O‘zbekiston | 17:39 / 07.02.2024
3870
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 2023 yilda 9 131 kishi oilaviy zo‘ravonlik qilgani uchun jazoga tortilgani ma’lum bo‘ldi

Ularning 203 nafari Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi bilan sudlanib, 59 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

O‘zbekistonda 2023 yilda oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilgani uchun jazoga tortilganlar soni ochiqlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2023 yilning 12 aprel kunidan yil oxirigacha Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi bilan 203 nafar shaxs sudlanib, ularning 59 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 144 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-2-moddasi bilan esa 8 928 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Ularning 5 229 nafariga jarima jazosi, 3 699 nafariga ma’muriy qamoq jazosi qo‘llangan.

Eslatib o‘tamiz, prezident tomonidan 2023 yil 11 aprelda imzolangan, ayollar va bolalar huquqlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonunga muvofiq Jinoyat kodeksi 126-1-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 59-2-moddasi bilan to‘ldirilgandi.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan mazkur to‘ldirishda oilaviy zo‘ravonlik – xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, ta’lim olish huquqini, sog‘liqni saqlash yoki mehnatga oid huquqni amalga oshirishga to‘sqinlik qilish, mol-mulkka va shaxsiy ashyolarga qasddan shikast yetkazish, ushbu shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish 6 mln so‘mdan 21 mln so‘mgacha jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan. Agar bu harakatlar og‘irlashtiruvchi holatlarda sodir etilsa, 3 yildan 12 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra esa oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun 3 mln so‘mdan 6 mln so‘mgacha jarima yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoq belgilangan.

Mavzuga oid