O‘zbekiston | 19:50 / 30.01.2024
2966
2 daqiqa o‘qiladi

“Qisqa muddatda qozonxonalarga filtr o‘rnatish masalasini ko‘rib chiqamiz” – Ekologiya vaziri

“Tadbirkorlar bilan ishlab, qisqa muddatda qozonxonalarga filtrlar o‘rnatmasak, Toshkentdagi atmosfera darajasi doimiy ravishda qizil ro‘yxatga tushishining oldini ololmaymiz. Shuning uchun bu masalada birgalikda ishlashga tayyormiz”, – dedi Aziz Abduhakimov Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi majlisda.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 30 yanvar kuni o‘tgan majlisida deputat Mavluda Ahmadjonova Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovdan Toshkent shahri va atrofidagi qozonxona va issiqxonalar zaharini kamaytirish uchun nima ish qilinayotganini so‘radi.

"Toshkent shahri atrofidagi mingdan ortiq issiqxonalar, 25 ming ovqatlanish shoxobchalari mavjud. Ularning aksariyati ko‘mir va boshqa yoqilg‘ilardan foydalanadi. Biroq achinarlisi shundaki, issiqxonalarni isitish uchun ishlatilgan avtomobil shinasidan ham foydalanilmoqda. Toshkent shahri atrofidagi issiqxonalar va qozonxonalarning havoni ifloslantirishiga chek qo‘yish uchun qanday chora ko‘rilyapti va bu bo‘yicha aniq takliflar bormi?” – deb savol berdi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Adhamjonova.

Aziz Abduhakimovning javob berishicha, vazirlik xodimlari ekoinspektorlar bilan birgalikda issiqxonalar qayerda joylashganini birma-bir 1,5 oy davomida o‘rganib chiqqan.

Buni o‘zimizning xaritamizda belgilab chiqdik va uni shahar atrofida zarrachalarning yashil belbog‘i emas, kulrang belbog‘i deb atadik. Shu narsa bizni juda qiynayapti”, – dedi Abduhakimov.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, tadbirkorlar bilan ishlab, qisqa muddatda qozonxonalarga filtrlar o‘rnatish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Shunday qilinmasa, Toshkentdagi atmosfera darajasining doimiy ravishda qizil ro‘yxatga tushishi oldini ololmaymiz. Shuning uchun bu masalada birgalikda ishlashga tayyormiz”, – dedi Ekologiya vaziri.

Mavzuga oid