O‘zbekiston | 18:38 / 07.02.2024
8368
2 daqiqa o‘qiladi

Organ xodimlarining tasvirlarini tarqatish masalasi yalpi majlisda ko‘rilishi mumkin - Senat

Senat ixtiyoridagi 60 kunlik muddat deyarli tugadi. Yuqori palata axborot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, hozirda yalpi majlisga tayyorgarlik ketyapti va uning kun tartibiga bu qonun ham kiritilishi ehtimoli katta.

Foto: Kun.uz

Huquq-tartibot organlari xodimlarining foto va videolarini ularni obro‘sizlantirish maqsadida internetda tarqatganlik uchun jazo belgilashni ko‘zda tutuvchi qonun Senatning tegishli qo‘mitalarida ko‘rib chiqilayotgan edi.

Kun.uz qonunning taqdiriga qiziqib, yuqori palata axborot xizmati rahbari Hojiakbar To‘laganov bilan bog‘landi. Uning aytishicha, qonun hali ham Senatda, navbatdagi yalpi majlisda ko‘rib chiqilishi mumkin.

Hozir yalpi majlisga tayyorgarlik ketyapti, tez orada ko‘rib chiqiladi. Yalpi majlisdan oldin Senat kengashining majlisi bo‘ladi va shunda Senatning navbatdagi yalpi majlisini chaqirish haqida qaror qabul qilinadi.

Bu masala kengash majlisi bo‘lib o‘tmasidan avval aniq ko‘riladi deb ayta olmayman. Kengash majlisi o‘tkazilgan kuni hammasi ma’lum bo‘ladi. [Qonunning] ko‘rilmasligidan, ko‘rilishining ehtimoli juda katta”, – deya ma’lum qildi tahririyat muxbiriga.

Eslatib o‘tamiz, qonun loyihasi 2023 yil 28 noyabrda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan.

Quyi palata qaroriga ko‘ra, qonun Senatga kelib tushgan kundan e’tiboran 60 kun ichida yuqori palataning qarori qabul qilinmagan taqdirda, prezidentga yuborilishi ko‘zda tutilgan. Qonun o‘tgan yili 5 dekabr sanasida Qonunchilik palatasidan Senatga yuborilgan.

Ammo Senatga qaysi sanada kelib tushgani ma’lum emas. Oradan o‘tgan vaqt davomida qonun Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida muhokama qilinganiga qaramay (ilk marta bu haqda 11 yanvarda xabar berildi), yalpi majlislarda ko‘rib chiqilmadi. Parlament yuqori palatasining navbatdagi yalpi majlisi sanasi hozircha ma’lum emas.

Mavzuga oid