O‘zbekiston | 18:48 / 20.01.2024
10267
3 daqiqa o‘qiladi

“Bolam ko‘rmaydigan va eshitmaydigan bo‘lib qoldi” - Dok-1 Maks ishining navbatdagi sud majlisidan reportaj

Dok-1 Maks ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisida “Ambronol” siropi iste’molidan so‘ng qulog‘i eshitmay, ko‘zi ko‘rmay qolgan 3 yoshli bolaning otasi ko‘rsatma berdi. U farzandini to‘liq davolatish uchun 100 ming dollar kompensatsiya so‘radi.

3 yoshli Muxtorjon Mirrahmonov “Ambronol” siropidan nogironga aylangan. Uning otasi, buxorolik G‘ofurjon Rahimovning ma’lum qilishicha, farzandi ikki oydan ziyod komada yotgan.

“Farzandim 2020 yil 28 dekabrda tug‘ilgan. 2022 yilda shamollab qoldi, yo‘tali qolmadi. Patronaj vrachimizga olib bordik. U kishi ukol qilaman, dedi, men birorta sirop yoki talbletka yozib berishini so‘radim. Keyin “Ambroksol” siropini aytdi. Dorixonada dorixonachi ayolimga “Ambroksol” yo‘qligi uchun o‘rniga “Ambronol” tavsiya qilibdi. O‘shani 3 kun 2 mahaldan ichirdik. Shundan keyin alomatlar boshlandi, qayt qildi, yurolmay faqat yotadi, yerga ursa, ko‘kka sapchiydigan bola ovqat yemay qo‘ydi. Tuman tez yordamga olib bordik, u yerdan reanimatsiyaga yuborishdi. Ammo u yerda dializ apparati bo‘lmagani uchun Buxoro viloyati kasalxonasiga yo‘llanma berishdi. Ammo u yerda ham bolalar uchun kateter yo‘q ekan, buni biz davolay olmaymiz, Toshkentdagi 16-shahar “balnitsa”ga olib boring deb, jo‘natib yuborishdi, — deydi jabrlanuvchi ota.

Buxorolik jabrlanuvchining aytishicha, Toshkentdagi shifoxonaga olib kelingan o‘g‘li 2022 yilning 30 dekabr kunidan 2023 yilning mart oyigacha komada yotgan. 

“Har kuni “do‘xtir”dan so‘rayman. Komaning ham har xil ko‘rinishi bor ekan. Ikkiga tushib qoldi, uchga tushdi, to‘rtga tushdi, tayyorgarligingni ko‘r deyishdi. Bu holatni hech kimga ravo ko‘rmayman, bolam komadan chiqqach, ko‘rmaydigan, eshitmaydigan nogironga aylandi.

Qarzlarim ko‘payib ketdi. Itdan bir suyak qarz bo‘ldim. Bir amallab kecha davlatdan yana 350 mln so‘m kredit olib, o‘g‘limni Hindistonga yubordim. Lekin ko‘zini davolash qiyin deyapti ekan u yoqda ham, 20-30 foiz holatda tuzalishi mumkin, deyishyapti. Hozir nogironlik rasmiylashtirganmiz. Qo‘lidan ushlab yetaklasa yuradi, oyoq-qo‘lida asorat yo‘q, faqat ko‘zi bilan qulog‘ida bo‘ldi”, deydi jablanuvchi.

U sudda farzandini to‘liq davolatish uchun 100 ming dollar kompensatsiya so‘radi.

Dok-1 Maks ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi 24 yanvar kuni o‘tkaziladi.

Oldingi sud majlisida farzandi nogiron bo‘lib qolgan ikki jabrlanuvchi bolasini davolatish uchun 5 mlrd so‘mdan kompensatsiya talab qilgandi.

Mavzuga oid