Iqtisodiyot | 21:02 / 31.01.2024
16302
2 daqiqa o‘qiladi

Yanvar oyidagi inflatsiya darajasi ma’lum qilindi

2024 yilning yanvar oyida iste’mol sektoridagi narxlar o‘rtacha 0,6 foizga ko‘tarildi, deya xabar berdi Statistika agentligi. Natijada yillik inflatsiya 8,6 foizgacha pasaygan. So‘nggi marta bunday past inflatsiya ko‘rsatkichi 2016 yil avgust oyida qayd etilgan.

Foto: Kun.uz

Statistika organiga ko‘ra, yilning ilk oyida oziq-ovqatlar 0,7 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,4 foizga, pullik xizmatlar 0,9 foizga qimmatlashgan.

2023 yilning yanvariga nisbatan taqqoslaganda, o‘tgan 1 yilda oziq-ovqatlar narxi 9,3 foizga, nooziq-ovqatlar narxi 7,5 foizga, xizmatlar narxi 8,9 foizga oshgan.

Qayd etilishicha, 2024 yil yanvar oyida asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan sut (+0,5%) va tuxum (+2,5%) qimmatlashgan. Suyakli mol go‘shti (–0,2%), qo‘y go‘shti (–0,2%), guruch (–0,4%), bug‘doy uni (–1,8%), kungaboqar yog‘i (–0,9%), shakar (–0,3%) esa arzonlashgan.

Oy davomida meva-sabzavotlardan baqlajon (+52,6%), bulg‘or qalampiri (+49,5%), banan (+18,9%), sarimsoq (+14,5%), pomidor (+110,4%), piyoz (+3,8%) va kartoshka (+3,1%) narxlarida o‘sish kuzatilgan.

Lavlagi (–1,6%), sabzi (–1,9%), anor (–2,1%), limon (–4,6%), karam (–4,8) va bodring (–11,4%) narxlari pasaygan.

Benzin 3,4 foizga (yillik +23,3%), propan 4,8 foizga (yillik +34,3%) qimmatlashgan, metan narxida o‘zgarish bo‘lmagan (yillik o‘sish +22,4%).

Eslatib o‘tamiz, yillik inflatsiya 2023 yilning noyabrida 8,8 foizga tushib, bu ko‘rsatkich 2023 yil yakunida ham saqlanib qolgan va bu – 2016 yil avgustidan keyingi davr uchun eng past ko‘rsatkich bo‘lgandi. 2016 yil avgust holatiga yillik inflatsiya 8,6 foiz bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, 2016 yildan keyingi davrdagi eng yuqori inflatsiya darajasi bundan roppa-rosa 6 yil oldin – 2018 yil yanvarida qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda iste’mol sektoridagi narxlarning yillik o‘sishi 20,1 foiz bo‘lgan.

Mavzuga oid