Jahon | 11:53 / 03.02.2024
25734
16 daqiqa o‘qiladi

SSSR va AQSh o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari – MRBdagi muhim shaxs nega KGB josusiga aylangandi?

1980-yillarda AQShning MRB tashkiloti KGBdagi bir qancha zobitlarni o‘z tomoniga og‘dirishga muvaffaq bo‘ladi. Ular orasida hatto general ham bor edi. 1985 yilda yuqori lavozimli MRB xodimi sovetlar tomoniga o‘tadi va amerikaliklarga xizmat qilayotgan KGB zobitlarini oshkor qiladi. Shundan so‘ng KGB ichida “ushla-ushla” boshlanib ketadi. Qo‘lga tushganlarning aksariyati vatanga xiyonatda ayblanib o‘lim jazosiga hukm qilinadi.

Foto: milli.az

1950-yillarda boshlangan «Sovuq urush» davrida SSSR va G‘arb o‘rtasidagi aloqalar ancha sovuqlashadi. Shu davrdan boshlab har ikki tomon josuslik o‘yinlariga zo‘r beradi.

Bunda sovetlardan ko‘ra G‘arb davlatlari ko‘proq muvaffaqiyatga erishadi. Natijada ko‘plab KGB hamda sovet tashqi razvedka xizmati xodimlari AQShning Markaziy razvedka boshqarmasi va Britaniyaning MI-5 hamda MI-6 tashkilotlariga «sotilib» ketishadi.

Biroq KGB ham qo‘l qovushtirib turmagan. Bu tashkilot ham ko‘plab g‘arbliklarni o‘z tomoniga og‘dirishga muvaffaq bo‘lgan. Ulardan biri MRBda yuqori lavozimda ishlagan Eyms Oldrich edi.

Bu shaxs KGB bilan hamkorlikni 1980-yillar boshida boshlagandi. Keyinchalik qo‘lga tushib juda uzoq muddatga qamaladi. Hozir ham AQShda qamoqxonada saqlanyapti.

Oldrich Eyms

Oldrich Eyms 1941 yilda Viskonsin shtatidagi River-Folls shahrida tug‘ilgan. Uning ota-onasi o‘qituvchi bo‘lgan. 1952 yilda Oldrichning otasi Markaziy razvedka boshqarmasining Virjiniya shtati bo‘limiga ishga kiradi.

1953 yilda uni oilasi bilan uch yilga Janubiy-Sharqiy Osiyoga jo‘natib yuborishadi. Biroq ko‘p o‘tmay u mast qiluvchi ichimliklarga ruju qo‘ygani uchun ortga qaytariladi va MRB ma’muriyatida ishlay boshlaydi.

Oldrich maktabni bitirgach otasining yoniga, MRB ma’muriyatiga ishga boradi, u yerdagi arxivda uch yil oddiy xizmatchi bo‘lib ishlaydi. 1959 yilda u Chikago universitetiga o‘qishga kiradi va 2-kursda o‘qishdan haydaladi.

Shundan so‘ng u yana MRBga qaytib boradi va yengilroq ishlarni bajarib yuradi. Bu orada Jorj Vashington universitetiga o‘qishga kirib, uni bitkazadi. Shu bilan birga Oldrich MRBdagi ishini davom ettiradi.

Eyms Oldrich yoshligida

1969 yilda 28 yoshli Oldrich MRB xodimi Nensi Segebartga uylanadi. Shundan so‘ng uni Turkiyaga josus sifatida ishga yuborishadi. Bu yerda u sovet fuqarolarini josuslikka yollash bilan shug‘ullanadi.

1972 yilda Oldrich AQShga qaytgach uni MRBning SSSR va Sharqiy Yevropa bo‘limiga o‘tkazishadi. Keyinchalik u MRBda turli vazifalarda ishlaydi va tashkilotning SSSR va Sharqiy Yevropa bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i vazifasiga tayinlanadi.

AQSh va SSSR qarama-qarshiliklari inobatga olinsa, o‘shanda Oldrich MRBning eng muhim bo‘limiga boshliq bo‘lgandi. 1980-yillar o‘rtalarida KGB Oldrichni o‘z tomoniga og‘dirishga muvaffaq bo‘ladi.

Bu 1974 yildan 1988 yilgacha KGBning Birinchi bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlagan Vladimir Kryuchkovning muvaffaqiyati deb talqin qilinadi.

KGB bilan hamkorlik

Oldrich Eymsning KGB bilan hamkorlikni qanday boshlagani haqida turli gaplar yuradi. Ularning biriga ko‘ra 1985 yil aprel oyida Oldrich SSSRning Vashingtondagi elchixonasiga borgan va qo‘riqchiga xat bergan.

Xatda “Men Oldrich Xeyzen Eyms MRBning SSSR va Sharqiy Yevropa bo‘limi boshlig‘i vazifasida ishlayman. Menga 50 ming dollar pul kerak. Bu pul evaziga MRBga xizmat qilayotgan KGBning yuqori lavozimli uch xodimi haqida ma’lumot bermoqchiman», deydi. Elchixonada u bilan Viktor Cherkashin uchrashadi.

Oldrich xotini va farzandi bilan

Ertasi kuni Oldrich o‘z boshlig‘i Devid Merfiga sovet elchixonasi xodimlaridan birini MRB tomonga ag‘darish uchun elchixonaga borganini, biroq xodim bilan uchrasha olmay qaytganini ma’lum qiladi.

O‘shanda KGB Oldrichni tekshirib ko‘rishni va ishonchli deb topilsa u bilan aloqa qilib turishni elchixona xodimi niqobi ostida ishlayotgan Viktor Cherkashinga topshiradi.

Oldrichning taklifi muhokama qilinadi va u bilan bafurja uchrashuv o‘tkazishga kelishiladi. Ikkinchi uchrashuv 1985 yil 17 may kuni bo‘lib o‘tadi va unda Viktor Cherkashin, Sergey Chuvaxin va Oldrich Eyms qatnashadi.

Shu uchrashuvda Oldrich sovet josuslariga MRB bilan hamkorlik qilib kelayotgan KGB xodimlari Martinov, Motorin va Polyakov haqida ma’lumot beradi.

Boshqa bir talqinga ko‘ra, 1985 yilda Vashingtondagi SSSR elchixonasida xodim niqobi ostida ishlovchi KGB josusi Viktor Cherkashinning xonasidagi telefon jiringlaydi. Go‘shakni ko‘targanida elchixona xodimlaridan biri Sergey Chuvaxin unga qisqa axborot beradi: “Pastda, kirish eshigining oldida bir odam turibdi. U MRBda ishlashini aytyapti. Uchrashuv so‘rayapti”.

Viktor MRB xodimining elchixonaga kelganini KGB xodimlarini navbatdagi yolg‘on ma’lumotlar bilan “oziqlantirish” uchun navbatdagi urinish deb o‘ylaydi.

Biroq elchixona binosiga kirgan shaxs o‘zini tanishtirganda sovet josusi hayratda qoladi. Hamkorlik qilishini taklif etayotgan mehmon MRBning oddiy xodimi emas, balki SSSR va Sharqiy Yevropa bo‘limi rahbari Oldrich Eyms edi.

Oldrich Eymsning hibsga olinishi

Viktor Oldrichning tarjimai holi bilan tanishganda jiddiy va shubhali hech narsa topa olmaydi. Otasi MRBda ishlagan. U ham otasining izidan ketgan. Sadoqati uchun mansabi ko‘tarilgan, biroq maoshidan rozi emas.

SSSR tashqi razvedka xodimlarini xavotirga solgan yagona narsa bu Oldrichning mast qiluvchi ichimliklarga moyilligi edi. Oldrich buni Viktor bilan uchrashuvda sezdirib qo‘yadi va u quyib bergan ichimliklarni to‘xtovsiz ravishda ichib o‘tiradi.

Boshqa bir talqinga ko‘ra, Oldrichning KGB josuslari bilan hamkorlik qilishiga uning yosh o‘ynashi, Kolumbiyaning AQShdagi konsulligi xodimi bo‘lgan ayol sabab bo‘lgan degan gaplar ham bor.

Oldrich ism-sharifi Mariya del Rosario Kasas Dupi bo‘lgan bu ayol bilan Meksikada tanishgandi. Mariya keyinchalik Kolumbiyaning AQShdagi konsulligiga ishga o‘tgandi. O‘sha paytda Oldrichning xotini bor edi va ayol unga o‘ynash maqomida bo‘lgan.

Mariya hashamatli hayotni xohlar, shu uchun Oldrichga kam maoshga ishlayotganini, bundan ko‘proq pul topa olishi mumkinligini doim takrorlab turgan. Ayol Oldrichga agar ko‘proq pul topmasa tashlab ketish bilan tahdid ham qilgan.

O‘sha paytlarda Oldrich xotini bilan ajrashadi. Shunda uning barcha pullari va mulklari xotiniga o‘tib ketadi va u hech vaqosiz qoladi. Bir tomondan Mariyaning talab va xarxashalari, ikkinchi tomondan hech narsasiz qolish Oldrichni sovet elchixonasiga 50 ming dollar so‘rab borishga majbur qilgandi.

Umumiy hisobda Oldrich KGB bilan 9 yil (SSSR parchalanguncha 6 yil, Rossiya mustaqil bo‘lgach 3 yil) hamkorlik qiladi. U shu davr mobaynida MRB foydasiga ishlab kelayotgan 12 nafar (boshqa manbalarda 25, hatto 40 nafargacha ham deyilgan) KGB va FSB xodimlarini ushlab beradi.

Bulardan eng taniqlilari:

Dmitriy Polyakov – SSSR tashqi razvedka xizmati general-mayori Polyakov MRB bilan hamkorlikni 1960-yillarda boshlagan. Polyakov bergan ma’lumotlar asosida MRB KGBning AQSh, Yevropa va Osiyodagi ko‘plab josuslarini fosh qilib, qo‘lga tushirgan. Oldrich bergan ma’lumot ortidan 1986 yilda hibsga olingan. 1988 yilda o‘lim jazosi berilgan.

Gegeral Polyakovning hibsga olinishi

Gennadiy Smetanin – SSSR tashqi razvedka xizmati polkovnigi. MRB Smetanin bilan hamkorlikni 1983 yilda boshlagan. KGB va Tashqi razvedka xizmatining maxfiy ma’lumotlar bazalariga bemalol kira olgan bu shaxs MRBga juda ko‘p maxfiy ma’lumotlarni bergan edi. Aynan Smetaninning ma’lumotlari asosida dunyoning turli burchaklarida KGB josuslari fosh etilgan. 1985 yilda ushlangan. 1986 yilda o‘lim jazosiga hukm qilingan.

Aleksey Kulak – KGB polkovnigi. Oldrichning ma’lumotiga ko‘ra, Kulak 1984 yil vafotigacha MRB bilan hamkorlik qilgan.

Vladimir Piguzov – KGB polkovnigi. 1985 yilda hibsga olingan. 1986 yilda o‘lim jazosiga hukm qilingan.

Valeriy Martinov – KGB podpolkovnigi. Martinov MRB bilan hamkorlikni 1980 yilda boshlagan. U SSSR tashqi razvedka xizmatining Vashingtondagi bo‘limida xizmat qilgan. Martinov MRBga asosan SSSRning aerokosmik va energetik sohalaridagi maxfiy ma’lumotlarni bergan. 1986 yilda hibsga olingan. 1986 yilda o‘lim jazosiga hukm qilingan.

Sergey Motorin – KGB podpolkovnigi. Motorin SSSRning AQShdagi elchixonasi xodimi niqobi ostida Vashingtonda ishlagan. Pul evaziga MRBga turli maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilib kelgan. 1986 yilda hibsga olingan. 1987 yilda o‘lim jazosi berilgan.

Leonid Poleshchuk – KGB podpolkovnigi. Poleshchuk KGB tashqi razvedka xizmatidagi “K” bo‘limini boshqargan. U MRB bilan hamkorlikni 1970 yildan boshlagan. KGB Poleshchuk bergan ma’lumotlar asosida Markaziy va Janubiy Afrikada, Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlarida ko‘plab KGB va SSSR Tashqi razvedka xizmati xodimlarini, sovet josuslarini fosh etadi. U 1985 yilda hibsga olingan. 1986 yilda o‘lim jazosiga hukm qilingan.

Boris Yujin – KGB podpolkovnigi. 1985 yilda hibsga olingan. 1986 yilda 15 yilga qamalgan. 1992 yilda Rossiya prezidenti Yelsin tomonidan afv etilgan. Ozod bo‘lganidan so‘ng oilasi bilan AQShga ko‘chib ketgan.

Gennadiy Varenik – KGB podpolkovnigi. 1985 yilda G‘arbiy Berlinda xizmatda yurgan chog‘ida hibsga olingan. Moskvaga olib kelinib sud qilingan va o‘lim jazosi berilgan. 1987 yilda otib tashlangan.

Sergey Voronsov – KGB mayori. 1985 yilda hibsga olingan. 1986 yilda o‘lim jazosi berilgan.

Sergey Voronsov Hujjatli filmdan skrinshot

Foreign Policy jurnalida yozilishicha, Oldrich BMTda yadro qurollari bo‘yicha sovet delegatsiyasi safida ishlagan Sergey Federenkoni ham MRB bilan hamkorlik qilishda ayblagan.

Biroq bu ayblov o‘sha vaqtda o‘z isbotini topmagan. Keyinchalik Federenko doimiy yashash uchun AQShga ko‘chib ketadi va Oldrichning ayblovida qisman jon borligi ma’lum bo‘ladi.

SSSR tarqab ketgandan so‘ng Moskvadagi hamkorlari Oldrichga Rossiyaga ko‘chib kelishni taklif etishadi. Biroq u ko‘nmaydi va KGB bilan hamkorlikni davom ettiradi. (FSB 1995 yilda tashkil etilgan.)

Oldrichning qo‘lga tushishi

Oldrichning KGB bilan hamkorlik qilishi natijasida MRB 1985 yildan boshlab SSSRdagi ko‘plab josuslaridan va hamkorlaridan ajralib qoladi.

1986 yilda SSSRdagi hamkorlar haqidagi ma’lumotlarni KGBga sotgan xodimni aniqlash uchun tashkilotda maxsus guruh tashkil etiladi. Biroq ular bir necha yil “sotqin” kimligini aniqlay olishmaydi.

Oldrichning qo‘lga tushishiga tom ma’noda uning hashamatli hayot kechirishi sabab bo‘lgan. U sovet davrida va undan keyin ham o‘z “xizmatlari” evaziga salmoqli summa olgan. 1990-yillar boshida uning 5 mln dollardan oshiq puli bo‘lgan.

Oldrich juda hashamatli hayot kechirgan. Narxi 2-3 ming dollar turadigan qimmatbaho kostyum-shimlar kiyar, oltin va platinadan yasalgan “Guchchi” soatlarini taqardi.

Oldrich oilasi bilan yashagan uy

 

Guruh a’zolaridan biri Dayana Uorten Oldrichning kolumbiyalik xotini Mariya Rozario Eyms bilan dugona bo‘lgan. U bilan tez-tez uchrashib turgan. Oldrichdan farqli ravishda xotini oddiyroq yurgan.

Kunlarning birida Mariya Dayanani uyiga parda ilishga yordamga chaqiradi. Ana shunda Dayana Oldrichning uyidagi qimmatbaho buyumlarni ko‘rib hayron qoladi.

Oldrich oddiy mashina minmas, “Yaguar”da yurardi. Oxir-oqibat uning hashamatli hayotga bo‘lgan ishtiyoqi va Dayana Oldrichning uyida ko‘rgan holat 1989 yilda MRB xodimlarining e’tiborini tortadi.

Ular “ko‘p qatori maosh oladigan” Oldrich qimmat mashinaga, kiyim-kechaklarga va buyumlarga pullarni qayerdan olayotganiga qiziqa boshlashadi. Shu tariqa Oldrich shubha ostiga tushadi. Uning har bir qadami kuzatuvga olinadi.

Ko‘p o‘tmay MRB xodimlarining yoniga tashqi razvedka xizmati va Federal qidiruv byurosi xodimlari ham qo‘shiladi. Ular Oldrichni birgalashib kuzatishadi.

Keyinroq shubha ortib boravergach Oldrichning barcha telefon qo‘ng‘iroqlari va so‘zlashuvlari yashirincha eshitiladi. O‘zi bo‘lmagan paytda uyi tintuv qilinadi. Mashinasiga maxsus uskuna o‘rnatiladi.

Uning uyidan katta miqdordagi pul, qimmat sigaralar, shishasi 5 ming dollar turadigan spirtli ichimliklar va AQShning sharqiy sohillaridagi turli fohishaxonalarning telefon raqamlari topiladi.

Oxir-oqibat Oldrichning sovet josuslari bilan hamkorlik qilib kelayotgani va KGB uchun xizmat qilayotgani tasdiqlanadi. 1994 yilda Oldrich va Mariyani Vashington shahar chetida joylashgan uyida hibsga olishadi. Qo‘llariga kishan taqilayotganda u “Sizlar juda katta xatoga yo‘l qo‘yyapsizlar. Sizlar boshqa odamni ushladinglar”, deb baqiradi.

Oldrichning qo‘lga olinishi Foto: bbc.com

Oldrich ushlangandan so‘ng AQSh va Rossiya o‘rtasida kichik mojaro yuz beradi. MRBning yuqori lavozimli xodimi Moskvaga borib Oldrich bilan hamkorlik haqidagi barcha ma’lumotlarni so‘rashadi. KGB rad etadi. Shundan so‘ng bir muddat Rossiyaga ko‘rsatilayotgan moddiy yordam to‘xtatib qo‘yiladi.

Ko‘p o‘tmay MRB rahbari Jyeyms Vulsi iste’foga chiqadi. Oldrich bilan sodir bo‘lgan hodisa prezident Klintongacha yetib boradi. U 1994 yilda Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi xodimi niqobi ostida josuslik qilib kelayotgan Aleksandr Lisenkoni AQShdan chiqarib yuborish haqidagi qarorni imzolaydi.

Moskva ham qarab turmaydi. Bunga javoban rossiyaliklar AQShning Moskvadagi elchixonasi xodimi niqobi ostida josuslik qilib kelgan Jyeyms Morrisni Rossiyadan chiqarib yuborishadi.

Oldrich va uning xotini qo‘lga olingandan so‘ng ularga bir nechta moddalar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atiladi. Ularning ikkalasi ham o‘z ayblarini tan olishadi va KGB bilan hamkorlik haqidagi barcha ma’lumotlarni MRBga topshirishadi.

Ana shunda aynan Oldrich KGBga bergan ma’lumotlar tufayli MRBning dunyo bo‘ylab 100 dan oshiq maxsus operatsiyalari barbod bo‘lgani oydinlashadi.

1994 yilda Mariya Eymsga 5 yil qamoq jazosi berishadi. Oldrich esa umrbod qamoq jazosini oladi. Oilaning mol-mulki musodara qilinadi.

Ko‘p o‘tmay Mariya Eyms jazoni o‘tab ozodlikka chiqadi. Oldrich avvaliga Pensilvaniya shtatidagi qattiq rejimli Allenvud qamoqxonasida saqlangan. Hozir u Indiana shtatidagi qattiq rejimli Terre-Xot qamoqxonasida jazo o‘tayapti.

Oldrich qamoqxonada intervyu berayapti

Oldrich qamalgandan so‘ng Rossiya tomoni bir necha bor amerikaliklarga uni almashtirish bo‘yicha taklif bilan chiqadi. Biroq Amerika tomoni buni rad etib kelyapti.

Oldrich qamoqda o‘tirgan paytida bir necha bor OAVga intervyu beradi. O‘shanda u pullarni yaxshi ko‘rishini, biroq barcha narsa kapital ustiga qurilgan Amerika siyosatidan nafratlanishini, ana shu narsa tufayli KGB bilan hamkorlik qilganini aytgan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid