O‘zbekiston | 19:03 / 08.02.2024
5575
3 daqiqa o‘qiladi

Parlamentda avia va temiryo‘l chiptalari xaridida tanish-bilishchilik holatlari borligi qayd etildi

Shu bilan birga, vagonlarda birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsata oluvchi mutaxassislar yo‘qligi, shahar atrofidagi hududlarga harakatlanuvchi zamonaviy tezyurar elektropoyezdlar qatnovi hanuzgacha yetarli darajada tashkil etilmagani tanqid qilindi. 

Foto: O‘zA

Avia va temiryo‘l transporti uchun chipta xarid qilish jarayonida inson omili hanuz yuqori, korrupsion va tanish-bilishchilik holatlari bor. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan Transport vazirligining «Avia va temir yo‘l transportlarida fuqarolarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi axboroti eshituvida aytib o‘tildi. 

Qayd qilinishicha, shu bilan birga, vagonlarda birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsata oluvchi mutaxassislar yo‘q, shahar atrofidagi hududlarga harakatlanuvchi zamonaviy tezyurar elektropoyezdlar qatnovi hanuzgacha yetarli darajada tashkil etilmagan. 

Bundan tashqari, charter va muntazam parvozlarni amalga oshirish hamda xorijiy aviatashuvchilarni O‘zbekiston aviatashuvlar bozoriga jalb etish bo‘yicha mezonlarning mukammal emasligi, fuqaro aviatsiyasi sohasini raqamlashtirish va o‘zaro integratsiyalashda mezonlarning belgilanmagani bo‘yicha e’tirozlar bildirildi. 

Eshituvda xalq vakillari avia va temiryo‘l transportlariga bo‘lgan talab kundan-kunga oshib borayotganini qayd etib, avia va temiryo‘l tizimida tashuvchilarning qonunchilikda majburiyatlari va javobgarligini aniq belgilash, sohaga xususiy sektor va xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish bo‘yicha mutasaddilarga bir qator takliflarni berdi. 

Ma’lum qilinishicha, 2023 yilda O‘zbekistondagi 11 ta xalqaro aeroport va uchish-qo‘nish maydonchalari orqali 85 ming 702 ta aviaqatnov amalga oshirilib, 10 mln 409 ming yo‘lovchiga, 70,870 ming tonna yuk va pochtaga xizmat ko‘rsatilgan. Aviakompaniyalar soni 9 tadan 15 taga yetkazilgan. Shuningdek, milliy aviaparkka xorijdan 28 ta havo kemasi keltirilgan, ularning umumiy soni 75 taga yetgan. 

Bundan tashqari, 2023 yilda temiryo‘l transportida mahalliy yo‘lovchilarni tashish yo‘nalishlari 6 taga oshirilib, 29 taga yetkazilgan. Mazkur yo‘nalishlarda 44 ta yo‘lovchi poyezd harakatlangan bo‘lib, shulardan 6 tasi yuqori tezlikda harakatlanuvchi, 6 tasi tezyurar, 16 tasi yo‘lovchi poyezdlari hamda 18 tasi shahar atrofida harakatlanuvchi elektropoyezdlardir.

Mavzuga oid