Mustaqil Falastinga qarshi Netanyahu, Ozarboyjonga sanksiya xavfi va turk astronavtining ilk parvozi - kun dayjesti
Jahonda ro‘y bergan voqea-hodisalar, bayonotlar tafsilotlari va e’tiborga molik voqealarni odatdagidek kundalik dayjestimizda taqdim etamiz.
Falastindagi vaziyat
G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 7 oktyabrdan buyon Isroil zarbalari oqibatida o‘ldirilgan falastinliklar soni 24 ming 620 nafarga yetgan. 61 ming 830 kishi yarador qilingan.
G‘azo sektorida o‘ldirilgan BMT xodimlari 151 kishiga yetgan. Isroil zarbalari oqibatida halok bo‘lgan jurnalistlar soni esa 119 nafarni tashkil etmoqda.
Isroil zulmi faqat G‘azo sektorida emas, O‘rdun daryosining g‘arbiy sohilida ham davom etmoqda. 7 oktyabrdan buyon Falastinning bu qismida 367 kishi o‘ldirilgan. Ularning 97 nafari yosh bolalar.
Shuningdek, 4212 nafar odam, jumladan 637 nafar voyaga yetmagan bolalar yarador qilingan.
Netanyahuning G‘azodagi siyosati O‘rdun daryosining g‘arbiy sohilida ham vaziyatni portlash darajasiga keltirib qo‘ygan.
Isroillik ekspertlarning fikricha, bunga ko‘plab sabablar bor va jumladan, iqtisodiy sabablar. Ulardan biri Isroil hokimiyatining soliq yig‘imlaridan tushgan mablag‘larni Falastin ma’muriyatiga bermayotgani va G‘arbiy sohildagi mehnatkashlarni Isroildagi ish joylariga qo‘ymayotganidir. Shuningdek, hududdagi Isroil kuchlari tomonidan reydlar, ushlashlar va o‘ldirishlar soni ko‘paygani ham.
Netanyahuning bayonotlari
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu umumilliy matbuot anjumanida G‘azo sektoridagi janglar tugagach Falastin davlatini tuzish imkonsiz, deb bayonot bergan. U o‘z pozitsiyasini AQShga ham tushuntirganini aytib o‘tgan.
«Kelgusidagi barcha kelishuvlarga ko‘ra, Isroil xavfsizlik sohasida O‘rdun daryosining g‘arbiy sohilidan boshlab barcha hududlarda nazoratni o‘z qo‘lida saqlashi kerak. Bu mustaqillik g‘oyasiga zid keladi. Biz nima qilishimiz mumkin? Bosh vazir do‘stlarimizga «yo‘q» deya olishi kerak», — degan u.
Netanyahu HAMAS ustidan to‘liq g‘alabaga erishishdan kamiga rozi bo‘lmasligi va bu maqsad yo‘lida harbiy harakatlar davom ettirilishini ham ta’kidlagan.
Netanyahu shuningdek, Eronga ham tahdid qilgan.
«Eronga hujum qilmaymiz, deb kim aytdi? Eron bu — sakkizoyoqning boshi hisoblanadi», — degan Netanyahu forslarning «Ansorulloh», «Hizbulloh», HAMAS va Suriyaga yordam berayotganiga ishora qilib.
Bu orada Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMAS tomonidan qazilgan tunnellar avval taxmin qilinganidan ko‘proq bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Bunday tunnellarni yo‘q qilish uchun yillar talab qilinadi, deb yozadi New York Times nashri.
Qizil dengizdagi vaziyat
Yamanlik husiychilar Adan qo‘ltig‘ida yana Amerika kemasiga hujum qilishgani haqida xabar berdi.
«Yamanga qarshi AQSh va Buyuk Britaniyaning agressiyasiga javoban bizning qurolli kuchlarimiz Adan qo‘ltig‘ida Kim Ranger kemasiga zarba berdi», — deyiladi husiychilar vakili Yahyo Sariyning bayonotida.
