O‘zbekiston | 09:18 / 22.01.2024
4004
3 daqiqa o‘qiladi

Milliy qonunchilik normalari JST bitimlariga uyg‘unlashtirilyapti

Senat qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida “Ayrim qonun hujjatlariga milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Foto: senat.uz

Qonunda intellektual mulk, reklama va davlat boji bilan bog‘liq bo‘lgan milliy qonunchilikning qator normalarini Jahon savdo tashkilotining talablariga uyg‘unlashtirish maqsadida “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi, “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi, “Reklama to‘g‘risida”gi, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi va “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilgan.

“Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirish yillar davomida sanoat ishlab chiqarishga joriy qilinmagan ixtirolarni yoki foydali modellarni amaliyotga joriy qilinishini ta’minlashga, yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishga va bozorni to‘ldirishga xizmat qiladi.

“Reklama to‘g‘risida”gi qonun Jahon savdo tashkilotining Xizmatlar savdosi bo‘yicha bosh bitimida nazarda tutilgan me’yorlar bilan o‘zaro muvofiqlashtirilib, erkin raqobat muhitining yaratilishi ko‘zda tutilgan.

“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga ham Jahon savdo tashkiloti bitimlaridan kelib chiqib, qo‘shimcha me’yorlar kiritilayotgan bo‘lib, unga ko‘ra farmatsevtika sohasiga klinik tadqiqotlardan oldingi va klinik tadqiqotlar natijalari bo‘yicha olingan ma’lumotlarni samarali himoya qilish mexanizmini joriy qilish orqali original dori vositalar ishlab chiqaruvchilarning huquqi himoya qilinmoqda.

“Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga xorijiy investitsiyaga ega hamda mahalliy korxonalarga bir xilda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun davlat boji stavkasi bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 1 barobarigacha tushirilmoqda.

Qonunda ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalarini huquqiy muhofaza qilish uchun patent berishga, rasmiy ekspertiza o‘tkazishga va ma’lumotlarni e’lon qilishga talabnoma berish uchun davlat bojlari miqdorlari Intellektual mulkning savdo jihatlari bo‘yicha JST bitimi talablariga uyg‘unlashtirilmoqda.

Muhokamadan so‘ng senatorlar ushbu qonunni ma’qulladi.

Mavzuga oid