O‘zbekiston | 14:16 / 01.02.2024
5216
2 daqiqa o‘qiladi

“Qibray sanatoriyasi hududida ham nafas olish og‘irlashgan” – Ekologiya vaziri

Toshkent shahri atrofida filtrsiz ishlagan va ko‘mir yoqayotgan issiqxonalar sabab yashil emas, kulrang halqa paydo bo‘lgan. “Davlat xizmatchilari, hokimlar borib dam olib keladigan Qibray sanatoriyasi direktori telefon qilib, sanatoriya hududida ham nafas olishning iloji bo‘lmay qolganini aytdi”, – deydi Aziz Abduhakimov 

Foto: Gazeta.uz

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Toshkent shahri havosini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida Gazeta.uz’ga bergan intervyusida vazirlik toza havoga tajovuzga qarshi vazirlik ko‘rayotgan choralar haqida ma’lumot bergan.

Uning ta’kidlashicha, Toshkent shahri atrofida yashil belbog‘ emas, kulrang belbog‘ paydo bo‘lgan. Bunga esa ko‘mirga o‘tgan issiqxonalar sabab.

Shahar atrofida 1300 dan ortiq issiqxonalar bo‘lib, ularning ko‘plari ko‘mirda isitishga o‘tgan. Lekin ming afsuski, ular ekologik ekspertiza xulosasida ko‘rsatilganidek filtrlar o‘rnatmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘mirlarni yoqib, havoga juda ko‘p zararli moddalar chiqaryapti”, – deydi vazir.

Abduhakimov Bunday issiqxona va korxonalarga doimiy reydlar tashkil etilib, ularning ko‘piga ham moliyaviy sanksiyalar qo‘llash, ham ogohlantirish berilganini qo‘shimcha qildi.

Yaqinda Qibray sanatoriyasi rahbari telefon qilib, sanatoriya atrofidagi issiqxonalar sabab nafas olib bo‘lmayotgani, vaziyat juda og‘irligini aytdi. Demak, bu e’tirozlar o‘sha yerda dam olayotgan hokimlar, amaldorlardan tushmoqda. Bu sanatoriya eng mashhur sanatoriya bo‘lib, ko‘pincha u yerda hokimlar, davlat xizmatchilari o‘z sog‘lig‘ini tiklaydi”, – deydi Aziz Abduhakimov.

Shuningdek, Ekologiya vaziri filtr o‘rnatmagan korxonalarga ko‘rilayotgan choralar juda yengil ekanini aytib, ularga qarshi moliyaviy sanksiyalar 5-10 marotaba ko‘paytirilayotganini ma’lum qildi. 

Mavzuga oid