AQSh prezidenti Jo Bayden ham husiylarga qarshi zarba berishda davom etishini aytdi. Bu zarbalar Qizil dengizda kemalarga tahdid to‘xtamaguncha davom etadi.
«Siz Amerika zarbalari husiylarni to‘xtatdimi, deb so‘rayapsizmi? Yo‘q! Bu zarbalar davom etadimi? Ha!» — degan Jo Bayden jurnalistlar bilan uchrashuvda.
17-18 yanvar kunlari AQSh xalqaro yuk tashish yo‘llariga hujum qilish uchun foydalanilgan 14 ta husiy raketasini urib tushirgan. AQSh Markaziy qo‘mondonligining fikricha, zarbalar «husiylarning Qizil dengiz, Bob al-Mandib bo‘g‘ozi va Adan ko‘rfazidagi xalqaro va tijorat kemalariga hujumlarini davom ettirish qobiliyatini zaiflashtiradi».
Ukrainaga yordam
AQSh prezidenti Jo Bayden kongressmenlarning «kichik ozchilik» guruhi tomonidan bloklanishi mumkinligini tan oldi va bunday ssenariyni «falokat» deb atadi.
Respublikachilardan iborat muxolifat prezidentning Kiyevga 61 mlrd dollar yordam taqdim etish so‘rovini keng miqyosli migratsion islohotga bog‘lab qo‘ygan. Shuningdek, respublikachilar Oq uydan Ukraina yo‘nalishida harakatlar strategiyasini shakllantirish va ajratilayotgan mablag‘larning hisobdorligini ta’minlashni talab qilmoqda.
Shunga qaramasdan g‘arbning boshqa davlatlari Ukrainaga yordam berishda davom etmoqda. Masalan, Kanada 200 ga yaqin ukrain tankchilarini urushga tayyorlab berdi. Ular Polshada nemislarning Leopard-2 tanklarida o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tashgan.
20 dan ortiq davlat Ukraina uchun artilleriya koalitsiyasini tuzgan. Germaniya, Fransiya va boshqa davlatlar Kiyev uchun o‘q-dorilar ishlab chiqarishni yanada ko‘paytirish niyatini ma’lum qilgan.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba Ukrainada F-16 qiruvchi samolyotlarining ilk muvaffaqiyatlari shu yilning o‘zida ro‘y berishini ta’kidladi.
«Ukraina osmonidan turib F-16 samolyoti bilan beriladigan ilk zarbaga tayyorgarlik rejaga ko‘ra davom etmoqda. Uchuvchilar, injyenerlar va infratuzilma tayyorlanmoqda», — degan Kuleba.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, F-16 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berishni va’da qilgan barcha davlatlar o‘z majburiyatlariga sodiq turishibdi.
Rossiyaga qarshi cheklovlar
AQSh Moliya vazirligi Rossiya neftini tashuvchi Liberiya va BAA tankerlarga qarshi sanksiyalar kiritdi.
18 yanvar kuni Liberiya bayrog‘i ostida suzib yurgan va Rossiya neftini tashuvchi 17 ta dengiz kemasi, shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklaridagi Hennesea Holdings yuk tashish kompaniyasi cheklov choralariga kiritildi.
Dekabr oyida Qo‘shma Shtatlar va G7 davlatlari Rossiya nefti narxining yuqori chegarasiga (barreliga 60 dollar) rioya etilishini nazorat qilish choralarini kuchaytirgan edi. Sanksiyalarning kuchaytirilishi Rossiyadan xomashyo tashuvchi yuk tashuvchi kompaniyalarga nisbatan cheklovlar joriy etilishi bilan bir vaqtda yuz berdi.
Vengriya bosim ostida
Vengiya Yevropa Kengashiga raislik qila olmaydi, deb hisoblashmoqda Yevropa parlamentidagilar.
