O‘zbekiston | 10:45 / 19.01.2024
4049
2 daqiqa o‘qiladi

Nemis kompaniyasi O‘zbekistonda Lufthansa uchun mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi

9-12 yanvar kunlari Germaniyaning iqtisodiy markazlaridan biri bo‘lgan Frankfurt-Mayn shahrida HEIMTEXTILE – 2024 dunyodagi nufuzli xalqaro to‘qimachilik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Dunyo

"Dunyo" xabariga ko‘ra, 60 dan ortiq mamlakat ishtirok etgan tadbirda mamlakatning GFRdagi diplomatiya vakolatxonalari tashabbusi bilan O‘zbekiston Eksportni rag‘batlantirish agentligi hamda "O‘zto‘qimachiliksanoati" uyushmasi ko‘magida mamlakat 20 ta yetakchi to‘qimachilik korxonasi 200 kvadrat metrga ega maydonga joylashtirilgan Made in Uzbekistan milliy stendida o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.

Ko‘rgazma doirasida Yevropaning nufuzli kompaniyalari bilan sarmoyaviy va eksport imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida bir qator B2B uchrashuvlar o‘tkazildi. Mazkur uchrashuvlardan ko‘zlangan maqsad Yevropaning ko‘plab korxonalarini O‘zbekistonga kengroq jalb etish hamda eksport shartnomalarini ko‘paytirish bo‘yicha aniq takliflarga erishishdir.

Langheinrich paxta tolasi va tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish kompaniyasi rahbari Burkhard Oyelga ko‘ra, 1832 yilda tashkil etilgan ushbu firma 190 yillik tarixga ega yirik kompaniyalardan hisoblanadi. 

"Biz Buxorodagi Sara Group firmasi bilan hamkorlikdagi faoliyatimizni boshlaganimizga bir yildan oshdi. O‘zbekistonda xorijiy investorlar, ishlab chiqaruvchilar uchun yaratilgan qulay sharoitlar, paxta xom-ashyosi va ishonchli sheriklarning mavjudligi tufayli biz mamlakatingizni iqtisodiy hamkor sifatida tanladik. Buxoro shahrida o‘z mahsulotlarimizni ishlab chiqarayotganimizdan va bu hamkorlikdan juda mamnunmiz. 

O‘zbekistonda ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimizni xalqaro bozorga olib chiqqanimizdan xursandman. Xususan, bugungi kunda Germaniyaning Lufthansa aviakompaniyasi uchun mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Keyingi marramiz Metro savdo do‘konlarida mahsulotlarimiz sotuvini yo‘lga qo‘yishdan iborat. Ayni paytda mazkur kompaniya bilan shartnoma tuzish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda", dedi u.

Mavzuga oid