyalarini Rossiya qonunchiligini buzgan deb tasniflash haqida tavsiya berdi. Sababi - ular Rossiya hududida chet ellik shaxslarning internetdagi faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan.

Rossiya Federatsiyasidagi amaldagi qoidalarga ko‘ra, kompaniyalar Roskomnadzor saytida shaxsiy kabinetini ro‘yxatdan o‘tkazishi, Rossiya fuqarolari va tashkilotlari uchun aloqa manzilini joylashtirishi va Rossiyada vakolatxona ochishi kerak. 

Mavzuga oid