“Bolamning sumkasi o‘zidan og‘ir” – maktab o‘quvchisi sumkasi og‘irligi qancha bo‘lishi kerak?
Bolalar ko‘taradigan maktab sumkasi ularning tana vaznining 10 foizi atrofida bo‘lishi kerak. Lekin maqola uchun fikri o‘rganilgan ota-onalar bolalarining sumkalari me’yordan ancha og‘ir ekanini aytishdi. Bu yelka, bo‘yin og‘riqlari, qomat buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ayrim ota-onalar ayni sumka og‘irligi uchun ham bolalarini maktabga o‘zlari olib borib-kelishga majbur.
Maktab o‘quvchilari har kuni turli og‘irlikdagi sumkalari bilan maktabga boradi. Maktab sumkasi birinchi sinfdan to bitiruvchi sinf bo‘lgunga qadar bolalarga hamrohlik qiladi. Bu sumkalar oliygohlarga kirganda kichrayib faqat daftarlar va noutbukdan iborat bo‘lib qolishi mumkin. Lekin bola rivojlanishining eng muhim bosqichlaridan biri bo‘lgan maktab davrida hamma bolalar og‘irgina sumkalarni ko‘tarib yurishi kerak.
O‘quvchi sumkasining ideal og‘irligi qancha?
Tadqiqotchilarga ko‘ra, bola taqadigan sumkaning og‘irligi uning tana vaznining 10 foizidan oshmasligi kerak. Masalan, O‘zbekistonda bolalar 7 yoshda maktabga chiqishadi va bu paytda ularning o‘rtacha tana vazni 23 kgni tashkil qiladi. Demak, ular uchun o‘rtacha 2,3 kgli sumka ko‘tarish me’yor hisoblanadi. 10 yoshli bola (4-sinf o‘quvchisi) esa o‘rtacha 32 kg bo‘ladi. Uning sumkasi esa 3,2 kg atrofida bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, sumkalarning og‘irligi yana bir qancha omillar bilan belgilanadi:
- Bolaning jismoniy holati;
- U sumkani ko‘tarib yuradigan vaqt va masofa;
- Sumkaning sifati.
Og‘ir sumka bola sog‘ligiga yomon ta’sir qiladimi?
Doimiy og‘ir sumka bilan maktabga qatnash bolaning orqa va bo‘yin qismida og‘riq, yelkasida esa noqulaylik hissiga sabab bo‘lishi, charchoq kuchayishiga olib kelishi mumkin.
Amerikalik pediatr Bredli Vaynbergning so‘zlariga ko‘ra, og‘ir sumka taqib yurish:
- Bolaning qomati holati va harakat muvozanati o‘zgarishi sababli orqa va bo‘yin og‘rig‘i rivojlanishiga olib kelishi;
- Bola muvozanatiga salbiy ta’sir qilishi sababli yiqilish va boshqa jarohatlarga olib kelishi mumkin.
Bundan tashqari, mushak-skelet tizimida og‘riq, noto‘g‘ri tana tuzilishi ham og‘ir sumka ko‘tarish sabab ro‘y berishi mumkin.
Bolalarning o‘sish plitalari sumka og‘irligi sabab ortiqcha stressdan ta’sirlanishi mumkin. Bu bilan ularning bo‘y o‘sishi to‘xtamaydi. Lekin keyinchalik artritning erta boshlanishiga olib kelishi mumkin.
Og‘ir sumkalarga oid bir maqolada 12-14 yoshli bolalarda umurtqa pog‘onasi o‘sishining muhim bosqichi ro‘y beradi, shuning uchun bu yoshdagi bolalarda qo‘shimcha ehtiyot choralarini amalga oshirish kerakligi aytiladi.
O‘zbekistonda bolalarning sumkasi og‘irmi?
Maqola uchun maktab sumkalari haqida ota-onalar fikri o‘rganildi. Ularga ko‘ra, maktabda o‘qiydigan bolalarining sumkalari ancha og‘ir.
Onalardan birining yozishicha, 1-sinf qizining vazni 19 kilogramm, sumkasi 4-5 kilo atrofida. 4-sinf o‘g‘lining sumkasi ham o‘zining tana vazniga nisbatan anchayin og‘ir.
- "O‘g‘lim 4-sinf. Papkasining og‘irligidan mening yelkam og‘rib ketadi to maktabiga olib borguncha", deydi onalardan biri. "Qizim 7-sinf, sumkasi zil-zambil. Shanbadan tashqari qolgan kunlari 6 soat dars bo‘ladi, kitoblarining hajmi katta, hajmi noqulay", deydi yana boshqa bir ona. Yana bir onaning fikriga ko‘ra, bolasi 4-sinfda o‘qiydi, sumkasini o‘zi zinadan olib chiqib bermasa, ko‘tara olmaydi.
- "Qizim 7-sinfda o‘qiydi, sumkasini kecha maktabga tayyorlab qo‘ygan payti o‘lchadik, 8,5 kg chiqdi. 6 ta kitob, daftarlari va o‘ziga kerakli qo‘shimcha narsalari bilan shuncha og‘irlikda bo‘larkan".
- "3-sinf qizimning sumkasi 6-7 kg chiqadi. Haliyam maktabga ertalab dadasi olib borib qo‘yadi. Lekin qaytishda o‘zi ko‘tarib kelishi kerak".
- "5-sinf qizimning sumkasida tosh borga o‘xshaydi. "Qanday ko‘tarasan?", desam, "Og‘irmas" deydi. Lekin ancha og‘ir".