Yevroparlament Budapeshtning «Yevroittifoqning asosiy qadriyatlarini toptash»ga qaratilgan «g‘arazli va doimiy» xatti-harakatlarini qoralaydi va Yevropa Kengashini Vengriyaga nisbatan ovoz berish huquqidan mahrum etuvchi Yevropa Ittifoqi to‘g‘risidagi shartnomaning 7-bandini qo‘llashga chaqiradi, deyiladi Yevropa parlamenti rezolyutsiyasida.
«So‘nggi o‘n yilliklar ichida saylanadigan avtokratiyaning gibrid rejimiga aylangan Vengriya»ning xatti-harakatlaridan mamlakat aholisining ojiz guruhlari aziyat chekayotgani qayd etilgan rezolyutsiyani yevrodeputatlarning 345 nafari qo‘llagan, 104 kishi qarshi ovoz bergan, 29 kishi ikkilangan.
Yevrodeputatlar Vengriya tufayli dekabrda Yevropa Kengashi Yevropa Ittifoqi budjetiga o‘zgartirish kirita olmagani, bu esa Ukrainaga yordam ajratilishini xavf ostida qoldirganini eslatib, Vengriyaning bu ishi «Yevropa Ittifoqi strategik manfaatlariga nisbatan to‘laqonli hurmatsizlik va uni buzish» ekanini qayd etishgan.
Ozarboyjonga qarshi sanksiya?
Ozarboyjon tomonidan Qorabog‘ armanlardan qaytarib olinganini aslo hazm qilolmayotgan Fransiya senatorlari Yevropa Ittifoqini Bokuga nisbatan sanksiyalar joriy etishga chaqirdi.
Fransiya senati Ozarboyjonning Qorabog‘ni ozod etishi yo‘lidagi harakatlari uchun sanksiyalar joriy etishga chorlovchi rezolyutsiyani qabul qilgan. Rezolyutsiyada bir qator qat’iy choralar, jumladan, ozarboyjonlik mansabdorlarning aktivlarini musodara qilish, Ozarboyjon neft va gaziga embargo joriy etish taklif qilingan.
Turk fazogiri parvozi
Tarkibida turkiyalik ilk astronavt Alper Gezeravji, shuningdek ispan, italyan va shved astronavtlari bo‘lgan Space X Axiom Misson 3 kosmik kemasi Floridadagi Kennedi kosmodromidan Xalqaro kosmik stansiya tomon muvaffaqiyatli uchirildi.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ushbu parvoz munosabati bilan rasmiy chiqish qilgan.
«Pilot yordamida boshqariladigan ilk kosmik parvoz bilan respublikamizning ikkinchi asri — Turkiya asriga qadam qo‘ymoqdamiz. Alloh yo‘limizni, istiqbolimizni ochsin», – degan Erdo‘g‘an.
Parvoz munosabati bilan mamlakat poytaxti Anqarada joylashgan Otakule minorasida «Istiqbol ko‘klardadir», «Ilk turk astronavti koinotda» yozuvlari chiqarilgan.
Eng qizig‘i — polkovnik uchuvchi Alper Gezeravji 2012 yilda Turkiya qurolli kuchlari safidan Izmirdagi harbiy josuslik fitnasida ayblanib, haydalgan ekan. 2020 yilda u o‘z ustidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha sudda g‘olib chiqib, qurolli kuchlar safiga qaytgan.
Mavzuga oid
14:38 / 23.11.2024
AQSh vetosidan norozi Hamas, Isroilda konstitutsiyaviy inqiroz xavfi va Rossiya banklariga qarshi sanksiyalar - kun dayjesti
13:50 / 22.11.2024
G‘azodagi misli yo‘q zulm, Netanyahu hibsi uchun order va Putinning tahdidli chiqishi - kun dayjesti
13:54 / 21.11.2024
G‘azo masalasiga veto qo‘ygan AQSh, Baydenning ruxsatini ma’qullamagan Erdo‘g‘an va Storm Shadowʼlar bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
13:54 / 20.11.2024