Jahon | 17:51 / 04.02.2024
16058
13 daqiqa o‘qiladi

“O‘ziga og‘dirmoqchi” - ekspertlar XXR raisining “Tolibon” elchisidan yorliq olgani haqida

AQSh kuchlari Afg‘onistondan ketgach, Xitoy bu yerda o‘z ta’sirini o‘rnatishga qaror qilgan, hozirda global va mintaqaviy kuch markazlari o‘rtasida “Tolibon” masalasida “savdo” ketyapti, deydi afg‘onshunos Suhrob Bo‘ronov. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, tan olmaslik – “Tolibon”ga nisbatan dunyo davlatlari qo‘lidagi kam sonli ta’sir vositalaridan biri bo‘lib qolyapti.

30 yanvar kuni Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinping Pekinda bir qator xorijiy davlatlar elchilari qatorida Afg‘oniston Islom Amirligi elchisidan ham ishonch yorlig‘ini qabul qilib oldi. Bu bilan Xitoy bunday qadamni qo‘ygan ilk davlatga aylandi.

Kun.uz Afg‘onistonning bevosita qo‘shnilaridan biri bo‘lmish Xitoyning “Tolibon”ga oid siyosatini muhokama qilish uchun “Geosiyosat” dasturiga siyosiy tahlilchilar Suxrob Bo‘ronov va Kamoliddin Rabbimovni taklif etdi.

— Xitoyning “Tolibon” elchisini rasman qabul qilish qarorini qanday faktorlar yoki mintaqaviy vaziyatlar taqozo etdi?

Suxrob Bo‘ronov: — Xitoyning Afg‘onistondagi xatti-harakatlari, siyosati qanday ekaniga davriy ravishda e’tibor berish kerak. 2021 yilda “Tolibon” hokimiyatni egallagandan keyingi davrdagi mintaqaviy va global siyosiy o‘zgarishlar Xitoyni “Tolibon”ga nisbatan siyosatini tezlashtirishga undadi. AQSh Ukraina va Yaqin Sharqqa e’tibor qaratib turgan bir paytda Xitoy bunday vaziyatdan foydalanishga urinyapti, vaziyat taqozosi ham bu. AQSh kuchlari Afg‘onistonni tark etgach, Xitoy bu yerni bo‘shliq sifatida qabul qilib, bu yerlarda Xitoy ta’siri bo‘lishi kerak degan strategiya ishlab chiqishi lozim edi.

Yana bir narsa bor: AQSh va Rossiyadan farqli ravishda Xitoy Afg‘oniston bilan bevosita chegaradosh. Bu omil Xitoy uchun iqtisodiy va strategik xavfsizlik nuqtai nazardan ham muhim. Ishonch yorlig‘i qabul qilinishi tan olishni anglatmaydi hali, bu haqida Xitoy rasmiylari ham aytdi. Xitoy TIV matbuot kotibi tan olishning asosiy sharti inklyuziv hukumat tuzilishi va terrorizmga qarshi kurash ekanini aytdi.

Bu ikki shart juda muhim. Inklyuziv hukumat degani mintaqaviy konsensus bilan bog‘liq. Xitoy kuzatyaptiki, Afg‘oniston masalasida mintaqaviy konsensusga erishilmadi. Shunday sharoitda Xitoy o‘zi “Tolibon” bilan yaqinlashish yo‘lidan boryapti. Boshqacha aytganda, “Tolibon”ga nisbatan siyosati “avval iqtisod, keyin siyosat” degan tamoyildan boryapti.

Kamoliddin Rabbimov: — Hokimiyatga “Tolibon” kelgach, Afg‘oniston geosiyosatda to‘liq Xitoy o‘z oldiga minimum va maksimum vazifalarni qo‘ygan edi. 20 yillik urushda AQSh, kollektiv G‘arbda “Tolibon” yoki Afg‘onistondagi jihodiy guruhlarni Xitoyga qarshi qo‘yish harakatlari bo‘ldi, ya’ni shunday ma’lumotlar keng tarqalgan. Xitoy bundan qo‘rqadi, chunki Xitoyning beshdan bir qismini tashkil etuvchi Uyg‘uristonda musulmonlar yashaydi, Islom dinini qarshilik ko‘rsatish mafkurasi sifatida Xitoyning parchalanishidan Xitoy qo‘rqadi. Shuning uchun ham “Tolibon” Xitoyga qarshi dushman bo‘lmasligi kerak, degan vazifa qo‘yilgan. Xitoyning “Tolibon”ga nisbatan diplomatiyasi ancha ehtiyotkor, til topishishga urinadi.

Bu yerda global kontekst bor. “Tolibon”ning oldiga inklyuziv hukumat tuzish vazifasini qo‘yish bo‘yicha rasmiy va norasmiy kelishuvlar bor. To‘g‘ri talab bu. Ko‘p millatli, ko‘p mazhabli aholi yashaydigan Afg‘onistonda inklyuziv hukumat bo‘lishi muhim. Bugungi “Tolibon” bir tarkibli hokimiyat, etnik pushtunlarning ulushi juda katta. Global maydonda G‘arb va Rossiya, Xitoy va G‘arb o‘rtasida geosiyosiy kurashlar ketyapti. “Tolibon”ni kim birinchi bo‘lib qolganlarni inkor qilgan holda tan olar ekan, degan masala ham turibdi kun tartibida.

