Fan-texnika | 16:11 / 07.02.2024
46887
5 daqiqa o‘qiladi

Apple'ning virtual reallik shlemi – Vision Pro nimasi bilan odamlarni hayratga solmoqda?

Apple Vision Pro AQShda 3499 dollar boshlang‘ich narx bilan sotuvga chiqarildi. Narx ancha qimmat bo‘lishiga qaramay, mahsulotning birinchi partiyasi bir soat ichida to‘liq sotilgan. Qurilmada qo‘shimcha boshqaruv aksessuari yo‘q, virtual ekranda ko‘rinadigan obektlar ko‘z, ovoz va barmoqlar orqali boshqariladi.

Foto: AP

Apple kompaniyasi o‘zining yangi mahsuloti – Vision Pro virtual reallik shlemini sotuvga chiqardi. Hozircha faqat AQShda va 200 ming dona cheklangan miqdorda. Qurilma uchun belgilangan qimmat narx – 3500 dollar ham ommaviy talabga ta’sir qilmadi va mahsulotning birinchi partiyasi bir soat ichida to‘liq sotildi.

Apple Vision Pro nima?

O‘yin, ish va boshqa ko‘ngilochar maqsadlarga xizmat qiladigan bu jihoz virtual voqelik olamida katta burilish yasashi kutilyapti. Uning qo‘shimcha boshqaruv aksessuari yo‘q. Bu gadjet orqali uzoq vaqtdan beri kinolardagina aks etgan jarayon haqiqatga aylandi. Uydan chiqmasdan turib dunyoni aylanib chiqish, kinoteatrga bormasdan o‘sha yerdagi muhitni his qilib kino ko‘rish mumkin.

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

Publikatsiya ot Kun.uz (@kun.uz)

Qurilmadagi to‘liq 3 o‘lchovli interfeys foydalanuvchining qo‘llari, ko‘zlari va ovozi yordamida boshqariladi. Asosiy boshqaruv ko‘z harakatlari orqali amalga oshiriladi. Obektlarga qaralganda ular turgan o‘rnidan biroz siljiydi va kattalashadi. Klaviatura kerak bo‘lganda esa virtual shaklda paydo bo‘ladi. Ilova oynalarini xuddi real obektlar kabi surish, ko‘tarish, ularni istagan o‘lchamda kattalashtirish yoki kichraytirish mumkin.

Umuman olganda, Vision Pro kabi ko‘zoynaklar yangilik emas, Meta va Microsoft kabi kompaniyalar ham ularning ancha arzonroq versiyasini allaqachon taqdim qilib ulgurishgan. Biroq bu mahsulotlar kutilganidek sifatli bo‘lib chiqmadi. Vision Pro qurilmasining Apple mahsulotlari bilan sinxronlashuvi uning ommalashuviga yordam berishi prognoz qilinmoqda.

Apple Vision Pro narxlari

Virtual reallik shlemining AQShdagi boshlang‘ich bahosi 3499 dollardan boshlanadi. Narxlar texnik imkoniyatlardan kelib chiqib, quyidagicha o‘zgaradi:

  • 256 GB xotiraga ega Apple Vision Pro – 3499 dollar;
  • 512 GB xotiraga ega Apple Vision Pro – 3699 dollar;
  • 1 TB xotiraga ega Apple Vision Pro – 3899 dollar.

Texnik xususiyatlari

Qurilmaga 2 ta 3D mikro OLED displeylari o‘rnatilgan. Moslashuvchan yangilash tezligi 90, 96, 100 Gs. Vision Pro Apple kompaniyasining o‘zi ishlab chiqaradigan ikkita chip – Macbook’larga o‘rnatilgan M2 va yangi qurilma uchun maxsus yaratilgan R1’da ishlaydi. Chiplardan biri gadjet ishlashi uchun, ikkinchisi esa barcha sensorlar, 12 ta kamera va 6 ta mikrofondan olingan ma’lumotlarni qayta ishlash uchun kerak.

Qurilma 3166 mA·s quvvatli akkumulyator bilan jihozlangan, 30 W zaryadlash rejimi mavjud. Quvvati 2,5 soatgacha video tomosha qilishga yetadi, uzoq vaqt davomida ishlatish uchun uni to‘g‘ridan to‘g‘ri zaryadlashga ulab ham foydalanish mumkin.

Xotirasi: 256 GB, 512 GB va 1 TB. Garniturani iloji boricha yengil qilish uchun Vision Pro korpusi maxsus alyuminiy qotishmasidan yasalgan. Bosh bandi yumshoq va osongina boshga mos keladigan tarzda sozlanadi. Ovoz modullari bosh bandiga o‘rnatilgan — har ikki tomonda ikkita dinamik mavjud, buning natijasida tiniq ovoz ta’minlanadi. Qurilmada rasm va videoga olish uchun tugmacha hamda virtual muhit o‘lchamini boshqarish uchun g‘ildirakli tugmacha mavjud. Og‘irligi: garniturasi – 650 g, batareyasi – 350 g.

Xavfsizlik Optic ID tizimi orqali ta’minlanadi. Bu tizim foydalanuvchi shaxsini uning nigohi orqali aniqlaydi. Bundan tashqari, Apple EyeSight funksiyasini qo‘shgan, bu tasvirni quloqchin ichida joylashgan kameralardan tashqi displeyga translatsiya qilish imkonini beradi. Shu tariqa tashqaridagilar mazkur qurilmani ishlatayotgan odamning reaksiyalarini ko‘rishlari mumkin.

Mavzuga oid