O‘zbekiston | 17:27 / 19.01.2024
12002
6 daqiqa o‘qiladi

“Yashil belbog‘”, bosh reja - “Yuksalish” harakati O‘zbekiston havosini yaxshilash bo‘yicha takliflarini e’lon qildi

“Yuksalish” harakati ekolog mutaxassislar o‘rtasida so‘rov o‘tkazib, O‘zbekistondagi havo ifloslanishi holatini yaxshilash bo‘yicha 10 ta birlamchi chora-tadbirlar takliflarini ishlab chiqdi. So‘rovda 34 nafar mutaxassis, tegishli vazirlik va qo‘mitalar, tadqiqotchilar, mahalliy ekofaollar va jurnalistlar ishtirok etgan.

Foto: Kun.uz

1-taklif. Respondentlarning 80,7 foizi chang ko‘tarilishini kamaytirish uchun barcha ochiq maydonlarga daraxtlar va ko‘p yillik o‘tlarni ekish orqali “yashil belbog‘” yaratish kerak, deb hisoblaydi. Shu bilan birga, ekilgan daraxtlarni doimiy parvarishlash, monitoring qilish, kesish holatlariga jazoni kuchaytirish muhimligini ham qo‘shimcha qilishgan.

2-taklif. So‘rovda qatnashgan ekologlarning 74,4 foizi shaharsozlik Bosh rejalari tasdiqlanmaguncha yangi, ayniqsa, ko‘p qavatli va noturar binolar qurilishiga moratoriy joriy etish, qurilishlarga faqat “yashil” standartlar doirasida ruxsat berish zarurligini ta’kidlagan.

3-taklif. 70,1 foizi respondent esa havoni ifloslantiruvchi omillar haqida aniq tushuncha va ma’lumotlarga ega bo‘lish uchun maxsus uskunalar orqali ifloslantiruvchi manbalarni (korxona, zavod, issiqxona va h.k.) monitoring qilish va buning uchun mas’ul idoralar, NNTlar vakillaridan iborat tezkor monitoring guruhini tuzish shartligini bildirgan. Monitoringda asosiy urg‘uni quyidagilarga qaratish tavsiya etilgan.

  • ifloslanish darajasi, sabablari va tarkibini o‘rganish, uni bartaraf etish choralarini ishlab chiqish;
  • natijalarini OAVda e’lon qilib borish;
  • havoni ifloslantirishga sabab bo‘lgan korxonalarga ijobiy xulosalar yoki faoliyat yuritishi uchun ruxsatnomalar bergan shaxslarni javobgarlikka tortish;
  • qoidabuzarlarga jarima va jazo choralarini qo‘llash;
  • havo sifatini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.

4-taklif. So‘rovnomaning 57.3 foizi esa havoning ifloslanganlik holati haqida aholini xabardor etish uchun kengroq ishlar qilish kerakligiga urg‘u bergan. Axborot bilan ta’minlash tizimli, doimiy va ekolog mutaxassislarning ma’lumotlariga tayanilgan bo‘lishi kerak

5-taklif. Ekspertlar barcha transport vositalarini, jumladan, traktor va texnikalarni rejadan tashqari texnik ko‘rikdan o‘tkazish taklifini qo‘llab-quvvatlagan (53 foiz). Shuningdek, ular nosoz uskunalardan foydalanishni taqiqlashni yoqlagan.

6-taklif. 50,6 foiz ishtirokchi ijtimoiy-ahamiyatli obektlarda (maktab, bog‘cha, shifoxona va h.k.) havoni tozalovchi tizimlarni o‘rnatishni; 42,1 foizi esa ish beruvchilarga bino va ofislar ichkarisida havoni tozalash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni ham tavsiya etgan.

7-taklif. Respondentlarga ko‘ra, vaqtinchalik chora sifatida namlikni oshirish uchun yerosti suvlaridan foydalangan holda favvoralar sonini ko‘paytirish zarur (25 foiz). Ayrimlarining fikricha, mo‘’tadil mikroiqlimni ta’minlash va havo sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish uchun sun’iy suv havzalarini yaratish ham samarali choralardan biri.

8-taklif. So‘rovda qatnashgan ekspertlarning 19,3 foizi ifloslanish darajasi yuqori bo‘lgan kunlarda aholi orasida tibbiy niqob taqish zarurligi to‘g‘risida tushuntirish ishlarini olib borish kerak, deb hisoblaydi.

9-taklif. 18 foiz respondent qishloq va o‘rmon xo‘jaligi, ishlab chiqarish, omborlarda yong‘inning oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish kerakligini ta’kidlagan. Chunki dala va o‘rmonlarda, xavfli kimyoviy moddalar saqlanadigan omborlarda sodir bo‘ladigan yong‘inlar natijasida havo sifatiga hamda inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi zaharli tutun va kul tarqalishi mumkin.

10-taklif. Bundan tashqari, ekspertlar havo sifatini yaxshilashga, uning yanada ifloslanishining oldini olishga kompleks yondashish va uzoq muddatli turli darajadagi strategik chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ta’kidlagan:

  • beton yoki asfalt bilan qoplangan maydonlar yaqinida kichik bog‘lar tashkil qilish;
  • shaharda va aholi yashash hududlarida ko‘mir va mazutdan foydalanishni taqiqlash;
  • tig‘iz vaqtlarda (soat 07:00 dan 10:00 gacha va 17:00 dan 20:00 gacha) N2 va N3 toifali (og‘irligi 3,5 va 12 tonnadan ortiq yuk ortilgan) transport vositalari harakatini cheklash;
  • 2010 yilgacha ishlab chiqarilgan barcha toifadagi avtomobillarning harakatlanishini bosqichma-bosqich taqiqlash, bunda zamonaviy transportlarga o‘tish bo‘yicha imtiyozlar joriy etish;
  • Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlarining markaziy ko‘chalarida avtotransport vositalaridan xoli zonalar tashkil etish;
  • Atmosfera havosini muhofaza qilish va ifloslanishining oldini olish davlat dasturini ishlab chiqish;
  • Markaziy Osiyoda ekologik vaziyatni monitoring qilishda davlatlararo munosabatlar sohasida maqsadli ishlarni amalga oshirish, muayyan vakolatlarga ega ishchi guruhlarni tuzish;
  • korxona va zavodlarda tozalash uskunalari mavjudligi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish;
  • korxonalarning ekologik auditini o‘tkazish, belgilangan standartlarga rioya etilishini nazorat qilish;
  • aholi uchun ekologik ta’lim dasturlarini yanada rivojlantirish;
  • xususiy tashkilotlarga ekologik muammolarni hal qilishga sarmoya kiritish imkonini beruvchi dasturlarni ishlab chiqish. Atrof-muhitga xayriya qilish uchun soliq imtiyozlarini berish;
  • atmosfera havosining sifatini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish uchun shahar hokimligi huzurida Ekologiya, sog‘liqni saqlash, transport va qurilish vazirliklari vakillaridan iborat ishchi komissiya tuzish.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida havo ifloslanishi dekabr-yanvar oylarida JSST belgilagan normadan bir necha barobar ko‘payishi tez-tez takrorlanyapti. Oldinroq, Ekologiya vazirligi havoni ifloslantiruvchi manbalar va ularga qarshi kurashish usullari haqida tahlillarini e’lon qilgan bo‘lsa, Toshkent shahar hokimligi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar ko‘rilishini ma’lum qilgan edi.

Mavzuga oid