Xitoyning maqsadi mintaqaviy konsensusga ko‘ra, tan olmay turish emas, balki “Tolibon”ga ta’sir richaglarini saqlash uchun tan olmay turibdi deb o‘ylayman.

— Xitoyning bu qadami Markaziy Osiyo va global miqyosdagi siyosiy dinamikalarga qanday ta’sir o‘tkazadi?

Suxrob Bo‘ronov: — Xitoyning bu harakati – de-fakto qadam. Ishonch yorlig‘ini qabul qilgan yagona davlat bo‘lib turibdi. Global darajadagi yana bir jihati bor, yaqinda Doha konferensiyasi o‘tkaziladi, unda Afg‘onistonga daxldor bo‘lgan davlatlar vakillari ishtirok etadi. Bu konferensiyada Afg‘oniston bo‘yicha konsensusga erishish ko‘zda tutilgan, davlatlar o‘z pozitsiyasini muzokaralar orqali aniqlashtirishga harakat qilyapti. Xitoy mana shu konferensiyadan oldin o‘z pozitsiyasini ko‘rsatib qo‘ymoqchidek. Lekin mintaqaviy konsensus masalasi qiyin bo‘lib turibdi, Eron, Pokiston kabi davlatlar ham inklyuziv hukumat tuzish talabini qo‘yyapti. Eron manfaatlarida muhim rol o‘ynovchi hazoralar bor, ular ham hukumat tarkibida bo‘lishini istaydi Eron. Pokiston 1,7 mln qochoqlarni deport qildi, bu esa mintaqaviy konsensus qiyin bo‘layotganini bildiradi. Markaziy Osiyo davlatlari esa vaziyatni kuzatyapti ko‘proq, Doha konferensiyasidan keyin ko‘p masalalar oydinlashadi.

— Pokistondan deportatsiya qilinganlar O‘zbekiston bilan chegara hududlarga joylashtirilyapti, degan xabarlar ham bor. Bu qanchalik haqiqatga yaqin?

Suxrob Bo‘ronov: — Bunday xabarlar bor, ammo tasdiqlash imkoni yo‘q. Lekin aytish kerakki, Afg‘onistonda pushtunlashtirish siyosati davom etyapti, ya’ni ularni maxsus joylashtirish, shimolga ko‘chirish davom etyapti.

— Xitoyning bu qadami AQSh va Rossiyaning Afg‘oniston bo‘yicha siyosatiga ta’sir qiladimi?

Kamoliddin Rabbimov: — O‘ylashimcha, ma’lum bir ta’siri bo‘ladi. Lekin Xitoy “Tolibon”ni tan olishga shoshilmaydi, yuqorida aytganimdek, ta’sir vositasi sifatida. Agar Rossiya “Tolibon”ga G‘arb bilan aloqalarni cheklash yoki shunga o‘xshash shart qo‘yayotgan bo‘lsa, Rossiya ham “Tolibon”ni tan olishga shoshilmaydi. Qolaversa, Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi ma’lum bir tafovut ko‘zga tashlanib qolishi mumkin.

Dekabr oyida Qozog‘iston “Tolibon”ni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqardi. Chunki Qozog‘iston Afg‘onistondagi barqarorlikdan manfaatdor, O‘zbekiston ham. Qozog‘istonning Afg‘oniston orqali o‘tuvchi tranzit yo‘llariga kuchli qiziqyapti, chunki bu Rossiyani cheklab o‘tish imkonini beradi. Qozog‘iston va O‘zbekiston uchun Afg‘oniston tinchligi muhim, bu geosiyosiy mustaqillikni mustahkamlashga imkon beradi.

AQSh uchun Afg‘onistondagi vaziyat tashqi siyosatida 3-o‘ringa tushib qoldi. Kollektiv G‘arb shartlarini aytgan, Afg‘onistondan chiqib ketib bo‘lishgan, shuning uchun bu yerda yo‘qotadigan narsalari yo‘q. Afg‘oniston uchun muhim narsalardan biri G‘arb tomonidan muzlatilgan Afg‘oniston mablag‘lari. “Tolibon”ni tan olmaslik, legitimlik bermaslik oxirgi kuchli ta’sir vositasi sifatida saqlab qolinyapti.

Suxrob Bo‘ronov: — Katta davlatlarning pozitsiyasi har xil. AQSh tomoni Xitoyning “Tolibon” bilan aloqalari to‘g‘risida qarashlarini e’lon qilib, Vashingtonning “Tolibon” bilan bog‘liq siyosati o‘zgarmasligini aytdi. Ammo o‘zgaradi deb o‘ylayman, chunki AQShning e’tiborini Yaqin Sharqdan yana Afg‘onistonga qaratish uchun qadamlar bo‘lyapti, Tramp ham o‘z chiqishlarida aytyapti. Yana bir sababi Doha konferensiyasi bo‘lishi mumkin.

