Jamiyat | 17:32 / 21.01.2024
9090
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan ayol qo‘lga olindi

Foto: O‘zA

Samarqandda giyohvand moddalar va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanganlar qo‘lga olindi.

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida Payariq tumani Oqtosh mahallasida yashovchi, 1969 yilda tug‘ilgan O.Sh. o‘zining yashash xonadonida noqonuniy ravishda narkotik moddalarni saqlab, shu tumandagi jinoiy sheriklariga sotib kelayotgani aniqlandi.

Holat yuzasidan O.Sh.ning uyida va yordamchi xo‘jaliklarida o‘tkazilgan tintuv davomida 58 gramm ko‘knori giyohvandlik moddasi topilgan. Fuqaro bu moddani kelgusida sotish va o‘zining iste’moli uchun saqlab kelayotgani ma’lum bo‘lgan. 

Kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari oldi-sotdisi bilan bog‘liq holat Samarqand shahrida aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand shahrida yashovchi, 1976 yilda tug‘ilgan A.M. va turmush o‘rtog‘i, 1982 yilda tug‘ilgan M.X. «Reduksin» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini yashirin ravishda saqlab, uni ushbu dori vositalari iste’moliga qaram bo‘lgan shaxslarga sotib kelgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan Samarqand shahri Universitet xiyobonida o‘tkazilgan faol tadbirda M.X. mahalliy fuqaroga 5 quti «Reduksin» dori vositasini 950 ming so‘mga sotayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Shundan so‘ng M.X.ga tegishli bo‘lgan savdo do‘koni ko‘zdan kechirilganda kelgusida sotish maqsadida saqlab kelinayotgan jami 5688 dona «Reduksin layt», «Lipotrim», «Spirulina», «Fit 90», «Seksualnaya figura», «Lishou», «B-Fit» singari 14 nomdagi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda hujjatlashtirib olingan.

Hozir ikkala holat yuzasidan ham Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid