Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
IHXJ Belarusda faollarning ommaviy qo‘lga olinishini qoraladi
Inson huquqlari xalqaro jamiyati Aleksandr Lukashenkoni tanqid qildi. Dunyo Ukraina va Yaqin Sharqdagi urushlar bilan chalg‘iyotgan bir paytda, Belarus rahbari muxolifatni qo‘rqitishga harakat qilmoqda, deydi IHXJ.
Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro jamiyat (IHXJ) so‘nggi kunlarda Belarusda o‘tkazilgan ommaviy reydlar va faollarning qo‘lga olinishini keskin tanqid qildi. «Mamlakat bo‘ylab kamida 70 kishi ushlangan. Dunyo e’tibori Ukraina va Yaqin Sharqdagi urushlarga qaratilgan bo‘lsa-da, Lukashenko fursatdan foydalanib, butun mamlakat bo‘ylab tanqidchilarni yanada qo‘rqitmoqda. Siyosiy mahbuslarning yaqinlari hujumga uchramoqda. Ayrim hollarda butun oilalar qo‘lga olinmoqda», - dedi 25 yanvar, payshanba kuni IHXJ raisi Edgar Lamm.
Inson huquqlari tashkiloti Belarusdagi barcha siyosiy mahbuslarni zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi. IHXJ bayonotida qayd etilishicha, Belarusda tintuvlar «ekstremistik faoliyatni moliyalashtirish» va «ekstremistik tuzilmada ishtirok etish» gumonlari bilan o‘tkazilgan. Ayrim ushlanganlarga reydlar repressiya qilinganlarning oilalari hamda og‘ir moliyaviy ahvolga tushib qolgan vatandoshlar uchun oziq-ovqat mahsulotlari to‘loviga yordam beruvchi INeedHelpBy tashabbusi ekstremistik deb tan olinishi munosabati bilan o‘tkazilayotgani aytildi.
Avvalroq «Vesna» inson huquqlari markazi Belarusda bor-yo‘g‘i bir kun – 23 yanvarda 84 kishi qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi. Aleksandr Lukashenko o‘zini 2020 yil avgustida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida g‘olib deb e’lon qilganidan so‘ng ommaviy norozilik namoyishlari ortidan Belarus hukumati tuzum muxoliflarini qattiq bosdi. O‘sha saylov kampaniyasining qolgan ishtirokchilari panjara ortiga tashaldi yoki mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi. IHXJ ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha paytda namoyishlarda qatnashgan minglab odamlar hali ham Belarus qamoqxonalarida saqlanmoqda.
Mavzuga oid
12:14 / 24.05.2025
G‘oyib bo‘lgan Belarus muxolifat spikeri maxsus xizmatlar bilan aloqada gumonlanyapti
19:20 / 19.05.2025
Litva Belarus ustidan BMT Xalqaro sudiga da’vo kiritdi
20:28 / 07.05.2025
Lukashenko 8 ming mahkumga amnistiya qo‘llash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi
10:14 / 01.05.2025