O‘ylashimcha, Afg‘onistonda yaqin kelajakda xavfsizlik masalasi chigal bo‘lib turibdi. Chunki BMT Xavfsizlik kengashining yanvar oyi bo‘yicha hisobotida Afg‘onistondagi turli guruhlar haqida aniq ma’lumotlar keltirilgan. Afg‘onistonni boshqariladigan beqarorlik maydoniga aylantirish ehtimollari ham mavjud, menimcha.

— Afg‘onistonda tinchlik bo‘lishini xohlayotgan, “Tolibon” bilan kelishayotgan tomonlar AQShning yana Afg‘onistonga kirishiga yo‘l qo‘yadimi?

Kamoliddin Rabbimov: — Tramp Afg‘onistonga qaytish haqida aytyapti, lekin bunday bo‘lishi ehtimoli juda kam, menimcha. Birinchidan, AQSh Afg‘onistonda 20 yil urushib, oldiga qo‘ygan 3 ta vazifaning ba’zilariga vaqtincha erishdi, ba’zilariga umuman erisholmadi. 2021 yilda esa bu vazifalar umuman bajarilmagan edi. “Tolibon” AQSh qaytishiga rozi bo‘lmaydi. Bunday vaziyatda kuch ishlatishga to‘g‘ri keladi, buning uchun Kongress ruxsati kerak bo‘ladi. Ammo AQShda yangi konsensus shakllangan, musulmon dunyosiga bostirib borishni ma’qullashmaydi.

Suxrob Bo‘ronov: — AQShning bilvosita ta’sir vositalari ko‘p. Afg‘onistonni qayta tiklash bo‘yicha tashkilot bosh inspektori Jon Sokaning ma’lumotiga ko‘ra, AQShning turli NNTlari Afg‘onistonga 3 mlrd dollar mablag‘ kiritilgan. Bundan tashqari, harbiy jihatdan qo‘llovlar ham davom etyapti.

— Xitoyning ushbu qarori BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan qanday qabul qilinadi?

Kamoliddin Rabbimov: — BMT ichidagi tashkilotlar bilan “Tolibon” o‘rtasida sekin-sekin yaqinlashish bo‘lyapti. BMTning “Tolibon”ga asosiy sharti xotin-qizlar huquqini ta’minlash, etnik kamchiliklar huquqini himoya qilish kabilar. “Tolibon”ga muttasil tarzda signal berilyapti. “Tolibon”ning ichida mana shu shartlarni anglash, amalga oshirish borasida ziddiyatlar bor. O‘ng kuchlar bu shartlarni qabul qilmoqchi emas, so‘l tomon esa bu shartlarni qabul qilishga tayyor. “Tolibon”ni tan olmasdan, unga ta’sir o‘tkazish foyda berishi mumkin. Lekin qaysidir davlat shartlar bajarilmasidan tan olsa ham, BMT qarshilik qilolmaydi, bu davlatlarning ichki masalasi.

Suxrob Bo‘ronov: — BMT “Tolibon”ni terroristik tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan, shuning uchun uning ovozi sifatida BMTga ta’siri kuchli bo‘lgan davlatlar gapiryapti, xususan, AQSh.

— Xitoyning bu xatti-harakatlari yangi bir sahifa ochadimi?

Kamoliddin Rabbimov: — “Tolibon” siyosiy hokimiyatini rasman tan olmasdan elchi yuboryapti va elchi qabul qilyapti. Bu ma’lum bir diplomatik, xalqaro huquqiy kolleziyani shakllantiradi. Xalqaro vaziyatdan kelib chiqib, Xitoy Afg‘onistondagi vaziyatga qarab turolmayman, qo‘ygan shartlarim bor, vaziyat xavotirga bo‘ladi, de-fakto aloqada bo‘laman, lekin “Tolibon” siyosiy tuzumini legitim sifatida tan olmayman, degan pozitsiyada.

Suxrob Bo‘ronov: — Xitoyning “Bir makon – bir yo‘l” loyihasida Afg‘oniston tranziti muhim rol o‘ynaydi. Lekin xavfsizlik kafolati muammolari bor, shu muammolar tufayli Xitoy bosqichma-bosqich bu jarayonga kirishmoqchi. Xitoy strategiyasi Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo bilan ham bog‘liq, chunki 3 ta yo‘lakdan ko‘ra Afg‘onistondan o‘tkazish Xitoy uchun maqbul variant.

Hozir “Tolibon” ustidan savdo siyosati ketyapti, ya’ni global va mintaqaviy kuch markazlari “Tolibon”ni o‘ziga og‘dirishga harakat qilyapti. Shu ma’noda bu kuchlar ma’lum bir signallar, mujdalar berishga harakat qilyapti, birinchisi esa Xitoy bo‘ldi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid