Jahon | 08:36 / 26.01.2024
2349
5 daqiqa o‘qiladi

Fransiya: immigratsiya to‘g‘risidagi qonun loyihasining uchdan bir qismi olib tashlandi

Fransiya konstitutsiyaviy kengashi o‘ta o‘nglar yetakchisi Marin Le Pen «mafkuraviy g‘alaba» deb atagan immigratsiya qonun loyihasini qisman rad etdi.

Foto: AP

Fransiyaning yangi immigratsiya qonuni ustida bir necha oy davom etgan kurashdan so‘ng, 25 yanvar, payshanba kuni respublika konstitutsiyaviy kengashi ilgari deputatlar tomonidan ma’qullangan munozarali qonun loyihasining muhim qismini bekor qilib, uning 86 moddasidan 32 tasi yetarlicha qonuniy asosga ega emas, degan qarorga keldi

Umuman olganda, konstitutsiyaviy kengash muhojirlarning oilalarini Fransiyaga olib kelishini qiyinlashtirgan va ijtimoiy imtiyozlardan foydalanish imkoniyatlarini cheklagan moddalarni senzura qildi. Qonun loyihasi, shuningdek, rasman «nomaqbul shaxslar» deb tan olingan xorijliklarni deportatsiya qilish asoslarini ham kuchaytiradi.

Shu bilan birga, kengash prezident Emmanuel Makron hukumati tomonidan taklif etilgan qonun loyihasining aksariyat qoidalarini ma’qulladi, ammo matnga o‘ng va o‘ta o‘ng siyosatchilar, xususan, avvalroq immigratsiya qonunini «mafkuraviy g‘alaba» deb atagan Fransiyaning «Milliy front» siyosiy partiyasi rahbari Marin Le Pen bosimi ostida kiritilgan bir qator munozarali qo‘shimchalarga rozi bo‘lmadi. 

Fransiya konstitutsiyaviy kengashining qaroriga munosabat

Fransiya ichki ishlar vaziri Jyerald Darmanen konstitutsiyaviy kengash qarorini olqishladi va ijtimoiy tarmoqda shunday yozdi: «Konstitutsiyaviy kengash hukumat matnini ma’qulladi. Hech qachon u huquqbuzarlarni chiqarib yuborish uchun bunchalik ko‘p imkoniyatlarni va chet elliklarning integratsiyalashuvi uchun juda ko‘p talablarni o‘z ichiga olmagan».

Konstitutsiyaviy kengash qarori o‘ng qanot tomonidan qattiq tanqid qilindi. Shunday qilib, «Respublikachilar» partiyasi rahbari Erik Sotti kengash qonuniy emas, siyosiy qaror qabul qilganini aytdi. Fransiya yuqori palatasidagi respublikachilar yetakchisi Bryuno Retayoga ko‘ra, parlament endi qonunlar qabul qilmayapti.

O‘ng qanot «Milliy birlashuv» raisi Jordan Bardella fikricha, fransuzlar tomonidan eng ko‘p qo‘llab-quvvatlangan qattiq choralar bekor qilindi va endi «qonun o‘lik». Bardella, shuningdek, immigratsiya qonunchiligi bo‘yicha referendum o‘tkazishga chaqirib, fuqarolar irodasini ifodalashning bunday usulini «yagona yechim» deb atadi.

So‘l lagerda, dpa agentligi ta’kidlashicha, bu qaror mamnuniyat bilan qabul qilindi. Xususan, uni Sotsialistik partiyaning birinchi kotibi Olive For to‘liq qo‘llab-quvvatladi. Fransiyaning «yashillar» partiyasi rahbari Marin Tondele yozishicha, konstitutsiyaviy kengash Makron va hukumatga respublika asoslarini eslatgan. Shu bilan birga, «Bo‘yin egmas Fransiya» o‘ta so‘l partiya koordinatori Manyuel Bombar, o‘z navbatida, immigratsiya qonunini butunlay bekor qilishga chaqirdi. «Qonun butunlay kesilgan. Uning qonuniyligi yo‘q», - dedi u.

Parlament tomonidan ma’qullangan qonun loyihasi minglab noroziliklarga sabab bo‘ldi

Munozarali immigratsiya qonuni 19 dekabr kuni parlament tomonidan ma’qullangan. Hujjatni 349 deputat qo‘llab-quvvatladi, 186 nafari qarshi chiqdi. Milliy assambleyada Marin Le Penning o‘ta o‘ngchi «Milliy birlashuv»ining barcha 88 deputati unga ovoz berdi.

Qonun loyihasida, jumladan, noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilishni soddalashtirish va migratsiya kvotalarini joriy etish taklif qilingan. Bundan tashqari, qonun loyihasiga ko‘ra, Fransiya huquq-tartibot idoralari xodimlariga qarshi jinoyat sodir etgan ikki fuqarolikka ega shaxslar Fransiya pasportidan mahrum bo‘lishi mumkin. «Bugungi kunda qattiq choralar zarur», dedi o‘sha paytdagi respublika tashqi ishlar vazirligi rahbari Stefan Sejurne.

21 yanvar kuni Fransiyada o‘n minglab odamlar yangi immigratsiya qonuniga qarshi norozilik namoyishiga chiqdi. Birgina Eyfel minorasi yonida kamida 16 ming kishi to‘plangan. Umuman olganda, ichki ishlar vazirligi namoyishchilar sonini 75 000 kishi deb hisoblagan, tashkilotchilar esa 150 000 namoyishchi borligini aytgan.=

Mavzuga oid