Jamiyat | 17:33 / 30.01.2024
14815
3 daqiqa o‘qiladi

Ogoh bo‘ling: 10 dan ortiq avtolizing firmalarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan

Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni avtolizing firmalar bilan shartnoma tuzishda ogoh bo‘lishga, aldanib qolmaslikka chaqirdi.

Foto: Kun.uz

O‘tgan yillar davomida avtomobillar uchun oldindan to‘lovlarni amalga oshirgan, biroq belgilangan muddatda mashina yetkazib berilmagan yoki to‘langan pullar qaytarib berilmayotgani holati bo‘yicha 2000 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Mazkur murojaatlarning asosiy qismi «Umid avto companies» MChJ, «Orient avto lizing» MChJ va «Imkon avto» MChJ, «Mega auto lizing» MChJ, «AVTO 60-OY» MChJ, «Avtohamkor 0 foiz» MChJ va boshqa korxonalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bu korxonalar iste’molchilarning pul mablag‘larini qisqa muddatda yangi avtomobil olib berish va’dasi bilan jalb qilib, o‘z majburiyatlarini boshqa iste’molchilardan jalb qilingan mablag‘lar evaziga qoplash va iste’molchilardan olingan pullarni qaytarishni bir yildan ortiq muddatga kechiktirish (ushlab turish) kabi holatlarga yo‘l qo‘ymoqda.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan «Umid auto leasing», «Umid lizing Tashkent», «Umid auto», «Umid avto Tashkent», «Umid avto lizing», «Mega Avto Leasin-Hamkor», «Mega Avto Leasin», «Samo Rimmax Avto», «Rimmax Auto Leasin», «Ishonch Auto Leasin», «Asr Auto Leasin», «Baraka Avto Baraka Business» MChJlar mansabdor shaxslariga nisbatan huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

«Biroq bugungi kunda ushbu kabi korxonalar mansabdor shaxslari tomonidan iste’molchilarni chalg‘itish yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan pul mablag‘larini jalb qilish kabi huquqbuzarliklarni davom ettirmoqda hamda ular faoliyati ustidan iste’molchilardan ko‘plab shikoyat arizalari kelib tushmoqda. Qolaversa, «AVTO 60-OY» va «Avtohamkor 0 foiz» kabi aholining milliardlab pullarini o‘zlashtirgan avtolizing firmalar haqida juda ko‘p marta gapirilgan bo‘lsa-da, ayrim fuqarolarimiz hamon bunday firmalar aldoviga ishonmoqda.

Hurmatli fuqarolar, avtolizing firmalar bilan shartnoma tuzish (imzolash) va ularga pul to‘lashdan avval shartnoma shartlari bilan yaxshilab tanishing, unda to‘lovlar talablari va muammoli vaziyatlarda uning qaytarib olish muddati va shartlari bilan to‘liq tanishib chiqing, firma ishonchliligini axborot manbalaridan tekshiring, har qanday aldov va va’dalarga ishonmang», deyiladi qo‘mita xabarida. 

Mavzuga oid