O‘zbekiston | 18:04 / 08.02.2024
13693
4 daqiqa o‘qiladi

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi qalbaki dorilar sotuvga chiqarilganidan ogohlantirdi

Namanganda feldsher tayyorlab sotgan «Zodak», «Anaferon», «Xilak Forte» va «Vitamin B6» nomli qalbaki dorilar Andijon, Farg‘ona va Toshkent shaharlaridagi dorixonalarda sotuvga chiqarilgani ma’lum bo‘ldi.  

Foto: Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi yashirin sex sharoitida tayyorlangan qalbaki dorilar sotuvga chiqarilganidan ogohlantirdi

Ma’lum qilinishicha, DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Chortoq tuman tez yordam bo‘limi feldsheri tomonidan yashirin sex sharoitida tayyorlangan “Zodak”, “Anaferon”, “Xilak Forte” va “Vitamin B6” nomli qalbaki dori vositalari Andijon, Farg‘ona va Toshkent shaharlaridagi dorixonalarda sotuvga chiqarilgani aniqlangan.  

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi O‘zbekiston hududida dori vositalari va tibbiyot buyumlarning ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi (idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar) barcha tashkilotlarni ogohlikka chaqirdi.

“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risidagi qonun va qonunosti hujjatlariga, shuningdek, dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga majburiy rioya etish farmatsevtika sohasida litsenziya talablari va shartlari etib belgilangan.

“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 20-moddasiga muvofiq, sifatsiz, qalbakilashtirilgan, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, chakana realizatsiya qilish hamda ulardan foydalanish taqiqlanadi.

Shu o‘rinda, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida yagona nizom”ga muvofiq, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan, sifatsiz, qalbakilashtirilgan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini saqlash va (yoki) realizatsiya qilish litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanib, litsenziyaning amal qilishini belgilangan tartibda to‘xtatilishiga olib kelishini eslatib o‘tamiz.

Yuqoridagilarga asosan, mazkur litsenziya talablari va shartlarini buzgan dori vositalari va tibbiy buyumlarning ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi (idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar) barcha tashkilotlarni faoliyat uchun berilgan litsenziyasi bekor qilinib, qat’iy choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantiramiz”, deyiladi markaz xabarida.

Oldinroq DXX Namangan viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Zodak», «Anaferon», «Xilak Forte» va «Vitamin B6» nomli qalbaki dori vositalarini tayyorlash hamda sotish bilan shug‘ullangan feldsherni qo‘lga olgandi. Chortoq tuman Tibbiyot birlashmasining tez yordam bo‘limi feldsheri 1000 dona qalbaki «Zodak» dori vositasini Andijon viloyatiga sotish maqsadida olib ketmoqchi bo‘lgan vaqtida ushlangan. Uning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda dori vositalari ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan yashirin sex borligi aniqlanib, 763 dona «Anaferon», 2125 dona «Zodak», 4000 dona «Vitamin B6» dori vositalari, 570 dona nomsiz flakonlarda siroplar, dori vositalarini qadoqlashda foydalaniladigan flakonlar, qutilar, yo‘riqnoma va yorliqlar protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 186-3-moddasi 2-qismi «b» va «e» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, feldsherga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Mavzuga oid