Jahon | 11:31 / 29.01.2024
21112
2 daqiqa o‘qiladi

Iordaniyadagi AQSh bazasiga hujum qilindi. Harbiylar halok bo‘lgan

Iordaniyaning Suriya bilan chegarasida joylashgan AQSh harbiy bazasiga dron yordamida hujum qilindi. Natijada uch nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgan. AQSh nashrlariga ko‘ra, 34 harbiy yaralangan, xususan, ko‘pchilik kontuziyaga uchragan.

Foto: Twitter

AQSh prezidenti Jo Bayden hujumni Eron qo‘llab-quvvatlaydigan guruhlar amalga oshirganini aytgan. «Hujum haqida barcha faktlarni to‘plashda davom etyapmiz. Bizga bu hujumni Suriya va Iroqda harakat qiluvchi Eron qo‘llovidagi guruhlar amalga oshirgani ma’lum. Barcha aybdorlar jazolanadi», degan Bayden.

Avvalroq harbiy bazaga berilgan zarba oqibatida 25 nafar amerikalik harbiy yaralangani aytilgandi, ammo keyinroq AQSh nashrlari 34 harbiy turli darajada jarohat olgani, xususan kontuziyaga uchragani haqida yozdi.

Reuters'ga ko‘ra, uchuvchisiz qurilma AQSh bazasidagi harbiylar yashovchi kazarma yaqiniga urilgani sabab jabrlanganlar soni ko‘p bo‘lgan. Oq uyga ko‘ra, Pentagon rahbari Lloyd Ostin va boshqa harbiylar Baydenga hujum haqida yakshanba kuni ertalab xabar bergan.

Amerika nashrlarida yozilishicha, hujum Iordaniyaning Rukbon cho‘lliklarida joylashgan «Tower 22» harbiy bazasiga amalga oshirilgan. Iordaniya shimoli-sharqidagi bu harbiy baza shundoqqina Suriya chegarasida joylashgan. 700 metrga 900 metr hududda joylashgan ushbu kattagina bazada 70 ta bino bor. Bazada uchish-qo‘nish yo‘lakchasi yo‘q, lekin OAV u yerda kamida 9 ta vertolyot saqlanganini aniqlagan.

Ushbu baza yaqinidagi chegaraning Suriya tomonida ham AQShning At Tanfa harbiy bazasi joylashgan. Iordaniya tomoni avvaliga hujum aynan shu bazaga amalga oshirilgani haqida bayonot bergandi. Amerikaliklar bu maxfiy bazadan 2016 yil IShIDga qarshi janglarda foydalana boshlagan.

7 oktyabrda HAMASning Isroilga hujumidan keyin AQSh Yaqin Sharqda faollikni oshirdi. Bu o‘shandan buyon mintaqada amerikalik harbiylar halok bo‘lishi bilan bog‘liq ilk holatdir.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid