O‘zbekiston | 17:06 / 28.01.2024
5853
3 daqiqa o‘qiladi

Ekologiya vazirligi qum-shag‘al qazib olishga ruxsatnoma berilayotgani haqidagi tanqidlarga munosabat bildirdi

Foto: Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi

O‘zbekistonda ayrim daryolar o‘zanlarida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilinishi belgilangandi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi elektron savdo platformasi orqali qum-shag‘al aralashmasi qazib olishga ruxsatnoma berilayotgani haqidagi tanqidlarga munosabat bildirdi.

Unda bildirilishicha, «Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoniga ko‘ra, 2024 yil 1 maydan boshlab eng og‘ir ekologik vaziyatda bo‘lgan Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari hududida qum va shag‘al qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etildi. Moratoriy davrida ushbu daryolar o‘zanlarida qum va shag‘al qazib olishga ruxsatnomalar berilmaydi.

Mazkur hududlarda qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib, moratoriyni buzgan shaxslarga nisbatan tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 10 baravarga oshirilgan holda qo‘llanadi, shuningdek, ushbu qoidabuzarlikni sodir etishda foydalanilgan texnika musodara qilinadi.

«E-auksion elektron savdo platformasi orqali qum-shag‘al materiallarini qazib olishga ruxsatnomalar berishga kelsak, ushbu amaliyot faqat moratoriy joriy etilmagan hududlarda qo‘llanadi. Shu bilan birga, daryolar o‘rniga muqobil tog‘li va tog‘oldi hududlarida joylashgan alternativ kon uchastkalarida qum-shag‘al qazib olish ishlari tashkil etiladi, — deyiladi vazirlik munosabatida.

Ta’kidlanishicha, keyingi yillarda respublikada qurilish ko‘lamining kengayishi natijasida qum-shag‘al aralashmasini qazib olishga ehtiyoj keskin oshdi. Biroq ko‘pchilik bu ehtiyojni qondirish uchun ertangi kunni o‘ylamay, daryo o‘zanlaridan qonunga xilof ravishda katta miqdorda qum-shag‘al qazib olib, atrof-muhitga tuzatib bo‘lmas zarar yetkaza boshladi.

Jumladan, 2023 yilda noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olish bilan bog‘liq 303 ta holatda 68 milliard so‘m jarima qo‘llangan. Ushbu holatlarning 42 tasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Daryo o‘zanlarida 1-1,5 metrgacha chuqurlikda qum va shag‘al qazishga ruxsat berilgan bo‘lsa-da, 10 metr chuqurlikda qazilishi natijasida daryo o‘zani kengligi 400 metrgacha kengayib ketish holatlari kuzatilgan.

Vazirlikning bildirishicha, ayni paytda xalqaro va mahalliy olimlar ishtirokida Chirchiq daryosini qayta tiklash loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Mavzuga oid