- "Qizimning jussasi kichikroq, 3-sinf, vazni 26 kg. Sumkasini o‘lchasam 6,5 kg chiqdi. Haliyam bugun kamroq narsa olib ketadigan kuni ekan".
- "Qizim 9 yosh, sumkasi anchagina og‘ir, undan tashqari musiqa maktabi uchun darsliklarini solsa va skripkasini ham olsa, yuki undanam og‘ir bo‘lib ketadi".
Ba’zi onalarning aytishicha, ular bolasining sumkasi og‘irligi uchun ham o‘zi maktabga olib borib, olib keladi.
AQShda yashovchi o‘zbek onasi esa bolalari maktabga darsliklar olib bormasligini, dars vaqti Ipod’dan foydalanilishini, bolalar maktabdan faqat o‘ziga qiziq bo‘lgan biror kitobni uyda o‘qish uchun olib kelishini, shuning uchun ham sumkalari og‘ir emasligini bildirdi.
Darsliklar hajmiga talab bormi?
Maktab o‘quvchilarining sumkasida, asosan, darsliklar va daftarlar bo‘ladi. Qonunchilik bo‘yicha esa darsliklar og‘irligi uchun me’yorlar belgilangan. Unga ko‘ra, darslik vazni:
- 1-4-sinflar uchun 300 grammdan;
- 5-6-sinflar uchun 400 grammdan;
- 7-9-sinflar uchun 500 grammdan;
- 10-11-sinflar uchun esa 600 grammdan oshmasligi kerak.
Masalan, 7-sinf o‘quvchisi bir kunda 6 ta darslikni o‘zi bilan maktabga olib borsa, faqat darsliklarning o‘zi 3 kg bo‘ladi. Qo‘shimcha daftarlar va ruchkalar, sumkaning o‘zining og‘irligi, o‘quvchi o‘zi bilan olib boradigan suv va tushlik (agar olib borsa) qo‘shilsa, bola uchun anchayin og‘ir kilogramm hosil bo‘lishi mumkin.
Sumkalar og‘irligini qanday kamaytirish mumkin?
Bolalarga orqaga taqiladigan oddiy sumka o‘rniga aravachali sumkalar olib berish mumkin. Bunday sumkalarning og‘irligi bola tana vaznining 20 foizigacha bo‘lsa ham bolaga noqulaylik tug‘dirmaydi. Lekin har doim ham aravachali sumkalar yechim bo‘lmasligi mumkin. Sababi qor va yomg‘irli havoda ular bilan maktabga borish noqulay. Bundan tashqari, qishloq hududlarida maktabga boradigan bolajonlar uchun aravacha surishga mos yo‘laklar bor-yo‘qligi ham savol ostida.
Ryukzakni tanlashda esa uning tuzilishiga alohida ahamiyat berish kerak. Yelkaga osiladigan tasmalari keng bo‘lishi muhim. Ensiz tasmali ryukzaklar og‘ir bo‘lganda yelkaga botadi va og‘riq paydo qilishi mumkin. Ryukzaklar hajmi belning pastki qismidan ensiz, ko‘krak aylanasidan enliroq bo‘lmasligi kerak. Shuningdek, ular tikilgan mato, sumkaning hajmi yengil ekaniga ham e’tibor qaratish kerak.
Yana bolaning sumkasini muntazam tekshirib, undan ortiqcha narsalarni olib tashlash va faqat eng keraklilarini qoldirish zarur.
Turli davlatlarda o‘quvchilar sumkasi og‘ir bo‘lib ketmasligi uchun sinf shkaflaridan foydalaniladi. Lekin O‘zbekistonda umumta’lim maktablarida bolalar darslik va boshqa kerakli narsalarini maktabda qoldirib ketishi odatiy holat emas.
Bolalar og‘irini yengil qiladigan biror ish qilish mumkinmi?
Ehtimol, bu mavzu kichik va ahamiyatli emasdek tuyulishi mumkin, lekin mavzu haftasiga 5-6 kun belgilangan me’yordan 2 barobar og‘ir sumkani taqib maktabga ketadigan o‘sish yoshidagi bolalar sog‘ligi haqida. Bolalar salomatligi, ularning kelajakda yelka, bo‘yin yoki bel og‘rig‘idan aziyat chekmasligi, xunuk qomatli odamga aylanmasligi uchun nafaqat ota-onalar, balki ularga mas’ul va aloqador bo‘lgan har qaysi bo‘g‘in bosh qotirishi kerak.
Maktablarda har bir sinfxonada o‘quvchilar uchun kichik shkaflar o‘rnatish, darsda ba’zi darsliklarning elektron tarzda (bunda ham o‘quvchining ko‘zi zararlanmasligi va boshqa xavfsizlik masalalarini jiddiy o‘rganib chiqishga to‘g‘ri kelishi mumkin) bo‘lishiga ruxsat berish va balki yana boshqa yechimlar topishga urinib ko‘rish mumkin.
Mavzuga oid
13:56 / 22.11.2024
O‘zbekistonda har yetti o‘quvchidan kamida bittasi maktabda o‘zini xavfsiz his qilmaydi, nega?
12:10 / 24.10.2024
O‘quvchilar ota-onalari qaysi mahsulot iste’moliga ruxsat bermasligi aytildi
12:58 / 17.10.2024
Sirdaryoda 1-sinf o‘quvchisi igna sanchish bilan jazolanayotgani aytilmoqda
12:10 / 10.10.2024