Jahon | 14:08 / 19.01.2024
2888
3 daqiqa o‘qiladi

Vengriya YeIning Ukraina bo‘yicha sammiti muvaffaqiyatli o‘tishiga shubha qilmoqda

Yevroittifoq bilan Ukrainaga yangi yordam ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvga hali erishilgani yo‘q, dedi Vengriya bosh vaziri devonxonasi rahbari. Yevropa Ittifoqining dekabrdagi sammitida Orban Kiyevga makromoliyaviy yordam ko‘rsatish haqidagi qarorga veto qo‘ygan.

Foto: AP

Vengriya hukumati Yevropa Ittifoqining 1 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan favqulodda sammitida Ukrainaga ko‘p milliard dollarlik budjet yordami rejasi bo‘yicha o‘z pozitsiyasiga sodiq qoladi. «Biz Yevrokomissiya bilan muzokaralar olib bormoqdamiz, biroq pozitsiyalarimiz keskin farq qiladi, shuning uchun kelishuvga erishish so‘roq ostida», — dedi Vengriya bosh vaziri Viktor Orban idorasi rahbari Gergey Guyyash 18 yanvar, payshanba kuni Budapeshtda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, umumiy pozitsiyaning yo‘qligi «fojia bo‘lmaydi, chunki bu holda 26 Yevropa Ittifoqi davlati Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi mumkin» va Vengriya o‘zini Rossiyadan himoya qilayotgan bu davlatga ikki tomonlama yordam beradi.

Ukrainaga keyingi yordam masalasi bo‘yicha Vengriya bilan ziddiyat

Vengriya iyun oyidan beri Yevropa Ittifoqining Kiyevga makromoliyaviy yordam ko‘rsatishga urinishlariga to‘sqinlik qilmoqda. Mamlakat bosh vaziri Viktor Orban, birinchidan, Ukrainadan unga ajratilgan mablag‘larni qanday sarflagani haqida hisobot berishni, ikkinchidan, Bryussel Vengriya sud tizimi mustaqilligiga shubha tufayli muzlatib qo‘ygan YeI yordamini blokdan chiqarishni talab qilmoqda. 14 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi sammiti oldidan ushbu mablag‘larning 10 milliardi blokdan chiqarildi, biroq Vengriya yana Ukrainaga 50 milliard yevrolik yordam ajratilishiga veto qo‘ydi.

Endi Ukrainaga keyingi makromoliyaviy yordam ko‘rsatish bo‘yicha qaror Yevropa kengashining 1 fevraldagi navbatdan tashqari yig‘ilishida qabul qilinishi rejalashtirilgan. Agar Yevropa Ittifoqi yetakchilari bu masala bo‘yicha konsensusga erishsa, bu Kiyevga Xalqaro valuta jamg‘armasidan (XVJ) qariyb 900 million dollarlik yangi transh ajratilishini kafolatlaydi, deb yozadi Financial Times. Bu Kiyevga inflatsiya ortishiga olib keladigan, budjet taqchilligini qoplash uchun pul chiqarmaslik imkonini beradi.

Shu bilan birga, 18 yanvar kuni Yevroparlament Budapeshtning «Yevropa Ittifoqining asosiy qadriyatlariga putur yetkazish»ga qaratilgan «qasddan, qat’iy va tizimli» harakatlarini qoralovchi rezolyutsiyani qabul qildi va Yevropa Ittifoqining 7-moddasiga muvofiq Yevropa kengashini Vengriya rasmiylarining xatti-harakatlari demokratiya va qonun ustuvorligi tamoyillari «jiddiy va doimiy» buzilishiga olib keladimi yoki yo‘qmi, shuni aniqlashga chaqirdi. Shu tariqa, Vengriya Yevropa Ittifoqida ovoz berish huquqidan mahrum bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid