O‘zbekiston | 14:39 / 04.02.2024
6206
3 daqiqa o‘qiladi

«Jamoatchilik qo‘llovi bizga kuch beryapti» – vazir ekologiya bo‘yicha takliflar tez qabul qilinayotgani haqida gapirdi

Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov 2023 yil yanvaridagi vaziyat tufayli ko‘mirga o‘tishga majbur bo‘linganini, lekin soha vaziri sifatida ko‘mir va mazutni taqiqlashni talab qilish vazifasi ekanini aytgan.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziridan 2023 yilda ijtimoiy obektlarni ko‘mirga o‘tkazish bo‘yicha qaror chiqqanda vazirlik bunga qanday munosabat bildirgani, bu borada vazirlik bilan kelishuv qanday bo‘lgani haqida so‘raldi. Vazirga ko‘ra, o‘shanda vaziyat og‘ir bo‘lgani uchun ko‘mirga o‘tishga majbur bo‘lingan.

«Odamlarda norozilik bo‘ldi. O‘shanda juda og‘ir kunlar bo‘ldi. Ochig‘ini aytsak, hammamiz ko‘mir yoqishga ham, boshqasiga ham tayyor edik. Mana bu yil qish uncha sovuq ham bo‘lmadi, shuning uchun bu qandaydir odamlarning esidan chiqib, bemalolroq qabul qilinyapti», – dedi vazir.

Abduhakimov, qattiq sovuq bo‘lib turganda, kasalxona va bog‘chalar qiynalib qolishi inobatga olinib qaror qabul qilingani, lekin shunga qaramay ekologiya vaziri sifatida bunday qarorlarga qarshi chiqish uning vazifasi ekanini eslatdi.

«Ya’ni tarozi og‘ir bu vaziyatda, lekin soha vaziri sifatida ko‘mir va mazutni taqiqlashni talab qilish vazifam. Yakuniy qaror hukumat tomonidan qabul qilinadi. Deylik, Iqtisodiyot vazirligi qarshilik qilishi mumkin iqtisodiy tomonlarni o‘ylagan holda. Har bir qaror o‘ziga yarasha yondashuvlar to‘qnashuvi asosida bo‘ladi», – dedi Abduhakimov.

Mas’ul shuningdek, ekologiyani yaxshilash haqidagi takliflar, qonunlar tez-tez qabul qilinayotganini quvonarli hol deb, bunda jamoatchilikning o‘rni, qo‘llab-quvvatlovi muhim bo‘layotgani, jamoatchilik vazirlikka kuch berishini alohida ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, 2023 yilda O‘zbekistonda 5 mingdan ortiq ijtimoiy obektlar ko‘mir va mazutga o‘tkazilishi ortidan Toshkent shahrida havo sifati yomonlashib borayotgani ma’lum qilingan edi.

Oldinroq, Ekologiya vazirligi mas’ullari O‘zbekistonda ijtimoiy obektlarning ko‘mirga o‘tganini butun dunyoda bu tendensiya ketayotgani bilan izohlashgandi. Biroq Xalqaro energetika agentligi 2023 yilgi hisobotida Osiyo mamlakatlarida ko‘mirdan foydalanish salkam 10 foizga oshgani, Yevroittifoq va AQShda esa bu ko‘rsatkich 20 foizga kamayganini ochiqlagan edi.

Mavzuga oid