O‘zbekiston | 12:50 / 20.01.2024
5898
2 daqiqa o‘qiladi

Kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olganlik uchun javobgarlik belgilandi

Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan bir qator kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Foto: AP

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, quyidagilarga nisbatan javobgarlik belgilandi:

mobil qurilmaning xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodini qonuniy ishlab chiqaruvchining ruxsatisiz o‘zgartirish, xuddi shuningdek ushbu maqsadda maxsus dasturlarni ishlab chiqish, tarqatish yoki ulardan foydalanish  BHMning 15 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Bunda huquqbuzarlik sodir etish quroli musodara qilinadi. 

Abonent qurilmasining identifikatsiyalash modulini qonuniy ishlab chiqaruvchining yoki uning qonuniy egasining ruxsatisiz o‘zgartirish yoki uning nusxasini yaratish huquqbuzarlik sodir etish qurolini musodara qilib, BHMning 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash, litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga yoki ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Bunda kripto-aktivlarni hamda mazkur huquqbuzarliklarni sodir etish qurollari musodara qilinadi.

Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari tomonidan anonim kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish mansabdor shaxslarga BHMning 30 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mayning faoliyatini belgilangan tartibni buzgan holda amalga oshirish, mazkur huquqbuzarlikni sodir etish qurollarini musodara qilib, 5 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga yoki ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Anonim kripto-aktivlar mayningi bilan shug‘ullanish, kripto-aktivlarni hamda huquqbuzarlik sodir etish qurollarini musodara qilib, mansabdor shaxslarga BHMning 30 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid